Moskva bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo bugun naqadar ehtiyotkor?

Toshkent, 26-may, 2024

O´zbekistonni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga chaqirayotgan Rossiyada markaziy osiyolik muhojirlarga bosim oshib bormoqda. Mintaqa hukumatlari fuqarolariga u yerga bormaslikni maslahat beradi, xususan Yevrosiyo ittifoqi a’zosi Qirg’iziston.

Rossiyada muhojirlarga qarshi navbatdagi cheklovlar Duma muhokamasiga chiqarilar, mehnat migrantlariga nisbatan tazyiq kuchayar ekan, Tojikiston ham o’z fuqarolarini Rossiyaga bormang, deya ogohlantirdi.

O’zbekiston ham bungacha shunday murojaatlar bilan chiqqan, ammo Toshkentda Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin boshliq delegatsiya bilan muzokaralar o`tayotgan bir manzarada bunday qilmadi.

Vaholanki, Rossiya delegatsiyasi rahbari Mishustinning Prezident Shavkat Mirziyoyev va uning qizi va yordamchisi Saida Mirziyoyeva bilan uchrashuvlarida mehnat muhojirlari masalasi ham chetlab o’tilmagan.

Buni ham ko'ring Markaziy Osiyo bugun qanchalik birdam, hamjihat?

“Davlatimiz rahbari hududlar darajasida amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirish, jadal madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish, migratsiya sohasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim ekanini qayd etdi”, - deyiladi jumladan Mirziyoyev va Mishustin o’rtasidagi uchrashuv haqida rasmiy xabarda.

Ayni paytda Mirziyoyev ma’muriyati rahbari hisoblangan Saida Mirziyoyeva ham Rossiya Bosh vaziri bilan iqtisodiy, madaniy hamkorlik, mehnat muhojirligi masalasi muhokama qilgani haqida yozdi.

Ammo matbuotda Rossiyaga ishlagani borayotgan, va aeroportdagi tekshiruvlar ortidan orqaga qaytarilayotgan o’zbekistonliklar haqida ma’lumotlar oqimi davom etmoqda.

Kun.uz nashri Moskva aeroportida tekshirilayotgan, sababsiz deportatsiya qilinayotgan fuqarolarga O´zbekiston elchixonasi, konsulliklari ham yordam ko’rsata olmayotgani haqida yozadi.

Rossiya Bosh vaziri Mishustin boshliq delegatsiya bilan muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun qator tashabbuslar olg'a surilgan.

Ulardan diqqatlisi uchuvchisiz boshqariladigan apparatlar, dronlar ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish.

Rossiya Bosh vaziri taklifni berar ekan, fuqaro dronlari va butlovchi qismlarni nazarda tutgan.

“Yuqori texnologiyali polimer ishlab chiqarishni tashkil etish, uchuvchisiz uchadigan fuqarolik dronlari tizimlari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlarini o‘rganmoqdamiz”, - degan Mishustin.

Buni ham ko'ring Rossiya hukumati raisi Toshkentda nimalarni muhokama qildi?

Ayni paytda Rossiya armiyasi Ukraina urushida ishlatayotgan dronlarning aksariyati bu fuqarolik dronlari hisoblanadi.

O´zbekistonda ishlab chiqarilgan dronlar yoki ularning butlovchi qismlari Rossiya armiyasi ixtiyoriga jo’natilishi esa haqiqatga yaqin.

O´zbekiston tomoni, xususan Bosh vazir Abdulla Aripov ham bu taklif yuzasidan biror munosabat bildirmagan. Katta ehtimol bilan O´zbekiston uni sanksiyadagi davlatlar ro’yxatiga qo’shuvchi bu taklifni inobatsiz qoldiradi.

Rossiya matbuoti Toshkentdagi muzokaralar, tadbirlardan kelib chiqib, federatsiya Markaziy Osiyo energetika tizimiga qo’shilishi, buni O´zbekiston tomoni quvvatlayotgani haqida yozadi.

Delegatsiyasi tarkibida kelgan Rossiya Energetika vaziri Sergey Svilevga tayanilgan xabarga ko`ra, bu ish vaqtda amalga oshadi. Rossiyaning mintaqa energetika tizimiga qo’shilishi turli favqulodda holatlar oldini olish, ta’minot muvozanatini nazorat qilishni maqsad qiladi.

Bu Rossiyani Markaziy Osiyo energetikasidagi asosiy qudratga aylantirayotgan navbatdagi qadam, avvalroq O´zbekiston va Qozog’iston Rossiyadan tabiiy gaz importini boshlashgan, mintaqa energetika transporti tizimi ustidan nazorat asosan "Gazprom" hissasiga o`tgan edi.

Rossiya va O´zbekiston o’rtasida bu sohada kutilayotgan yana bir yirik loyiha atom stansiyasini qurish bilan bog’liq, bu borada imzolangan bitimga muvofiq Rossiya O’zbekistonda kichik quvvatda ishlovchi oltita energoblok quradi. Dastlabki blok yaqin besh yilda ishga tushirilishi haqida ma’lumotlar bor.

Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin Toshkentda, 10-sentabr, 2024

Atom stansiyalarini qurish Qozog’istonda ham rejada turgan masalalardan biri, bu masala referendumga olib chiqilgan, 6-oktabr kuni qozog’istonliklar mamlakatda atom stansiyasi qurish masalasida ovoz berishadi.

Qozog’istonda atom stansiyasini kim qurishi bo`yicha hozircha biror kelishuv yo`q, ammo tanlov Rossiya foydasiga bo`lishi ehtimoli katta.

Bu ko’p jihatdan Rossiya va Markaziy Osiyo hukumatlari, aniqrog’i liderlari o`rtasidagi aloqalarga bog`liq. Qozoq muxolifati faollari ta`kidlashicha, To’qayev mamlakatda atom stansiyasini qurish uchun o’z ittifoqchisi Rossiyani, Putinni chetlab o`tmaydi.

Ammo xalqaro matbuotdagi chiqishlarda Markaziy Osiyo davlatlari ehtiyotkorlik bilan bo`lsa-da, Rossiya ta’siridan uzoqlashishga harakat qilayotganiga ham diqqat qaratilmoqda.

Jumladan, Rossiya Bosh vaziri Mishustinning O’zbekistonga safari ham bundan istisno emas.

Eurasia.net nashri bu boradagi maqolasini “O´zbekiston Rossiya bilan hamkorlikni chuqurlashtirish tashabbuslaridan ehtiyot” deb nomlagan.

Maqolada Rossiya Bosh vazirining O’zbekistonga safaridan natijalar kutilganidan ancha past bo`lgani, Toshkent Moskva tomoni taklifi va tashabbuslarini olqishlamagani, shuningdek ochiq shaklda rad ham etmagani qayd qilinadi.