Qozog'iston yana bir qoraqalpoq faolga boshpana bermadi

  • Amerika Ovozi

Aqilbek Muratov O'zbekistonda tug'ilib katta bo'lgan. 10 yil oldin Qozog'istonga chiqib ketgan.

Joriy yil boshidan beri hibsda o'tirgan qoraqalpoq faol Aqilbek Muratovga Qozog‘iston boshpana bermaydi. O'tgan hafta respublika sudi bu borada qaror chiqargan. Sud Muratovni ekstraditsiyadan himoyalanish huquqidan ham mahrum qilgan.

O'tgan uch yilda Qozog'istonda qamoqqa olingan biror qoraqalpoq vataniga majburan yuborilmagan, ammo ular ekstraditsiya qilinish ehtimoli bilan yashaydi, chunki boshpana ololmagan. Huquq himoyachilari bu borada xavotir bildirib keladi.

Muratovning advokati sud qarori yuzasidan shikoyat qilishini aytadi. Muratov 2022-yilda Nukusda yuz bergan xunrezliklar ketidan Qozog‘istonda organlar ushlagan yettinchi qoraqalpoqdir.

Buni ham ko'ring Iyul voqealarini eslar ekan, AQSh, HRW Qoraqalpog'istonda adolatga chaqirdi

Muratov Navoiy viloyatida ulg'aygan, Almatida yashab kelgan. U yerda boshqa qoraqalpoqlarga yordam berib, shuningdek, Qoraqalpog'istondagi ahvol haqida ijtimoiy tarmoqlarda yozib tanilgan.

Uning tanqidiy postlari O'zbekiston hukumatining noroziligiga uchrab, Qoraqalpog'istonda unga qarshi ish ochilib, Nukus sudi qarori bilan Ostonadan Muratovning ekstraditsiya qilinishi so'ralgan.

Muratov uning chiqishlari jinoyat emasligini qayd etgan. Uning himoyachilari ham shuni ta'kidlaydi.

2022-yilda Nukus va uning atrofida qon to'kilishlarida ayblanib, o'nlab fuqarolar sudlangan, aybdor deb topilib, aksariyati qamoqda, boshqa qismi esa shartli jazoni uyida o'tamoqda.

Buni ham ko'ring RSF: Qoraqalpog'istonda mustaqil matbuot "astalik bilan o'ldirildi"

Muratov o'z postlarida O'zbekiston kuchlari va Qoraqalpog'iston rahbariyatini, umuman amaldagi siyosatni qoraqalpoq xalqiga qarshi harakatlarda ayblagan va xalqaro jamoatchilikni respublikadagi vaziyatga yaqindan e'tibor berishga chaqirgan.

Toshkent va Nukusdagi rahbarlarga ko'ra, Qoraqalpog'iston tinch, aholi totuv yashaydi. Ikki yil oldin, konstitutsion islohotlar muhokamasi davrida norozilik uyg'otgan masalalar hal qilingan, deydi rasmiylar, ya'ni O'zbekiston konstitutsiyasining Qoraqalpog'istonga tegishli qismi o'zgarmagan. Respublika unda hamon parlament tomonidan boshqariladigan suveren respublika deya tasvirlanadi.

Muratov va uning tarafdorlariga ko'ra esa Qoraqalpog'istonda hukumat ta'kidlayotganidek hammasi joyida bo'lsa, hukumat tanqiddan qo'rqmasligi va fuqarolarning ham ichkarida, ham tashqarida erkin fikr bildirishiga toqat qilishi kerak.