Rossiyada mehnat muhojirlariga nisbatan davomli tazyiq o’z natijasini berib, Rossiya armiyasiga yollanishga majbur muhojirlar soni ko’paya boshlagan.
“Nastoyashaya vremya” nashri 400 nafarga yaqin markaziy osiyoliklar saqlanayotgan qamoqxonadagi manbaga tayanib, muhojirlar oldida yo urushga yollanish yo davomli qiynoqlar ostida qolish tanlovi turgani haqida xabar beradi.
Nashr qamoqxonadagi markaziy osiyolik mahbuslar nomidan tahririyatga kelgan xatdan shunday iqtibos keltiradi:
“Yaqinda ro’yxat tuzib chiqishdi va fuqarolikdan qat’iy nazar Ukraina urushiga jo`natish bilan qo’rqitishdi. Ehtimol barcha qiynoqlar shu bilan bog’liq. Ular odamlarni qamoqxonadagi xo’rliklarga chidashdan ko`ra urushda o`lib ketishni afzal bilish darajasiga olib kelishmoqchi”.
Agar gap Rossiyadagi bitta qamoqxona haqida borayotgani, mamlakatdagi yuzlab qamoqxonalardagi vaziyat esa bir-biriga juda yaqinligi inobatga olinsa, bunday tahdidga yuzlashayotgan mintaqaliklar soni ancha ko’pligi ayon bo'ladi.
Ayni paytda Rossiyaning o`zida bevosita mehnat muhojirlari huquqi bilan shug’ullanayotgan faollar, huquq himoyachilari deyarli qolmagan. Ularning aksariyati mamlakatdan chiqib ketgan yoki qamoqda.
Tazqiylar, qiynoqlar va bosimlar haqida muhojirlarning o’zlari ijtimoiy tarmoqlar yoki yuqoridagi kabi tahririyatlarga murojaat qilish orqali jamoatchilikni xabardor qilishga majbur.
Bu vaziyat Rossiyadagi bosim qonunchilik darajasidagi cheklovlar, Rossiya huquq tartibot idoralari tazyiqlari, rus siyosiy doiralari, jamiyatda millatchilik kayfiyati kuchayishi manzarasida kuzatilmoqda.
Mehnat muhojirlarini Rossiyada haydab chiqarish amaliyoti avj olib, mamlakatga kirishiga taqiqlar qo’yildi. Rossiya fuqaroligini olganlarni urushga jo’natish tartibi joriy qilindi.
Rossiya siyosiy maydonida, qonunchilik sohasida, jamiyat va ijtimoiy hayotda ham mehnat muhojirlariga qaratilgan tinimsiz bosim, qolaversa ularning vatani O´zbekiston, Tojikiston, Qirg'iziston siyosiy doiralaridagi sukut muhojirlarni Ukraina urushiga tortmoqda.
Yaqinda Rossiyaning Naberejniy Chelni regionidagi televideniye Rossiya armiyasi safida Ukraina urushiga kirishga qaror qilgan O’zbekiston fuqarosi, namanganlik Dostonbek haqida hikoya qildi. Bir yil avval Rossiyaga kelgan Dostonbek armiya safiga qo’shilish qaroriga kelish sababini Rossiya fuqaroligini olish orzusi, uch nafar farzandini, oilasini ham Rossiyaga olib kelish istagi bilan izohlaydi.
Oktabr oyining boshida e’lon qilingan bu lavha o’zbek jamoatchiligi diqqatida chetda qolmadi, hatto ijtimoiy tarmoqdagi ayrim kanallarda bu lavha yuzasidan munozaralar ham tashkil qilindi.
Fikrat.uz kanali munozarasida qatnashgan siyosatshunos Hamid Sodiq o`zbekistonlik muhojirning bunday qarorga kelishiga nafaqat Rossiyada ularga ko`rsatilayotgan tahdidlari, rus propagandasi sabab bo`lgani, shuningdek bu insonlar istiqbol ko`rmayotgani bilan ham bog’liq ekanligini ta`kidlaydi.
Rossiya armiyasi safida Ukraina urushiga tashlangan mintaqaliklar ancha ko’p. Huquq tartibot idoralari yaqinda reydlar natijasida Rossiya fuqaroligini olgan minglab mintaqaliklarni aniqlab, ular armiya xizmatiga jo’natilgani haqida hisobot bergan.
Rossiya televideniyesidagi bu lavha esa fuqarolik olmagan. Tazyiqlar va tahdidlar ostida ishlashda, vatandagi oilasiga yordam ko’rsatishda davom etayotgan millionlab mingtalik muhojirlar nishonga olingan reklamadek ko`rinadi.
Rossiya mehnat muhojirlari qarshi muhokama qilinayotgan qonun loyihalaridan biri aynan ularga oilalari, farzandlarini birga olib kelishni taqiqlashni nazarda tutadi.
Mehnat muhojirlari huquqi bilan shug’ullanib kelgan faollar Rossiyadagi muhojirlaga nisbatan kuchaygan so’nggi bosimlar maqsadi tobora oydinlashayotgani, muhojirlani ixtiyoriy, majburiy tarzda Ukraina urushiga tashlashga qaratilayotganini ta’kidlashadi.
Ta’kidlash kerak, Ukraina qurolli kuchlari safida Rossiyaga qarshi urushayotgan mintaqaliklar, jumladan o’zbekistonliklar ham bor.
“Amerika Ovozi” ular bilan bir necha bor gaplashgan. Bu muhojirlar ta’kidlayotgan asosiy sabab - Ukraina bosqinchi davlat emasligi, o’z mustaqilligi va hududlarini himoya qilayotgani, Rossiya tajovuziga qarshi kurashish istagi.