Uyg‘urlar Xitoyning zulm siyosatiga qarshi adolat talab qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Xitoyning qochqinlikda yashayotgan uyg‘urlar jamoasi a’zolari Pekinni inson huquqlarini keskin buzishda ayblamoqda. Ularga ko’ra, aksariyat uyg’urlar istiqomat qiladigan Shinjon mintaqasidagi Kommunistik partiya rahbari oldingi rahbarga qaraganda yanada qattiqqo‘l.

Asosan turkiy musulmon ozchilik guruhiga mansub bo‘lgan uyg‘urlar Ma Sinjuyning texnokratik tajribasiga umid bog‘lab, uning mintaqadagi qattiqqo‘l siyosatni yumshatishini kutgan edi. Biroq uning o’tgan uch yillik amaliy faoliyati, kuzatuvchilar fikricha, buning aksi boʻlgan.

“Ma Sinjuy boshqaruvi davrida asossiz qamoqqa olishlar davom etdi va majburiy mehnat kengaydi, ayniqsa, “Bir makon, bir yo‘l” loyihalarida”, - dedi Norvegiyada yashovchi uyg‘ur faoli Abduvali Ayup.

Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi global infratuzilma va savdo yo‘llarini rivojlantirishga qaratilgan loyiha bo’lib, 10 yildan ko‘p vaqt davomida amalga oshirilmoqda.

Ayupning aytishicha, Ma Sinjuy boshqaruvi davrida Shanxay va Pekin kabi shaharlarda boshpana izlagan 240 nafar uyg‘ur Shinjon mintaqasiga qaytishga majburlangan.

“Ular hibsga olingan va majburan Shinjonga qaytarilgan, hozirda ularning taqdiri noma’lum”, - dedi Ayup “Amerika Ovozi”ga.

Xitoy ichkarisidan ma’lumot olish va uni tasdiqlash juda qiyin bo‘lib qolmoqda, chunki hukumat aloqa vositalarini qattiq nazorat qiladi va odamlar nozik ma’lumotlarni oshkor qilish oqibatlaridan qo‘rqadi.

Buni ham ko'ring AQSh-Xitoy mahbus almashinuvi uyg’ur oilalarini birlashtirmoqda

Ayup va boshqa qochqinlarning ta'kidlashicha, xavflarga qaramay, Xitoy ichkarisidagi va tashqarisidagi uyg‘urlar sirli tarmoqlar va shifrlangan xabar almashish vositalaridan foydalanib, ma’lumotlarni tarqatishga harakat qilmoqda. Ammo bu ular ucun juda xavfli.

Faollar Ma Sinjuy boshqaruvi davrida u nafaqat uyg‘urlarni ommaviy hibsga olish siyosatini davom ettirganini, balki uni yanada kuchaytirganini ta’kidlamoqda. U vaqtinchalik qamoqqa olishlarni uzoq muddatli qamoq jazosiga aylantirgan va 1 milliondan ortiq uyg‘ur hanuz qamoqda qolmoqda.

AQSh va Kanada Xitoyni genotsidda ayblagan. Yevropa Ittifoqi va inson huquqlari tashkilotlari Xitoyning uyg‘urlarga nisbatan siyosatini qoralab, Pekinning yondashuvini insoniyatga qarshi jinoyatlar deb ta’riflagan.

Xitoy hukumati esa Shinjonda bosim o‘tkazish ayblovlarini rad etib, o‘z siyosatini “terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurash” sifatida taqdim etadi.

“Xitoy qonunlarga asoslangan davlatdir. Sud organlari ishlarni qonunga muvofiq ko‘rib chiqadi”, - deb yozdi Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi vakili Lyu Penu “Amerika Ovozi”ning izoh so‘roviga javoban.

Qatag’on Shinjondan tashqarida ham bo’lmoqda

Kuzatuvchilarning aytishicha, Pekinning bayonoti Xitoyni inson huquqlarini poymol qilishda, jumladan, ommaviy hibsga olish va madaniy vayronagarchilikda ayblagan guvohlar va xalqaro hisobotlardan keskin farq qiladi.

Ba’zi uyg‘urlar Shinjonni tark etib, Xitoy rasmiylarining mintaqadagi nazoratidan qochishga harakat qilgan. Biroq, Ayupning aytishicha, bosim faqat Shinjon bilan cheklanmay, Xitoyning boshqa hududlarida yashayotgan uyg‘urlarga ham ta’sir qilgan.

Uyg‘ur kontent yaratuvchisi Irpan Yarmemet sakkiz yil avval Turkiyaga o‘qishga borganligi uchun 2024-yil sentabr oyida Shanxayda hibsga olingan. Ayupning so‘zlariga ko‘ra, Yarmemet Shinjondagi asossiz hibsga olishlardan qochish maqsadida Shanxayda yashayotgan edi. Hibsga olinganidan so‘ng, u Shinjonga olib ketilgan. Shundan so’ng unga nisbatan ayblov qo‘yilgani yoki sudlanganligi haqida ma’lumot yo‘q.

“Uning Shinjonni chetlab o‘tib, xavfsiz bo‘lish umidlari puchga chiqdi”, - dedi Ayup.

Yaqinda amalga oshirilgan hibslar va majburiy qaytarishlar Ma Sinjuy boshqaruvi ostidagi bosimning hech qanday geografik chegaraga ega emasligini ko‘rsatmoqda.

Insoniy yo'qotishlar

Hozirda Niderlandiyada yashayotgan uyg‘ur qochqini Madina Mehmetning aytishicha, Xitoyni tark etish hayot-mamot masalasi edi.

Buni ham ko'ring Uyg'ur faollari Tramp Xitoydagi ozchlik elatlar huquqlariga e'tiborni oshirishidan umidvor

2012-yilda u Pekin Tashqi tadqiqotlar universitetiga o‘qishga kirgan, ammo atigi bir yil o‘qigach, o‘qishdan chetlashtirilgan.

“Ular mendan doimiy ravishda ro‘molimni yechishni talab qilardi, - dedi Mehmet. – Ular menga tinch yashashga yo‘l qo‘ymadi. Bunga bardosh bera olmadim”.

Oqibatda u Turkiyada universitet stipendiyasini qo‘lga kiritib, u yerda sakkiz yil yashab, ta’lim oldi. Keyinchalik Niderlandiyaga ko‘chib o‘tdi. Biroq Pekinning ta’siri uni hali ham ta’qib etmoqda.

“Men Turkiyada bo‘lganimda, Xitoy rasmiylari mendan u yerdagi talabaligimni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qildi, - dedi u. – Hozir ham ular Urumchida (Urumchi – Shinjon poytaxti) yashayotgan onamni so‘roq qilib, mening Niderlandiyadagi manzilim va hayotim haqida ma'lumot so‘raydi”.

Mehmetning qarindoshlari, ya’ni uning opasi, amakivachchasi va xolasi Xitoy hukumati tomonidan nazorat ostiga olingan. Ular ilgari Misr, Saudiya Arabistoni va Turkiya kabi mamlakatlarda o‘qigan va sayohat qilgan.

2021-yil oxirida, Madina Mehmetning aytishicha, uning opasi, amakivachchasi va xolasi Urumchida hibsga olingan. Ularga “terroristik tashkilotlar bilan aloqador” deya asossiz ayblovlar qo‘yilgan.

Huquq tashkilotlarining xabar berishicha, 2017-yilgacha "nozik" deb hisoblangan mamlakatlarga tashrif buyurgan uyg‘urlar hibsga olish yoki so‘roqqa tutish ehtimoli bilan qattiq kuzatuv ostiga olingan.

"Opam oddiy talabalardan farqli, juda bilimli talaba edi”, - dedi Mehmet.

Uning so‘zlariga ko‘ra, opasi Shinjon Tibbiyot universitetida o‘qiyotgan paytida davlat tomonidan ro‘moli tufayli tazyiqlarga uchragan va bu uning akademik orzularini barbod qilgan.

“O‘qituvchilar uni kursdoshlari oldida ro‘molini majburan yechib, tahqirlagan, - dedi Mehmet. Mihray Mehmet oxir-oqibat universitetni tark etib, Misrda o‘qishga qaror qilgan, ammo keyinchalik bu qaror uning hibsga olinishi uchun asos sifatida ishlatilgan.

“Amerika Ovozi” Mihray Mehmetning ishi haqida Xitoyning Vashingtondagi elchixonasidan so‘radi. Lyu bu savolga javoban: “Siz aytib o‘tgan ish haqida eshitmaganman”, - dedi.

O‘tgan yili Madina Mehmetning xolasi qamoqdan ozod qilindi, biroq uning opasi va amakivachchasi kamida yetti yil qamoq jazosiga hukm qilindi.

“Ular hech qanday jinoyat sodir etmagan, - dedi Mehmet “Amerika Ovozi”ga. – Opam hibsga olinganida uning farzandlari atigi 3 va 5 yoshda edi. Endi ular onasiz voyaga yetyapti”.

Xavflarga qaramay, Madina Mehmet sukut saqlamasdan, o‘z fikrlarini ochiq aytishda davom etmoqda.

“Men Xitoy hukumatidan opam va amakivachchamni ozod qilishni talab qilaman, - dedi u. – Ular erkin bo‘lishga, farzandlarini tarbiyalashga va qo‘rquvsiz yashashga haqli”.

Taniqli uyg'urlarni nishonga olish

Shinjon Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari va taniqli ko‘chmas mulk tadbirkori Rehmutulla Semet 2021-yilda “terroristik faoliyatga yordam berish” va “ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish” ayblovlari bilan 19 yil qamoq jazosiga hukm qilingan. Bu haqda ismini oshkor etishni xohlamagan manba xabar berdi.

Buni ham ko'ring Yevropa parlamenti Xitoyning uyg'urlar siyosatini keskin qoraladi

Semetga yaqin insonlarning”Amerika Ovozi”ga bergan ma’lumotlariga ko‘ra, unga qo‘yilgan ayblovlar asossizdir. Ularning aytishicha, Semet etnik kelib chiqishi, ijtimoiy mavqei va boyligi tufayli nishonga olingan.

Ma Sinjuy Shinjon mintaqasiga kelganidan beri, Rehmutulla Semetning qiymati 400 million dollardan oshiq bo‘lgan mol-mulki musodara qilingan. Uning ba’zi mulklari, jumladan, Urumchidagi “Oltin Tanga Tepasi” binosi “Douyin” kabi platformalarda auksion orqali sotilgan.

“Uning Urumchidagi “Oltin Tanga Tepasi” deb nomlangan baland binosi ham auksionda sotilgan mulklar qatorida edi, - dedi manba “Amerika Ovozi”ga. – U mintaqaning boshqa yirik shaharlarida ham shunga o‘xshash binolarga ega edi, ularning barchasi joriy yil avgust oyida hukumat tomonidan rasmiy ravishda musodara qilingan”.

Ayupning aytishicha, bunday sud jarayonlari nufuzli uyg‘urlarni boyliklaridan mahrum qilish va ularning norozilik ovozini o‘chirishga qaratilgan kengroq siyosatning bir qismidir.

Mehmet va Ayup kabi uyg‘ur qochqinlari soni tobora ortib bormoqda va ular xalqaro hamjamiyatdan Xitoy hukumatining uyg‘urlarga nisbatan olib borayotgan siyosati uchun javobgarlikni ta’minlash va harakat qilishni talab qilmoqda.

“Dunyo harakat qilishi kerak – uyg'urlar uchun adolat allaqachon kechikkan”, - dedi Mehmet.