Toshkentda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a`zo davlatlar - Rossiya, Xitoy, O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkmaniston va Tojikiston bosh vazirlari terrorizmga qarshi kurash va iqtisodiy islohotlar haqida fikr almashgan.
Siyosatdonlar fikricha iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishni maqsad qilgan bu tashkilot bugun Markaziy Osiyoda geosiyosiy manfaat uchun kurashayotgan ikki qudratli davlat - Rossiya va Xitoy boshchiligidagi siyosiy blok sifatida namoyon bo`lmoqda.
Mintaqadagi geosiyosiy to`qnashuvlar esa asosan energetika zaxiralari bilan bog'liqligi aytiladi. Bu zaxiralarni Rossiya va Xitoy orqali o'zlashtirish ko'zda tutiladi.
Siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov nazarida masala mintaqadan gaz va neft quvurlarini qanday yo`nalishlar bo`yicha yotqizish haqida ketmoqda.
Soyibnazarov deydiki, mintaqa davlatlariga ko`proq Rossiya orqali o`tadigan quvurlar ma`qul. Bu gaz va neft savdosi bo`yicha Rossiya bilan imzolangan ko`p yillik shartnomalar ham shuni taqozo etadi.
Mintaqadagi asosiy neft-gaz sotuvchi davlatlar - Qozog`iston va Turkmaniston energetika ta'minoti yo'llarini ko'paytirish harakatida.
Siyosatshunos Farxod Tolipov nazarida mintaqa energetika bozorini shakllantirishda ma`lum bir geosiyosiy kuchga suyanib qolmaslik zarur.
G'arb davlatlari Kavkaz orqali Yevropaga chiqish yo'llarini taklif qilmoqda. AQSh bu borada qator loyihalar bilan chiqqan.
Tolipov ta'biricha mintaqa mustaqil energetika siyosati bilan chiqmasa, muqobil yo'nalishlar haqida o'ylamasa, jahon bozorida o'z o'rniga ega bo'la olmaydi.
Yana bir tahlilchi Toshpo'lat Yo'ldoshev fikricha olti davlatni birlashtirgan tashkilot ichida energetik loyihalar bo'yicha raqobat kuchaygan.
“Xitoyning Markaziy Osiyodagi bir qator energetik inshootlarda, masalan Tojikistondagi Rog'un GESi yoki Afg'onistonda qurilishi mumkiin bo`lgan loyihalarda ishtirok etish niyati bor. Biroq Rossiya bunga qarshi. Mintaqa davlatlarini o`ziga bo'ysundirish harakatida”, - deydi ekspert.
Yo`ldoshevning aytishicha Shanxay-6 ning bosh maqsadi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, ammo O`zbekiston unga bu jihatdan qaramaydi.
“Chunki O`zbekiston Shanxay Hamkorlik Tashkiloti yoki Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati bo`lsin, faqat siyosiy tomonidan foydalanadi. Tashkilotning asosiy maqsadi iqtisod, savdo aloqalarini rivojlantirish. O`zbekiston esa iqtisodi nochorligi bois ularda qatnasha olmaydi”, - deydi Toshpo'latov.
Uningcha O`zbekistonda iqtisodiy hamkorlikning asosiy sharti - chegaralarni ochish istagi yo`q.
Kuzatuvchilarning ta`kidlashicha O`zbekiston iqtisodiyoti davlat boshqaruv tizimidan erkin tizimga o'tishi lozim.
O`zbekiston qo`shilgan hech bir iqtisidiy yoki siyosiy tashkilot bu borada rasmiy Toshkentga ta`sir o`tkaza olmagan.