Afg'oniston muammosini mintaqaviy hamkorliksiz hal qilib bo'lmaydi

Mutaxassislar nazarida, Vashington Afg'oniston masalasiga yangicha yondashishi kerak. Jarayonga Hindiston, Eron va Rossiya kabi davlatlarni ham jalb qilish lozim deydi ular. AQSh matbuotida aytilishicha, Barak Obama prezident bo'lgach, shunday siyosat olib boradi.

Afg'oniston barqarorligi Qo'shma Shtatlarning ayrim davlatlar bilan hamkorlik qilishini taqozo etadi, deydi tahlilchilar.

Britaniyalik harbiy mutaxassis, general-mayor Piter Gilkristning aytishicha, agar Afg'onistonda vaziyat yomonlashsa, bu qo'shni Pokistonga ham ta'sir qiladi. Bundan ko'p mamlakatlar manfaatdor emas.

Vashingtondagi mudofaa universitetida Markaziy Osiyo bo'yicha mutaxassis Ali Jaloliyga ko'ra, Afg'onistonda vaziyatni mintaqadagi ba'zi kelishmovchiliklarni hal qilmay turib yaxshilab bo'lmaydi.

Hindiston-Pokiston mojarosi, Eron-AQSh o'rtasidagi ziddiyatlar, Rossiyaning NATOga qarshiligi, Afg'oniston ichidagi mojarolarni yaxlit siyosat orqali hal qilish kerak, deydi ekspert.

Vashingtonlik yana bir mutaxassis Liza Kurtisning aytishicha, Hindiston va Pokiston raqobatchiligi Afg'oniston maydoniga o'tgan.

"Bir vaqtlar Afg'onistonda hukumatning shakllanishiga yordam bergan Eron esa Tolibonni qurollantirishga harakat qilmoqda. Gap shundaki, Eron o'z gazini Pokiston orqali Hindistonga uzatuvchi quvur qurilishini istaydi. Rasmiy Tehron Afg'onistonning barqaror bo'lishidan manfaatdor emas, chunki aks holda Qo'shma Shtatlar Eronni chetlab o'tib turkman gazini Hindistonga yetkazuvchi quvur rejasini olg'a suradi."

Jangarilarga qarashli Internet sahifasida chiqqan bayonotga ko'ra, Tolibon Barak Obamadan AQSh siyosatini o'zgartirishni so'rab, qo'shinlarni Iroq va Afg'onistondan olib chiqishga chaqirmoqda.

Bugun mamlakat janubidagi Qandahor shahrida hukumat binosiga qarshi xuruj uyushtirilib, 3 kishi o'lgan, 30 kishi yaralangan.