Barak Obama AQShning 44-prezidenti bo'lishga tayyor

Barak Obama prezidentligining birinchi kunidanoq barcha diqqat va kuchini iqtisodiyotga qaratib, inqirozdan chiqish uchun chora-tadbirlar ko’rishini aytmoqda.

Iroqdan qo’shinlarni olib chiqish va Afg’onistonda barqarorlik o’rnatishni ham asosiy vazifalardan biri deb belgilagan.

Prezidentlik qasamyodini keltirib, Oq Uydagi kursiga o’tirar ekan, Barak Obama saylov kampaniyasida bergan va’dalarini bajara boshlashi lozim.

"Orzumiz ushalishini uzoq kutdik. Lekin bu kecha, bu kun, bu saylov va bu damda Amerika o’zgarishga tayyor ekanini namoyon etdi".

Obama oldida talay muammolar yechimini kutmoqda.

Cho’kib borayotgan iqtisodiyot; Afg’oniston, Iroq va Yaqin Sharqdagi urushlar…

Obama inauguratsiya nutqida xalqni tinchlantirishga harakat qiladi. Iqtisodiyotni mustahkamlash uchun nima qilmoqchi ekanini tushuntiradi.

1933 yilda buyuk depressiya davrida ham Franklin Ruzvelt xalqqa shunday murojaat qilgan edi.

"Qo'rqinch oldida taslim bo’la olmaymiz",- degan edi Ruzvelt.

Barak Obama ko’pchilik amerikaliklar nigohida umid manbai. 1961 yilda Jon Kennedi ham o’z nutqida umid haqida gapirgan.

"Yurtim menga nima qildi deb emas, men yurtimga nima qildim deya so’rash lozim",- degan edi Kennedi.

Obama Kennedi prezidentlikka kelgan yili tug'ilgan. Amerika xalqi yangi prezidentdan ulkan o’zgarishlar kutayotgani hammaga ayon.

Xalqning bunga haqqi bor, deydi professor Alan Lixtman.

"Amerika siyosatida udum va urflar kam. Inauguratsiya marosimi chuqur ahamiyatga ega. Hokimiyatning tinch yo’l bilan o’zgarishi, bir ma’muriyat o’rniga boshqasining kelishi va ish davom etishining ifodasidir".

Xalqaro hamjamiyat ham Obamaning prezidentlikka kelishini intizorlik bilan kutmoqda.

Tahlilchi Stiven Xess bu bejiz emas deydi.

"Obama Tinch okeanidagi bir orolda - Gavayida dunyoga kelgan. Bolaligining bir qismi Indoneziyada o’tgan. Otasi afrikalik musulmon. Amerika bu singari rahbarni ko’rmagan. Dunyo ahli ham shu bois undan hayratda".

Obama AQShning ilk qora tanli prezidenti sifatida tarixga kiradi. Yaqingacha ham bunday bo’lishiga ko’pchilik ishonmas edi, deydi Alan Lixtman.

"Oq uyning o’zi qora tanli qullar tomonidan qurilgan. Bugun esa afro-amerikalik uning sohibiga aylanmoqda. Barak Obama Amerika siyosiy tarixida katta burilish yasagan inson. U irqiy bosimni yenga oldi. U haqiqiy amerikalik sifatida maydonga chiqdi. Irqini ro’kach qilmadi".

Prezident inauguratsiyasi odatda tantana, parad, siyofat-u ballar bilan o’tadi.

Amerika cheksiz muammolar girdobida ekan, Barak Obama ishni tezroq boshlash harakatida.

Har bir daqiqa g’animat axir, deydi Stiven Xess.

"Tarixga nazar solar ekanmiz, Amerikaning buyuk prezidentlari bu lavozimga juda murakkab davrlarda kelgan. Xalqqa sidqidildan xizmat qilgani uchun ham buyuk".

Barak Obamani butun Qo’shma Shtatlar bo’ylab keng quvvatlanmoqda.

Omma uning hozirgacha qilgan qarorlaridan mamnun va unga katta ishonch bildirmoqda.

Lekin odamlar Obama oldida katta jumboqlar turganini ham biladi.