Afg'oniston barqarorligi - iqtisodiy taraqqiyotda

Qirg'iziston AQSh harbiylarini "Manas" bazasidan chiqarishga qaror qilgach, Qo'shma Shtatlar muqobil baza yoki marshrut topishga tushgan. Ba'zi siyosatchilar nazarida Afg'onistonda harbiy operatsiyalar muhim, biroq qayta qurishni ham esdan chiqarmaslik kerak.

Kaliforniya shtatidan respublikachi kongressmen Dana Rorabakerning "Vashington Tayms" gazetasida yozishicha, tiklanish va taraqqiyot mamlakat barqarorligini ta'minlaydigan omillardan.

"Afg'onistonda markaziy hukumatga ko'p umid qilmaslik kerak. Qabilalar, viloyatlar bilan ishlash lozim. Agar ular vakolat va hokimiyatdan ayrilsa, jangarilar va narkobaronlar tomoniga o'tishi mumkin" deb yozadi yaqinda Afg'onistonga safar qilgan kongressmen.

Uning fikricha AQSh armiyasi markazlashtirilgan harbiy tizimga o'rgangani uchun hokimiyatni ham markazlashtirish ish beradi deb xato qiladi. Mahalliy saylovlar o'tkazib, har bir hudud ta'lim, politsiya va boshqaruvini saylangan vakillar qo'liga topshirish lozim, deydi Rorabaker.

"AQSh Afg'onistonga Sovet Ittifoqi ustidan g'alabasidan so'ng moliyaviy yordam va'da qilib, uning ustidan chiqmagan. AQSh Tolibon mag'lubiyatidan so'ng ham bergan va'dasiga vafo qilmadi. Iroqda bir trillion dollar sarflandi, vaholanki pulning bir qismi tiklanish ishlariga sarflanishi kerak edi. Afg'onistonni tiklashga yordam bersak, musulmon dunyosi AQShdek do'st orttirish muhimligini anglaydi," deb yozadi kongressmen Dana Rorabaker "Vashington Tayms" gazetasida.

"Nyu-York Tayms" gazetasining xabar berishicha, AQSh armiyasi Afg'onistonga yuk yetkazishning yangi yo'nalishini ishga tushirgan. Bu yo'nalish Pokistonni chetlab o'tadi. Yuk Yevropadan Latviya yoki Gruziya orqali temir yo'l bilan Rossiya va O'zbekiston hududidan Afg'onistonga yetkaziladi. Kelajakda Tojikiston orqali ham o'tishi rejalangan.

Biroq, deb yozadi gazeta, bu bilan "Manas" bazasining amerikaliklar uchun yopilishi bilan bog'liq muammolar hal bo'lmagan. Chunki "Manas" orqali nafaqat yuk, balki harbiylar ham o'tadi. Yanvar oyining o'zida 9 ming harbiy baza orqali harakatlangan.

AQSh Markaziy Qo'mondonligi so'zlovchisi mayor Jozef Kloppelning aytishicha, "Manas" muhim baza, biroq undan ajralsak, aerodrom vazifalarining bir qismi Fors ko'rfazidagi AQSh bazalariga yuklanadi.

Siyosatchilar AQSh bazani deb o'zini o'tga ham, cho'qqa ham urmasligi kerak deydi. "Nyu-York Tayms" yozishicha, O'zbekiston bilan bu borada aloqalarni kuchaytirishning o'ziga yarasha muammoli tarafi bor. Islom Karimov mintaqadagi repressiv rahbarlardan biri, deya eslatadi gazeta.

O'tgan hafta prezident Karimov AQShga qarashli noharbiy yukning O'zbekiston orqali o'tishiga ruxsat bergan. Bitimga ko'ra, yukning bir qismi havodan Navoiydagi aerodromga yetkazilib, undan nari avtomobil yoki temir yo'l bilan Afg'onistonga jo'natiladi.

Afg'onistonda prezident saylovlari qachon o'tishi katta munozaraga aylangan. Konstitutsiyaga ko'ra, saylovlar Hamid Karzay prezidentligi tugashidan bir oy oldin 21 aprelda o'tkazilishi kerak. Mamlakatdagi beqaror vaziyatni hisobga olib, prezident saylovlarni avgustga ko'chirishni so'ragan, ammo ba'zilar Karzayni konstitutsiyaga qarshi harakatlarda ayblagach, davlat rahbari saylovlarni 21 aprelda o'tkazishga qaror qildi. Biroq saylov komissiyasi 20 avgustni tanlab, Karzay qarorini inobatga olmagan.

Komissiya raisi Azizullo Ludinning aytishicha, agar saylovlar bahorda o'tsa, ob-havoning sovuqligi va infratuzilmaning bo'shligi bois kam odam ovoz berishi mumkin.

Qo'shma Shtatlar nazarida ham saylovlar avgustda o'tkazilishi kerak, chunki mamlakat xavfsizlik jihatdan ham, texnik jihatdan ham saylovga tayyor emas, deydi AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Gordon Duguid.

AQSh Kongressi Pokiston va Afg'onistonga savdo imtiyozlari berishga qaratilgan qonun loyihasini ko'rib chiqmoqda. Unga ko'ra ushbu mamlakatlar AQShga olib kirayotgan ba'zi mahsulotlari uchun bojdan ozod etiladi.

Demokrat kongressmen Kris Van Xollenning aytishicha, AQSh ushbu davlatlar iqtisodiy ravnaqiga hissa qo'shib, o'zini ishonchli hamkor etib ko'rsatmoqchi.

"Ekstremizm va terrorizm muammolari nafaqat harbiy, balki iqtisodiy yechim ham talab qiladi," deydi qonunchi.

Pokiston va Afg'onistonning AQShdagi elchilari Husayn Haqqoniy va Said Javod bu fikrga qo'shiladi.

"Afg'on va Pokiston yoshlariga iqtisodiy imkoniyatlar berish kerak. Bu kabi qonun odamlarni ish bilan ta'minlashga yordam beradi," deydi Pokiston vakili.

"Mamlakatga AQShning qo'shimcha kuchlari kirmoqda. Bu yaxshi. Ammo terror va ekstremizga qarshi kurash faqat terrorchilarni yo'q qilishdan iborat emas. Odamlarga ish, umid, imkoniyatlar berish lozim," deydi Afg'oniston elchisi.

Qonun loyihasiga ko'ra, Afg'oniston va Pokistonda maxsus iqtisodiy zonalar tashkil etilib, u yerda ishlab chiqilgan mahsulotlar AQSh import tariflaridan ozod etiladi.

Respublikachi kongressmen Pit Xekstraning aytishicha, iqtisodiy zonalar mintaqadagi muammoni hal etmaydi, ammo murakkab muammolar yechimining bir qismi sanaladi.

Uning aytishicha, loyihani ikkala partiya qonunchilari va hukumat qo'llab-quvvatlamoqda.