Mintaqaviy ziddiyatlar Almati sammitida namoyon bo'ldi

Orolni qutqarish xalqaro jamg’armasining Almatida o`tgan sammiti mintaqa davlatlarining suv borasidagi qarashlari turlicha ekanini ko’rsatdi.

Umumiy muammoga hamkorlikda yechim topish umidlari oqlanmadi. Anjuman prezidentlarning keskin munozarasiga guvoh bo’ldi, biroq aniq takliflar bildirilgani yo’q.

O'tgan yili Bishkekda suv masalasi bo'yicha o'tgan uchrashuv ham umumiy gaplar bilan kuzatilgan edi. Bundan keyingi davr suv muammosi mintaqa uchun tobora keskinlashib borayotganini ko`rsatdi.

Mintaqa davlatlarining suv muammosiga bo’lgan yondashuvlaridagi farq yaqqolroq namoyon bo`la boshladi. Sammitdan avval daryoni quyi qismidagi Turkmaniston, Qozog`iston va O`zbekiston o`z pozitsiyalarini kelishib olishgan bo`lsa, Qirg`iziston va Tojikiston prezidentlari Almatida ikki tomonlama uchrashuv o`tkazib, o`z munosabatlarini muvofiqlashtirishdi.

Pozitsiyalar ancha oydinlashdi

Sammitni yoritgan ommaviy axborot vositalarining aksariyati mintaqa prezidentlari uchrashuvi samarasiz yakunlanganini ta`kidladi. Mulohazalarga ko`ra Qozog`iston prezidenti ishtirokchilardan ko`proq Orol muammosi haqida gapirishni so`rashi mintaqa davlatlari suv masalasida hamkorlik qilish rejasidan uzoqda ekanini namoyon etgan.

Ayrim sharhlovchilar nazarida sammit mutlaqo samarasiz o'tdi deyish qiyin.

“Birinchidan, mintaqa davlatlari Rossiya ishtirokisiz alohida, yuzma-yuz, muammolar haqida gaplashib olishdi, buning o`zi ham muhim. Ikkinchidan, afsuski, Markaziy Osiyo hamkorlik tashkiloti tugatilgan, lekin mintaqagi muammolar Shanxay Hamkorlik tashkiloti doirasida ham, Yevrosiyo iqtisodiy hamkorlik doirasida ham yechilmaydi. Buni faqat mintaqa davlatlarining o`zlari yechishlari mumkin. Buning uchun esa doimiy uchrashuvlar bo`lib turishi kerak. Sammit foydasiz ketmadi, pozitsiyalar oydinlashdi. Mamlakatlar o`rtasida ancha nizolar kelib chiqayotgan edi, sammit har bir mamlakat pozitsiyasini aniqlashtirdi”, - deydi sharhlovchi Kamron Aliyev.

Sammitda suv boshida joylashgan Qirg’iziston va Tojikiston, quyidagi davlatlar e`tiroziga qaramasdan, suv to’g’onlarini qurish rejasida qat`iy ekanini namoyish etdi.

Prezident Qurmanbek Bakiyev suv uchun, jumladan suvni yig`ish uchun ketayotgan xarajatlarga haq to`lash lozimligini, mamlakat aholisi elektr taqchilligidan aziyat chekayotgani haqida gapirdi.

Tojikiston prezidenti mamlakatda rejalanayotgan suv to’g’onini qo`shni davlat bilan kelishgan holda qurish tashabbusini rad etdi.

O`zbekiston rahbari suv boshidagi davlatlar faqat o`z manfaatlaridan kelib chiqayotganini ta`kidladi.

Mintaqaviy tuzilma zaruriyati

“Suvchi” nodavlat tashkiloti rahbari, ekolog olim Tohir Majitov fikriga ko’ra har bir davlat e`tirozida xolis sabablar bor, biroq bu e`tirozlarni yengib o`tish mumkin.

“Avval Qirg`iziston suv yig`ib bergani uchun o`ziga yetishmagan narsalarni SSSR fondidan olib turgan. Bu fondga mintaqa davlatlari kiritadigan mablag` ozroq bo`lgan bo`lishi mumkin. O’sha yordam tufayli biz suv olganmiz, lekin hozir shu yordamni kim beradi? Demak Markaziy Osiyo tashkiloti bo`lishi kerak, yoki Orol fondida shunday mablag’ yig’ilishi kerak. Eng zarur paytda mablag` bilan ta`minlanishi kerak, shunda bir natija bo`lishi mumkin. Lekin bu mablag’ni faqat O`zbekiston to`lashi kerak emas. Men suv bo`yicha ikki-uch tomonlama imzolangan shartnomalarni ko`rib chiqqanman. O`zbekiston 80-90 foizga o`z majburiyatini bajarib kelgan, shartnomada ko`rsatilgan gaz, neft, ko`mir bilan ta`minlashda. Bajarilmagan foizlari esa O`zbekiston zarur miqdordagi suvni ololmagani bilan bog`liq”, - deydi Majitov.

Uning aytishicha qo`shni davlatlardagi vaziyatni hisobga olib, bu borada moddiy yordam ko`rsatuvchi jamg`arma tuzilsa muammo yechilishi mumkin.

Kamron Aliyev fikricha mintaqa ishlariga tashqi kuchlar ta`sir etayotgani muammoning yanada chigallashishiga olib kelmoqda.

“Mintaqa ishiga geosiyosiy reja qurayotgan davlatlar aralashayapti. Masalan Tojikiston biz yirik suv ombori qurmoqchimiz desa, ular juda yaxshi qilasizlar, pulidan xavotir omanglar, biz beramiz deyishadi. U maslahatchilarning asl maqsadi mintaqa tepasida katta suv hajmini yig`ish, keyin esa pastdagi davlatlarga o`z shartini qo`yish”, - deydi Aliyev.

Xalqaro tashkilotlardan ko'mak

O`zbekiston tomoni xalqaro hamjamiyatning suv muammosiga nisbatan munosabatiga urg`u bermoqda. Islom Karimov sammitda Jahon Banki munosbatini alohida ta`kidladi. O`zbekiston matbuoti Jahon Banki prezidentining Karimovga yozgan javob xatini e`lon qilgan.

Maktubga yozilishicha Tojikiston tomoni Rog`un GES qurilishini baholab berish uchun Jahon Bankiga murojaat qilgan. Bank to’g’on qurilishining moddiy, iqtisodiy va ekologik vaziyat yuzasidan samaradorligini baholaydi. Loyihani o`rganishda transchegaraviy daryolar haqidagi xalqaro qonunlarga ahamiyat qaratiladi; loyihaning mintaqa ekologiyasiga xalqaro ekspertlar tomonidan o`rganiladi.

Jahon Banki mintaqadagi ekologik vaziyat og`irligi bilan bog’liq tashvishlarga qo`shilishini bildiradi. Ekspertlar loyiha mintaqa ekologiyasiga, ijtimoiy hayotiga salbiy ta`sir o`tkazmaydi degan xulosaga kelgan taqdirda, O`zbekistonni loyihada ishtirok etishga chaqiradi.

Almati sammitida qabul qilingan deklaratsiyada suv to`g`onlarini qurishda qo`shni davlatlar bilan kelishish lozimligi haqida band kiritilgan, biroq Tojikiston prezidentining e`tirozidan so`ng olib tashlangan. Emomali Rahmon O`zbekistondagi suv inshootlarini ham xalqaro ekspertizadan o`tkazish zarur degan fikrda.

Ertami-kechmi bir yoqadan bosh chiqarishga to'g'ri keladi

O`zbekistondagi suv inshotlarining ekologik talabalarga javob berishi esa ekologlar tomonidan shubhali baholanadi.

“Ekologik ekspertiza qilmasdan katta yerlarni o`zlashtirishga qaratilgan loyihalar qilish mumkin emas. Hozircha vaziyatni qoniqarli deb bo`lmaydi. Shu inshootlarni ekologik jihatdan kelgusida qayta baholab chiqish kerak - nima sababdan sho`rlanish kuchaymoqda, oqava suvlari ko`p, hosildorlik kam? Shuni analiz qilgandan keyin, xatolarni yo’qotib yangi texnologiya joriy qilishimiz kerak”, - deydi ekolog olimlardan biri.

O`zbekiston xalqaro hamjamiyat pozitsiyasiga e`tibor qaratayotgani rasmiy Toshkentning transchegaraviy daryolar bo`yicha xalqaro konvensiyani imzolagani bilan bog`liq. Biroq bu konvensiyani Qirg`iziston, Tojikiston imzolamagan.

“Konvensiyaga ko`ra qo`shnilarning roziligi olinishi kerak. Ular biz imzolamaganmiz deyishi mumkin, lekin biz imzoladikmi, xalqaro tashkilotlar bizning manfaatlarimizni himoya qilishi shart. 5-6 millionlik aholi uchun, 25 millionlik aholining aziyat chekishi to’g’ri emas. Hozir inson faktoriga katta ahamiyat qaratilmoqda. Qirg`izistonda suv mo`l bo`lib, O`zbekistonda odamlarni tashnalikdan qiynalishiga, bog`larni qurib ketishiga hech kim yo`l qo`ymaydi. Shuning uchun aql bilan, kelishib ishlash kerak”, - deydi Tohir Majitov.

Ekologlar fikricha mintaqa davlatlari o`rtasida kuzatilayotgan ziddiyatlardan qat`iy nazar, ekologik inqiroz tahdidi mintaqani hamkorlikka majbur etadi. Orol fojiasi bunga yaxshi misol. Bugungi ekologik inqirozning ildizi ham Orolga borib taqaladi.

“Orol bo`yi mintaqasida kamqonlikning kuchayishi, boshqa ijtimoiy-ekologik muammolarning vujudga kelishi iqlim o`zgarishi, Orol dengizini qurib borishi bilan bog`liq. Bu yerga yordam kerak, ayniqsa qishloq xo’jaligi tiklanishi uchun sho`rga chidamli o`simliklar ko`paytirilishi kerak. Dunyo bo`yicha ekologik qochqinlar degan tushuncha ham uchraydi. Qayerda sho`rlanish, cho`llanish kuchli bo`lsa, ekologik vaziyat yomonlashsa, shunday qochqinlar ko`payishi kuzatiladi”, - deydi ekologlardan biri.

Almati sammitda Orolni qutqarish uchun sarflangan mablag`lar o`zini oqlamagani ta`kidlandi. Orolni tiklash umidi borgan sari so'nib boryapti.

“Men Orol haqida o`ylashni hohlamayman, lekin baribir yurakni bir chekkasida umid so`nmagan. Orol dengizi o`z tarixida uch mart qurigan deyishadi - ikki marta bu qurish tabiiy ravishda amalga oshgan, hozirgisi esa asosan inson ta`siri, aralashuvi orqali yuz berdi”, - deydi Tohir Majitov.

Ekologlarning aytishicha, dunyo miqyosida global ekologik inqiroz tahdidi mavjud. Mintaqada bu tahdid keskin tusda namoyon bo’lishi mumkin. Butun dunyoda tabiatga nisbatan munosabat o`zgarmoqda. Markaziy Osiyo mintaqasida ham tabiatga nisbatan daxlsizlik shakllanmas ekan, ekologik inqirozlar ko`payib boraveradi.