Isroil hozircha Falastin davlati haqida gapirishga shoshmayapti
AQSh prezidenti Barak Obama va Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu 18 may kuni Oq Uyda uchrashib, Falastin bilan til topishish hozirgi eng muhim vazifa deb belgilagan.
Ammo Obama Isroilning yangi bosh vaziri bilan muzokarada asosiy diqqatni Falastinga qaratgan bo'lsa, Netanyaxu ko'proq Eron haqida gaplashishga urindi.
Muloqot ketidan har ikki rahbar tinchlik va xavfsizlik haqida bir fikrda ekanini ayon qildi.
"Biz Falastin bilan darhol tinchlik muzokaralari boshlashni istaymiz",- dedi Benyamin Netanyaxu.
"Isroil unga arab davlatlari qo'shilishini ham xohlaydi,
chunki mening davlatim butun arab dunyosi bilan hamjihatlik tarafdori",- dedi
u.
Lekin, deydi Isroil bosh vaziri, arablar avvalo "biz yahudiy davlati ekanimizni
va o'zimizni har qanday xavfdan himoya qilishga haqqimiz borligini tan olishi
shart".
Amerika Isroilni qanchalik quvvatlamasin, Falastin ham mustaqil davlatga aylanishi kerak deb keladi. Falastinliklarga moliyaviy yordamni oshirmoqda.
Obama ma'muriyati nazarida Isroil 1967 yildan beri bosib olgan yerlarni bu xalqqa qaytarishi kerak.
Benyamin Netanyaxu hali bunga ko'nmagan, ammo "Isroil Falastinni boshqarishni xohlamaydi",- deya qayd etmoqda.
Obama masalaga sabr-qanoat bilan yondashish tarafdori.
"Falastin va
Isroil bir-biridan nima istashisni o'zaro kelishib olishi zarur, biz
vositachilik qilamiz xolos",- deydi u.
Amerika Eron bilan muloqot qilish niyatida qat'iy, Isroil Eronga qarshi arablar bilan hamkorlik tarafdori
Obama Eronni murosa qilishga undamoqda. AQSh rahbari fikricha bu qadim tarix va madaniyatga ega davlat G'arb bilan muloqotdan bosh tortib, yadro maqsadlaridan qaytmasa, qo'shimcha sanksiyalar bilan yuzlashishi mumkin.
"Eron xalqaro hamjamiyat bilan sidqidildan gaplashsin, maqsadi nima ekanini aytsin",- deydi Obama.
"Biz uni tinglashga, o'zaro manfaatlarimizni hisobga
olgan holda kelishib olishga shaymiz",- deydi Obama.
Benyamin Netanyaxu esa arablar va Isroil Eron atom maqsadlariga
qarshi birdamlikda harakat qiladi degan umidda. "Eron bizning
umumdushmanimiz",- deydi Isroil bosh vaziri. Ayrim arab davlatlari bu fikrni
tasdiqlagan.
Eron hozircha yuqoridagi chaqiriqlarga javob bermagan. Obama kelasi hafta Misr prezident Husni Muborak va Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan uchrashadi.
G'arbiy sohilda yahudiylar uchun yangi uy-joy quriladi
Benyamin Netanyaxu Vashingtonda tinchlik haqida gapirayotgan bir paytda Isroil Iordan daryosining g'arbiy sohilida, falastinliklar o'z yeri deb biladigan hududda, yahudiylar uchun yangi uy-joy qurishga kirishgan.
"Amerika Ovozi"ning Quddusdagi muxbiri Luiz Ramirezning xabar berishicha u yerda bunyodkorlik ishlari avjida.
Falastinliklar Isroildan bu yerlarni tark etishni talab qilib keladi. G'arbiy sohilda hozir 280 ming yahudiy yashaydi. Ularga yangi uylar qurish loyihasi o'tgan yili ma'qullangan.
AQSh mojaroli nutqalarda bunday harakatlarga qa'tiyan qarshi va
Isroildan maqsad tinchlik bo'lsa, muammoni yanada chigallashtirmaslikni
so'ramoqda.
Falastin rasmiysi Yassir
Obid Rabu Isroilning biror bir va'dasiga ishonch yo'q deydi. Qo'shma Shtatlar, uning fikricha, bu davlatga
Falastin yerlarini bo'shatish uchun bir yil vaqt berib, keskin talablar qo'yishi
kerak. Shundagina odamlar Vashingtonga umid bilan qaray oladi, deydi u.
"Biz o'z davlatimizga bir
yil ichida ega bo'lishimiz, yerlarimizni qaytib olishimiz kerak",- deydi
Falastin rasmiysi.
Isroilda jamoatchilik Falastin davlati tuzilishi borasida turlicha fikrda.
Ko'pchilik agar falastinliklar o'z mamlakatiga ega bo'lsa, u yer musulmon
jangarilar makoni bo'ladi deb qo'rqadi.
Falastinliklar tarqoq ekan, ular o'z-o'zini boshqara olmaydi degan
xavotir hukmron. Boshqalar esa "ularning
davlat bo'lishga haqqi bor", deydi.