AQSh-Rossiya aloqalarida yangi sahifa ochilishi mumkin

AQSh-Rossiya munosabatlarida mudofaa tizimidan tortib inson huquqlarigacha qator masalalarda kelishmovchiliklar mavjud.

Kelasi hafta Moskvada Barak Obama va Dmitriy Medvedev uchrashib, ularni muhokama qiladi.

Vashington-Moskva aloqalari sobiq prezident Jorj Bush davrida, ayniqsa Gruziyadagi mojaro ketidan keskin sovuqlashgan.

Barak Obama hokimiyatga kelgach vaziyat o’zgaradimi, deya ko’pchilik uning Rossiyaga qarata aytgan har bir so’zini kuzatmoqda.

AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden, yil boshida Germaniyada qilgan nutqida, aloqalarni yangi sahifadan boshlaylik deya Kremlga qo’l uzatdi.

Bu so’zlar, deydi Garvard Universiteti olimi Marshal Goldman, muloqot ijobiy ruhda boshlanishi uchun zamin hozirladi.

“Oradan nimaiki o’tgan bo’lsa, unutaylik deganda, siz yangi imkoniyatlarga yo’l ochgan bo’lasiz”, - deydi Goldman. “O’tmish nizolariga nuqta qo’yib, aloqani yangidan boshlashga imkon bergan omil bu - har ikki mamlakatda yangi rahbar kelganidir”.

Bush bilan solishtirganda, tahlilchi Deril Kimbl nazarida, Obama ko’proq o’zaro manfaatlar tutash bo’lgan, tomonlar hamkorlik qilishni istagan sohalarga urg’u beryapti.

“Bunga bir misol, strategik qurollarni kamaytirishga qaratilgan muzokaralar. AQSh va Rossiya rahbarlari Londonda o’tgan ilk uchrashuvida yadro arsenalini kamaytirib, kelasi 2-3 yil ichida taxminan ikki mingga yetkazishga kelishgan edi. Bitim shartlari va muhlati kelasi hafta sammitda belgilab olinadi”, - deydi Kimbl.

Qo’shma Shtatlar Yevropada rejalagan yangi mudofaa tizimi yuzasidan esa murosadan hamon darak yo’q. Kremlni “tizim Erondan himoya vositasi” deb ishontirish juda mushkul kechmoqda.

Siyosatshunos Robert Legvold ta’biricha, prezident Obama tizimni o’rnatish qarorida Bushchalik qat’iy emas.

“Obama ikki omilga suyanib bir to’xtamga kelishini aytgan. Birinchisi - tizim AQSh xavfsizligi uchun qanchalik zarur? Va ikkinchidan, uni texnik va iqtisodiy jihatdan asoslab berish so’ralgan”, - deydi Legvold.

Bundan tashqari, AQSh rahbari Moskvada Afg’onistondagi vaziyat, Eron va Shimoliy Koreya hamda yadro qurollari tarqalishi kabi mavzularni muhokama etishi kutilmoqda.

Deyvid Kreymer, Bush ma’muriyatida Yevropa va Yevrosiyo masalalari bilan shug’ullangan sobiq rasmiy fikricha, Rossiyadagi inson huquqlari avholi ham kun tartibidan o’rin olishi kerak. Shu bilan birga …

“AQSh Rossiya da’vo qilayotgan ta’sir doirasini tan olmaydi”, - deydi Kreymer. “Gruziya, Ukraina va mintaqaning boshqa davlatlari Yevro-atlantik tashkilotlarga kirishga, o’z yo’lini o’zi tanlashga haqli. Kreml NATOni Rossiya hisobidan kengayishga urinayotgan tashkilot deb ko’rmasligi lozim”, - deydi Obamani bu mavzuni ko’tarishga undayotgan diplomat.

Sharhlovchilar ta’biricha so’nggi besh oy ichida AQSh-Rossiya aloqalari bir qadar iliqlashgan. Kelasi hafta o’tadigan Moskva sammiti munosabatlar rivojida muhim o’rin tutadi.