Jahon uyg’urlari yetakchisi Robiya Qodir Xitoy hukumatini uning oilasini zo’rlayotganlikda, ularni yolg’on gapirishga majburlayotganlikda ayblamoqda.
Robiya Qodir Amerikadan siyosiy boshpana olib, shu yerda yashaydi, ammo 11 farzandining ko’pi vatanda qolgan.
“Qizim va o’g’limni Shinjonda yaqinda yuz bergan to’polonlarda onam aybdor deb aytishga majburlashmoqda”,- deydi 42 yoshli yetakchi.
“Ukamni ham shunday deyishga zo’rlashgan”,- deydi u.
Robiya Qodirning qizi va o'g'li aytgan gaplar Xitoy davlat matbuotida chop etilib, mamlakat bo’ylab tarqatilmoqda.
Ularning so'zlariga qaraganda, Robiya Qodir internet orqali uyg’urlarni hukumatga qarshi bosh ko’tarishga, xitoylarga qarshi zo’ravonlikka undagan.
Faolning oila a’zolari bu xatda undan g’azabda ekanini va uning farzandi va opasi ekanidan nomus qilayotganini aytadi.
Robiya Qodir hozir Avstraliyada safarda ekan, Xitoydan kelayotgan bu ma’lumotlarni tamoman qoralab, “oilam bu vijdonsiz tuzum qo’lida o’yinchoq” deya javob bermoqda.
Shinjonda 5 iyulda avj olgan namoyishlar va etnik kelishmovchiliklarda, rasmiy ma’lumotlarda keltirilishicha, 197 kishi o’lgan. Qonunbuzarlikda ayblanib ikki mingga yaqin kishi hibsga olingan.
AQSh kongressmeni Jeyms Makgovern Xitoyni voqea yuzasidan mustaqil tekshiruv boshlash uchun yo’l berishga chaqirmoqda. BMT bu borada tergov olib borishi lozim, deydi arbob. Xitoy biror javob bermagan.
Shu kunlarda Avstraliyada o’tayotgan xalqaro kinofestivalda Robiya Qodir haqida “Muhabbatning 10 sharti” degan hujjatli film namoyish etilmoqda. Xitoy bunga qarshilik bildirib, o’z filmlarini festivalda qaytib olgan.