AQSh senatori Edvard Kennedi vafot etdi

AQShning uzoq yillik senatorlaridan biri, Kennedilar sulolasining vakili Edvard Kennedi 77 yoshda vafot etdi. U o'tgan yili rak xastaligiga chalingan edi.

Edvard Kennedi 1962 yildan beri demokratlar partiyasining Senatdagi vakili edi.

Marhum senator Edvard Kennedi 1963 yili o'ldirilgan prezident Jon Kennedi hamda 1968 yili jinoyatchi o'qidan halok bo'lgan adliya vaziri va senator Robert Kennedining ukasi.

Uni "Senat arsloni" deb chaqirishar, har ikki partiya vakillari hurmat qilishar, eng obro'li va nufuzli qonunchilardan edi.

O'tgan yil may oyida rakka chalingach, operatsiya qilingan, o'zini yaxshi his eta boshlagach esa, Senatdagi ishini davom ettirishga umid qilgan edi.

"Ahvolim yaxshi. Ishga qaytishga tayyorman. Ko'p ishlar to'planib qolgan. Ayniqsa Barak Obama bilan," degan edi o'shanda Kennedi.

So'nggi oylarda qonunchi prezident Obamaga uning sog'liqni saqlash tizimini isloh qilish dasturi bo'yicha yordam berayotgan edi. U Obamani boshdan qo'llab-quvvatlagan.

"Men Amerika qanday muvaffaqiyatlarga erisha olishini bilaman. Men buni ko'rganman. Barak Obama bilan biz yana shunday davrga qaytishimiz mumkin," degan edi Edvard Kennedi saylov kampaniyasi davrida.

Senator Kennedi Bush ma'muryati va Iroq urushining ashaddiy tanqidchilaridan bo'lgan. Shunga qaramay muhim mavzularda respublikachi qonunchilar bilan hamkorlikni yo'lga qo'ya bilar edi.

Edvard Kennedi 1980 yili prezidentlikka harakat qiladi, biroq partiyadoshi Jimmi Karterga ichki saylovlarni boy beradi. 2006 yili "Taym" jurnali uni "AQShning eng yaxshi 10 senatori" ro'yxatiga qo'shadi.

Joriy oyda Kennedi prezident Obama tomonidan eng yuksak noharbiy nishona - Prezident Ozodlik medali bilan taqdirlangan edi. Prezident Obama Kennedi oilasiga ta'ziya bildirar ekan, Qo'shma Shtatlar buyuk siyosiy arbobidan ayrildi dedi. Kennedining jiyani Mariya Shrayverning turmush o'rtog'i, Kaliforniya shtati gubernatori Arnold Shvarsennegger marhum senatorni ijtimoiy adolat kurashchisi deb atadi.

Jahon rahbarlari ham Kennedining vafoti munosabati bilan oilasiga ta'ziya bildirmoqda.