O'zbekiston banklari moliyaviy inqiroz iskanjasida

Xalqaro tashkilotlar nazarida O`zbekiston banklarida moliyaviy inqiroz ta`siri ko`proq sezila boshlagan. Mamlakat banklarida muammoli kreditlar ko`paygan, imkoniyatlar qisqarib bormoqda.

Banklar reytingini tuzuvchi “Moody’s” xalqaro agentligi hisobotiga ko’ra, O`zbekistonning asosiy eksport mahsulotlari -- paxta va boshqa xomashyo bahosi ko`tarilmagani mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy ta`sir qila boshlagan. Bu esa banklar faoliyati susayishida bilinmoqda.

Xalqaro agentlik hukumat ko`magisiz, ayniqsa, xususiy banklar ishini davom ettirishi qiyin bo’ladi deya xulosa qiladi. Ta’kidlash lozim, “Moody’s” agentligi avvalgi hisobotida O`zbekiston banklari reytingini tuzib, vaziyatni barqaror deya ta’riflagan edi.

Yangi hisobot bank tizimi orqaga ketayotgani haqida ogohlantirmoqda. Ekspertlar fikricha, banklarda muammoli kreditlar ko’payishi tashvishli hol.

“Mantiqan olib qaraganda ham inqiroz davrida eksport mahsulotlariga talab tushgan, Markaziy bank naqd pul aylanishini, konvertatsiyani sun`iy ravishda ushlab turgan bir paytda muammoli kreditlar miqdori ortib boradi. Kredit olgan tadbirkorlar bu sharoitda ko`proq inqirozga uchraydi, banklar esa daromadsiz qoladi”, - deydi ekspert Rashid Taymurov.

Uning aytishicha, O`zbekiston bank tizmi dunyo bank tizimdan keskin farq qiladi.

“Butun dunyoda banklar kredit foizlari o`rtasidagi farqdan foyda ko`rishadi. Bizda foizlar yuqoridan belgilangan, banklar daromadni boshqa usullarini topishga majbur”, - deydi ekspert.

Yevropada ayrim davlatlar, jumladan, Fransiya va Germaniya inqirozdan chiqa boshlagani ta`kidlanadi. O`zbekistonda bu boradagi holat mavhum. O`zbekiston hukumati avvaliga moliyaviy inqiroz mamlakatni chetlab o`tayotganini ta`kidladi. Keyinchalik prezident Islom Karimov moliyaviy inqiroz O`zbekistonni chetlab o`tadi deb o`ylash xatoligini e`tirof etdi.

“Inqiroz oqibatida eksport mahsulotlariga nisbatan talabning pasayishi, bahoning tushini xo`jalik yurituvchi subyektlar, investorlarning eksportdan olayotgan tushumlari kamayishiga olib keladi. Bu oxir oqibat makroiqtisodiy ko`rsatkichlar o`sishiga, iqtisodning boshqa tomonlariga ta`sir qiladi”, - degan edi Karimov.

Ayrim tahlillarga ko`ra, dunyoda moliyaviy inqirozdan chiqish boshlanganda O`zbekiston inqirozning eng og`ir davriga kirishi mumkin.

“Bu borada aniq bir narsa deyish qiyin, chunki iqtisodiyotga doir rasmiy ko`rsatkichlar haqiqiy vaziyatdan juda uzoq, real ko`rsatkichlar esa oshkor qilinmaydi”, - deydi Rashid Taymurov.

Moliyaviy inqiroz dastlabki jarayonda O`zbekiston iqtisodi izoyatsiyalangani bois unchalik ta`sir etmagan. Inqiroz chuqurlashishi, xomashyo bahosining tushishi, ishsizlar sonining keskin ko`payishi iqtisodiyotda endi-endi aks etmoqda.

“Naqd pul taqchillashishi, maoshlar ushlanishi, ishsizlik sur’ati kengayishi, konvertasiyaning deyarli yopib qo`yilishi -- bular hammasi inqirozning aholi hayotida bilinayotgan alomatlari”, - deydi Rashid Taymurov.