AQShning Karzaydan ko'ngli qolgan, ammo u bilan ishlashga majbur

AQSh matbuotidagi xabarlarga qaraganda, Barak Obama ma'muriyatining Afg'oniston rahbariyatidan ko'ngli qolgan, biroq u bilan hamkorlik qilmay iloji yo'q.

AQShning "Taym" jurnaliga ko'ra, Jorj Bush prezidentligi davrida ikki rahbar tez-tez muloqot qilib turar, Karzay har hafta Bush bilan to'g'ridan-to'g'ri videomuloqotda bo'lar edi. Barak Obama Oq uyga kelgach, Afg'oniston rahbariyati bilan aloqa sovuqlashgan. Yangi ma'muriyat Karzay hukumatining korrupsiyaga botgani bois al Qoida va Tolibon o'z ta'sirini aholiga osonlikcha o'tkazmoqda degan fikrda.

Saylov natijalari aniq bo'lmasada, "Taym" nazarida Karzay hokimiyat tepasida qoladi va Qo'shma Shtatlar u bilan hamkorlik qilishga majbur. Biroq bu oson bo'lmaydi. Mamlakatda Karzayga ishonch yo'qolgan. Xalqaro tashkilotlar pulining korrupsiya vositasiga aylanishini istamaydi.

Zo'ravonliklarning kuchayayotgani va Karzay hukumatining layoqatsizligi tufayli AQSh va Yevropada terrorga qarshi urushga befarqligi oshib bormoqda.

Afg'onistonda prezident saylovlarida nomzod bo'lgan Ashraf G'anining aytishicha, agar AQSh Karzayga yordamini to'xtatsa, oqibati yanada salbiy bo'ladi. Mamlakat odamlarning hayvonot bog'iga aylanadi. Hamma bir-birining go'shtini yeyishga tushadi, deydi sobiq moliya vaziri. Uning nazarida Tolibon hokimiyatni qo'lga olib, minglab odamlarni Karzay va Amerikaga yordam berganlikda ayblab qatl etadi. Afg'on ziyolilari esa mamlakatni tark etishga majbur bo'ladi, deydi u.

Karzay esa AQSh ishonchini qayta qozonishi uchun davlat boshqaruvini yaxshilashi, ashaddiy poraxo'r rasmiylarni lavozimidan chetlatishi, adliya tizimini kuchaytirishi, donorlar pulini yo'l va maktablar qurishga sarflashi lozim, deb yozadi "Taym" jurnali.