Amerika iqtisodiyoti ancha jonlangan, ammo hamon krizisda

Bir yil muntazam ravishda orqaga chekingan AQSh iqtisodiyoti o’tgan uch chorakdan beri 3,5 foizga o’sib kelmoqda. Ko’chmas mulk bozori biroz jadallashgan.

Iqtisod sezilarli darajada kengaygani ko’plab amerikaliklarni quvontirmoqda, albatta, ammo ishsizlik ko’lami hamon xavotir uyg’otadi. Hukumat shu bois ko’rsatkichlarni ehtiyotkorlik bilan izohlamoqda.

“Kelasi oylarda iqtisod yanada oldinga siljiydi degan umiddamiz",- deydi AQSh Tijorat vazirligi rasmiysi Stiven Landefeld.

"Ungacha biror xulosa qilmaymiz. Raqamlar muhim faktlar, albatta, ammo iqtisodimiz bugun qanday ekanini jamoatchilik va bizneslarning o’zi yaxshiroq biladi”.

Voll Street - Amerika aksiya bozorida savdo qilayotganlar fikricha iqtisod asta o’ziga kelmoqda. Ayrim qimmatbaho qog’ozlarning qadri oshgan.

Ishbilarmonlar-ku, daromadini hisob qilmoqda, lekin oddiy xalq orasida bayram qilayotganlar juda kam. Ommaviy so’rovlarda, amerikaliklarning 82 foizi “hamon krizisdamiz, moliyaviy ahvol tang ” deya javob qilgan.

Ajablanarli joyi yo’q, deydi tahlilchi Gari Langer.

“Oddiy amerikaliklar uchun krizis hali beri tugamaydi. Chunki ish topish qiyin; kompaniyalar, bizneslar yopilayapti. Hisobchilar hisobini qilaversin, lekin turmushda ko’rsatkichlarning samarasi yo’q”,- deydi u.

Prezident Barak Obama ham shunday fikrda. Iqtisodiy o’sish ijobiy o’zgarish ekani tabiiy, deydi u, lekin mehnatkashlar hayoti hamon og’ir. Odamlarning ishonchi past.

“Har chorakda e’lon qilinayotgan o’sish odamni quvontiradi. Biroq biz iqtisodni ko’rsatkichlarga qarab emas, qancha ish o’rni yaratayotganimizga, odamlarning maoshi, oilalarning daromadi qanchalik oshayotganiga qarab o’lchaymiz. Bizneslar kengayayaptimi? Foyda qayerga ketayapti?"- deydi prezident.

Ko’plab iqtisodchilarni o’ylantirayotgan yana bir masala - hukumat ajratgan yordam dasturi bitgach nima bo’ladi? O’sish 787 milliard dollarlik ko’mak ta’siri emasmi?

Taniqli iqtisodchi Jon Silva nazarida AQSh iqtisodiyotining kelajagi aslida xalq qo’lida. Xaridor ishonchi oshmasa, oldinga siljish yo’q.

“Iqtisodiyotimizning uchdan ikki qismi iste’molchi xatti-harakatiga bog’liq. Xaridor talabini oshirish uchun avvalo uning ishini ta’minlash kerak. Ishsizlik darajasi yuqori ekan, o’sish doimiy emas. Balki kelasi bir yilda biror yangilik bo’lar”,- deydi Silva.

Tahlilchilar shu tariqa hamma narsani ish o’rinlariga bog’lamoqda. Qancha ko’p ish joyi vujudga kelsa, krizis shuncha tez tugaydi.

Hozir Qo’shma Shtatlar bo’ylab aholining qariyb 10 foizi ishsiz o’tiribdi. Har oy o’n minglab odamlar maosh va daromad manbaidan ayrilmoqda. Ular hukumat yordami bilan kun ko’rmoqda, ammo bu bilan inqirozdan qutulib bo’lmaydi.