O'zbekiston kasalxonalarida OITSni yuqtirish ehtimoli yuqori

“Al-Jazira” telekanali shu kunlarda daniyalik mustaqil jurnalist Maykl Andersenning Markaziy Osiyo haqidagi yangi hujjatli filmini namoyish etmoqda.

Mintaqada diniy ekstremizm afsonasi mavzusida film yaratgan jurnalist bu safar OITS (orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi, SPID) va giyohvandlik haqida hikoya qiladi.

Mutaxassislar fikricha, OITS nafaqat nashavand kishilar yoki fohishalar balki oddiy aholi, bolalar orasida ham keng tarqalmoqda. So’nggi yillarda O'zbekistonda ham bu kasallikka chalinganlar soni keskin oshgani ta’kidlanadi.

Fergana.ru axborot agentligi xabariga ko'ra, O'zbekiston televideniyesi 2007-2008 yillarda Namangan viloyatida shifoxonalarda qariyb 150 bolaga immunitet tanqisligi virusi yuqtirilgani haqida hujjatli film ishlagan. Biroq film jamoatchilikka namoyish qilinmagan.

Namangan viloyat prokuraturasi tavsiyasiga ko'ra ishlangan mazkur film OITS bir martalik tibbiy uskunalarni bir necha bor, qayta ishlatish orqali bolalarga yuqtirilganini aniqlaydi. Kasal bolalardan 14 nafari vafot etgani ma'lum. Mazkur holat yuzasidan Namanganda o'tgan sud 12 nafar tibbiyot xodimini turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etgan. Lekin rasmiylar virusning yuqtirilish sur’atini inkor etgan.

Shifokor Vodid Karimov so’zlariga ko'ra, O'zbekistonda OITSga oid raqamlar oshkor etilmaydi, uning qamrovini faqat taxmin qilish mumkin.

“O'zbekiston miqyosida bu ko'rsatkichlar o'n barobar ko’pligini tasavvur qilish mumkin. Negaki, tish klinikalarida va boshqa joylarda bu ko'rsatkich 70-80 foizni tashkil qiladi. Lekin negadir SES degan boshqarmamiz bunga e'tibor bermayapti. Bu halokatga aylanishi mumkin. Odamlarga oshkoralik kerak, SPID, gepatit to'g'risida. Odamlar yuqtirish foizi qanchalik oshganini bilishi kerak. Buni yashirishdan foyda yo'q”, -deydi u.

Shifokor muammo sababini sog'liqni saqlash tizimi qoloq va qashshoqligida ko'radi.

“Ular (Namangandagi holat) davlat shifoxonasida yuqtirilgan. Undan keyin qonun va buyruqlar chiqarildi. Ularni chetlab o'tish mumkin emas. Rayonlarda bo'lishi mumkin. Sterilizatsiya degan narsa juda past ahvolda. Iqtisod ko'tarmayapti, yangi apparatlar olinmayapti”, - deydi Vohid Karimov.

Viloyat kasalaxonasida ishlayotgan shifokorning aytishicha, Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan SPIDga qarshi kurash bo’yicha turli buyruq va ko'rsatmalar chiqqaniga qaramasdan kasalxonalarda virus yuqishi ehtimoli yuqori.

"Arzimagan mehnat haqi olayotgan tajribali xodimlarda mas'uliyat, hafsala yo'q. Sohaga kirib kelayotgan yoshlar bilimsiz, kasalxonalarda oddiy sanitariya-gigiena me'yorlarini ta'minlash uchun mablag' yetishmaydi. Shifoxonalarda tekshiruv ishlarini yuritishi lozim bo'lgan Sanitariya-nazorat xizmati esa pora evaziga mavjud vaziyatga ko'z yumadi",-deydi u.

Hatto qo'lqoplar bilan ta'minlash ham yaxshi yo'lga qo'yilmagan. SES dan tekshirgani kelsa, pulini beradi, shu bilan ketaveradi. Javobgarlikni his qildirib, tekshirganini men hali sezganim yo'q. Qo'l bilan ishlaganda bemor qoni baribir operatsiya jihozlariga ham o'tadi-ku”, - deydi shifoxonadagi vaziyat haqida tibbiyot hamshirasi.

Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti ma'lumotiga ko'ra, OITS Markaziy Osiyoda tez sur’atlar bilan tarqalmoqda. Mutaxassilarga ko'ra, kasallikka qarshi kurash jamoatchilik miqyosida keng targ'ibot-tashviqotni talab etadi.

O’zbekistonda sal avval OITSga qarshi global fond bilan hamkorlikda virus haqida bo'yicha ogohlantirish qo'llanmasini chop etgan Maksim Popov yetti yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Bu xalqaro miqyosda keskin tushunmovchilik uyg'otgan.

Ayni paytda O'zbekistonda OITSga chalingan fuqarolar soni haqiqatda qanchaligi noma'lum. Sog'liqni saqlash vazirligining ikki yillar avvalgi ma'lumotida ular soni 10 mingdan oshiq deb ko'rsatilgan.

Daniyalik jurnalist Maykl Andersenning “Geroin so'qmog'idagi OITS” nomli yangi filmida ta'kidlanishicha, mintaqa hukumtlari virusga oid haqiqiy vaziyatni yashirmoqda.

Davlatlarning afg'on geroini uchun tranzit nuqtasi ekani yaqin kelajakda OITS epidemiyaga aylanishidan darak bermoqda.