AQSh-Tolibon kelishuvidan beri 3500 afg’on askari halok bo'lgan

  • Amerika Ovozi

Trening markazi, Kobul

Qo’shma Shtatlar va Tolibon fevralda tinchlik kelishuvini imzolangandan beri 3500 dan ziyod afg’on askari halok bo’lgan. Prezident Ashraf G’ani bu haqda e’lon qilar ekan, Qurbon hayiti munosabati bilan hukumat ham, toliblar ham otishmalarni uch kunga to’xtatmoqda.

“Hayit bayrami barcha afg’onlarni bir-birini tushunishiga va o’zaro hurmatga chorlashiga, tinchlik tomon bir qadam yaqinlashtirishiga umid qilamiz”, - deydi AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod.

Buni ham ko'ring AQSh Afg’onistonda qo’shinlari sonini kamaytirsa-da, Tolibon zo’ravonliklardan voz kechgani yo’q

Prezident G’aniga ko’ra, AQSh-Tolibon bitimi imzolangan 29-fevral va 21-iyul oralig’ida 3560 askar va xavfsizlik xodimlari o’ldirilgan, 6780 nafari yaralangan.

“Toliblar armiya, afg’on xalqi va hukumatiga qarshi keng ko’lamli hujumlarni amalga oshirmoqda. Tinchlik mahsuli shumi? Ularning istak-xohishlari nima?”, - dedi prezident Kobuldagi majlisda.

Yuqorida qayd etilgan besh oy ichida oddiy aholi orasida o’lganlar 775 nafar, jarohat olganlar 1609 ni tashkil etgan.

Afg’oniston hukumati odatda Tolibon bilan to’qnashuvlarda halok bo’lganlar sonini e’lon qilmaydi. Ammo Prezident G’ani 2018-yildagi nutqida 2015-yildan buyon 28500 askar o’lganini bayon qilgan edi.

AQSh va koalitsiya qo’shinlari 2014-yil oxirida Afg’onistonda janvogar operatsiyalarni tugatganidan beri mamlakatda o’lim sur’ati oshib bormoqda. AQSh o’z harbiylari sonini 9800 gacha kamaytirgan. Hozirda koalitsiyaning vazifasi, asosan, afg’on zobitlariga maslahat berish va treningdan o’tkazishdir.

O’lim ko’rsatkichlari

BMTning Afg’onistondagi missiyasi (UNAMA) ma’lumotiga ko’ra, 2020-yilning birinchi yarmida mamlakatda tinch aholi orasida 1280 kishi o’lgan, 2176 nafari yaralangan. Idora o’lim ko’rsatkichi 2012-yildan beri eng past ekanini qayd etadi. Yaralanganlar 2019-yilning birinchi yarmi bilan qiyoslaganda 13 foizga kam.

UNAMA vakili Stefani Keys buni NATO amaliyotlari va “Islomiy davlat” guruhi hujumlari kamaygani bilan izohlaydi.

“Muzokara stoliga o’tirishi kutilayotgan ikki tomon – hukumat va Tolibonga aloqador o’lim ko’rsatkichlari pasaygani yo’q”, - deydi Keys.

BMT hisobotiga ko’ra, aholi orasida qurbonlarning 43 foizi Tolibon, 23 foizi hukumat hissasiga to’g’ri keladi. Tolibon harakati “bu raqamlarni xavfsizlik idorasi bergan”, deya hisobotni rad etmoqda.

Prezident Ashraf G'ani

Mahbuslar va tinchlik muzokaralari

AQSh va afg’on rasmiylari Tolibon hujumlari tinchlikka asosiy to’siq ekanini ta’kidlab keladi. Vashington hukumat va toliblarni zo’ravonlikdan chekinish, mahbuslarni ozod etishni tezlashtirish va muzokarani boshlashga undamoqda.

“Zo’ravonlik darajasi juda yuqori. Bundan birinchi navbatda oddiy odamlar jabr ko’radi. Zo’ravonlik kamaysagina barqaror tinchlikka erishish haqida gapirish mumkin”, - deydi NATO qo’mondoni Skott Miller.

Mahbus ayirboshlash bo’yicha kelishmovchiliklar – afg’on guruhlari orasida muzokara boshlanishiga yana bir to’siq. AQSh-Tolibon kelishuviga ko’ra, hukumat 5000 tolibni, jangarilar esa 1000 askarni ozod etishi kerak.

Kobul 600 jangarini “o’ta xavfli” deya ozod etishdan bosh tortib kelayotgan edi. Biroq Prezident G’ani tinchlik yo’lida bunga ham rozi ekanini aytmoqda.

“Bir hafta ichida Tolibon bilan to’g’ridan-to’g’ri muzokara boshlanishini kutamiz”, - deydi u.