Amerika yetakchi xalqaro koalitsiya Afg’onistonga bosib kirib, Tolibon va Al-Qoida terror guruhiga qarshi urush boshlaganiga shu kunlarda 10 yil to’ldi.
Harbiy harakatlarning birinchi kuni 2001-yilning 7-oktabri edi. Tolibon hokimiyatdan juda tez ag’darilgan. Lekin urush bu bilan poyoniga yetmadi. Bugun ham avjida.
Jorj Bush va G’arb rahbarlari Tolibonni bir necha kun ichida yer tishlatamiz deganida ko’pchilik ishonmagan. Afg’onistonni besh yil boshqargan Tolibon hokimiyatni boy berdi, ammo urushni emas.
Radikal jangarilar har tomonga qochdi, lekin bu bilan afg’on xalqi va dunyo ulardan qutulmadi.
Tolibon va al-Qoida Tora Bora tog’laridan, yetakchilari esa Pokistondan qo’nim topdi.
Mojaro yanada chigallashdi, uning ko’lami kengaydi.
Xalqaro koalitsiya shuncha qudrati bilan nega jangarilarni tuta olmadi? Ularni qochishga qo’yib berdi?
“Yillar davomida juda ko’p xatolarga yo’l qo’ydik, buni tan olamiz, ayniqsa 2009-yilgacha",- deydi general Karsten Jekobsen, xalqaro koalitsiya qo'mondonlaridan biri.
"Avvalo biz Tolibonning bunchalik katta kuch ekanini anglamadik. 2001-2002-yillardagi g’alabalardan keyin ko’r bo’lib qoldik, hisob. Ko’proq qo’shin kiritib, qattiq yopishish kerak edi”.
Natijada, deydi general, Tolibon Pokiston-Afg’oniston chegarasidagi tog’li hududlarga mahkam joylashib oldi va u yerdan turib katta xurujlarga tayyorlana boshladi.
2003-yilda esa AQSh Iroqqa kirdi. Butun diqqat u yoqqa qaratildi.
Amerika ikki urushni eplay oladi deganlar adashdi. Iroqda Saddam Hussayn ag’darildi, lekin jangari harakatlari avj oldi. Ichki urushlar boshlanib ketdi.
Amerika qo’shinlar sonini oshirib, yangi strategiya ishlab chiqqachgina, vaziyat nazorat ostiga olindi. Qonli hujumlar soni kamaydi. Afg’onistondagi xalqaro koalitsiya bundan saboq oldi.
“Iroq ko’zimizni ochdi. Tegishli xulosa chiqardik…",- deydi general Jekobsen.
"2008-yilning oxiri, 2009-yilning boshlariga borib, shuni ko’rdikki, jangarilarga qarshi operatsiyalar bilan birga mahalliy qo’shinlarni ham tayyorlash kerak. Kurash strategiyamizni yangiladik”.
2009-yilda Barak Obama prezidentlikka kelgach, asosiy e’tiborini Afg’onistonga qaratdi. Qo’shin safi kengaydi. Qo'mondonlar yangilandi. Ko'proq mablag' ajratildi. Yangi jangovar strategiya ishlab chiqildi.
Afg’on xavfsizlik kuchlarining soni ham ko’paytirildi. Ularni tayyorlash asosiy vazifalardan biri deb belgilandi.
Pokiston bilan chegaradosh hududlarda uchuvchisiz, qiruvchi samolyotlar bilan jangarilar va ularning makonlarini nishonga olish taktikasi qo’llandi.
AQSh Qo’shma Shtablar boshlig’i, admiral Mayk Myullen fikricha, o’tgan ikki yilda katta yutuqlarga erishildi.
“Afg’onistonning dushmanlari yer tishlamoqda",- deydi u.
"Xalqaro koalitsiyaga qarshi kurashayotgan kuchlar bugun juda zaiflashgan. O’tgan bir yilda ular shu darajada siquvga olindiki, hozir qolganlari qayerga borishini bilmaydi. Aholi ulardan nafratlanadi. Terror yetakchilari o’ldirildi, boshqalari katta sonda ushlandi”.
Lekin, deydi AQSh admirali, g’alabaga hali erta. Urush hamon davom etmoqda.
Tolibon va al-Qoidadan tozalangan hududlarda nazorat va xavfsizlikni mustahkamlash kerak. Jangarilar bugun taniqli shaxs va rasmiylarni bittadan o’ldirishga tushgan.
"Bugun hammamizning oldimizda turgan murakkab bir savol – dushman qancha qolganidan qat’iy nazar, tinchlikka nima qilib va qachon erishish mumkin? Afg’onlar nega jangarilarga qo’shildi, nega yurtini bunchalik azobladi?" - deydi general Jekobsen.
AQSh o’z qo’shinlarini 2014-yil oxirigacha olib chiqib, xavfsizlikni ta’minlash ishlarini mahalliy qurolli kuchlarga topshirish harakatida.
Ko’mak davom etadi, lekin kelajak afg’on xalqining qo’lida.
Bu urush Amerikaga shu kungacha 400 milliard dollarga tushdi. Mamlakatni qayta tiklash uchun ham milliardlab dollar ajratilgan.
Afg'oniston, xalqaro koalitsiya va Tolibon