Hamid Karzay Tolibon yetakchilari bilan yuzma-yuz uchrashuvga tayyor

  • Amerika Ovozi

Hamid Karzay Tolibon yetakchilari bilan yuzma-yuz uchrashuvga tayyor

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay Tolibonni yuzma-yuz muzokaraga taklif qilib, Pokistonni bu tashabbusni qo’llab-quvvatlashga undadi.

Siyosiy hayotdan chetda qolayotgan fuqarolar, jumladan, toliblarga osuda davlatda joy yetadi, deydi u.

Afg’oniston prezidentining aytishicha, bu reja muvaffaqiyatida va mintaqa barqarorligini ta’minlashda Pokistonning roli muhim.

Afg’oniston Ichki ishlar vazirligi so’zlovchisi Sodiq Sodiqiy rasmiy Islomobodni jangarilarni siquvga olib, murosa qilishga undamoqda. Tolibon va al-Qoida Pokistonning qabilaviy hududlarida yashiringan, deydi u.

Karzay o’tgan haftda Pokistonda prezident Osif Ali Zardariy va Eron rahbari Mahmud Ahmadinajod bilan muzokara qilgan edi.

Sammit paytida Pokiston rasmiylari Karzayga "Tolibonni gapga ko’ndiraman deb orzu qilmang" deb aytgan.

Tashqi ishlar vazirasi Hina Rabboniy Xar nazarida Tolibon rahbari, Pokistonda yashiringani taxmin qilinayotgan Mulla Umar Afg’oniston hukumati bilan bir davrada o’tirib, gaplashmaydi.

Islomoboddagi muzokara paytida Karzay Mulla Umar bilan yuzma-yuz ko’rishishni talab qilib, Pokistonni savolga tutgan bo’lishi ehtimoldan xoli emas, deydi tahlilchilar.

AQShning “Wall Street Journal” gazetasi o’tgan hafta Hamid Karzayning so’zlarini keltirib, Amerika, afg’on hukumati va toliblar muloqot boshlaganini bildirgan edi. Lekin Tolibon buni inkor etib, "Karzayning qo’g’irchoq ma’muriyati bilan gaplashmoqchi emasmiz", degan.

Qatarda kechayotgan dastlabki muzokarada faqat Qo’shma Shtatlar va Tolibon vakillari qatnashayotgani aytiladi.