Bugun Suriya ko’chalarida hukumat kuchlari yana 19 fuqaroni o’ldirgan. BMT va Arab Ligasining Suriya bo’yicha maxsus vakili Kofi Annan Damashqqa safar qilish arafasida ekan, mamlakat armiyasi muxolifatga qarshi hujumlarni kuchaytirmoqda.
BMT sobiq bosh kotibi Kofi Annan Qohirada Arab Ligasi rasmiylari bilan uchrashib, chet eldan biror harbiy kuch Suriyadagi kelishmovchilikka aralashmasligi kerak deb aytgan.
Lekin Suriya rahbari Bashar al-Assadga qarshi kurashayotgan jangarilar nazarida o’z fuqarolariga qarshi urush olib borayotgan hukumat bilan muzokara qilib bo’lmaydi.
Neft sanoati vazirining o’rinbosari Abdu Husamiddin kecha muxolifat safiga qo’shildi.
Tinch aholiga qarshi qonli hujumlar ortida asosan president Bashar al-Assad turibdi, deydi Abdu Husamiddin.
BMT hisobicha, Suriyada o’tgan yili boshlangan va bugungacha davom etayotgan qo’z’golon va namoyishlarda 7500 dan ortiq fuqaro halok bo’lgan.
BMT insonparvarlik yordami rahbari Valeri Amosning aytishicha, Hims shahrining Baba Amr tumanida ahvol nihoyatda og’ir. Bu yerda muxolifatchilar yashiringan deb harbiylar aynan shu hududni qattiq nishonga olmoqda. Mahallalar vayron, aholi orasida o’lganlar ko’p ekani aytiladi.
Valeri Amos bugun Turkiyadagi qochqinlar lagerlarida vaziyat qanday ekani bilan tanishdi. Kamida 11 ming suriyalik hozir bu yerda jon saqlamoqda. Qariyb bir yarim million odam yordamga muhtoj.