AQShda prezidentlikka asosiy nomzodlar Jo Bayden va Donald Tramp Amerikaga kuchli armiya kerakligiga urg’u beradi. Bayden AQSh qurolli kuchlari qudratli ekanini aytsa, Tramp Bayden armiyani zaiflashtirganini, prezidentlikka kelsa, uni tiklashini ta’kidlaydi.
Your browser doesn’t support HTML5
25-may kuni Prezident Jo Bayden Vest-Poynt shahrida AQSh Harbiy akademiyasi bitiruvchilari oldida so’zlab, harbiylar bir paytning o’zida ko’p joyda xizmat qilayotganini ta’kidladi.
“Shu on amerikalik askarlar dovyurak ukrainaliklarni erkinlik uchun kurashida qo’llab-quvvatlamoqda. Harbiylarimiz kunu-tun yer, suv va havo orqali ularga o’q-dori va harbiy texnika yetkazmoqda”, - deydi Bayden.
U Yaqin Sharqni ham tilga oldi.
“AQSh Harbiy-havo kuchlari G’azo ahliga havodan o’n minglab oziq-ovqat tashladi. Eronning yaqinda Isroilga mislsiz hujumi paytida hamkorlarimiz, jumladan arab davlatlari bilan birlashib, hujumlarni qaytardik”, - dedi Bayden.
Uning saylovdagi asosiy raqibi Donald Tramp nazarida, Bayden Amerika armiyasini juda xavfli vaziyatga yetaklamoqda.
“Mamlakatimiz butunlay xo’rlandi. Egri Jo Bayden ismli buzuq, qobiliyatsiz, bizni Uchinchi jahon urushiga tortayotgan prezidentimiz bor”, - deydi Tramp.
Unga ko’ra, Bayden Rossiya yoki Xitoy bilan urush boshlashi mumkin. Tramp siyosiy reklamasida prezidentlikka saylansa, AQSh askarlari Amerika manfaatlarini ustun qo’ygan tashqi siyosatga xizmat qilishiga va’da beradi.
“Ukrainaga yuborilgan qurollar o’rniga omborlarini yangi qurollar bilan to’ldirish uchun Yevropadan xarajatlarni qoplashni so’rayman. Hozir aynan shu ishni qilishlari kerak, ammo Jo Bayden buni so’ra olmaydi, chunki o’ta zaif, hurmati yo’q”, - deydi Tramp.
Baydenga ko’ra, Amerika armiyasi ittifoqlarni kuchaytirmoqda va harbiy salohiyatga sarmoya qilyapti.
“Askarlarimiz zolimlarga qarshi turib qadriyatlarimizni himoya qilmoqda, tinchlikni saqlamoqda, erkinlik va ochiqlikni himoya qilmoqda. AQSh Qurolli kuchlari tufayli biz o’ziga xos, yagona bo’lgan, dunyodagi yolg’iz super kuch va yetakchi demokratik davlat bo’lmish Amerikagina qila oladigan narsalarni qilyapmiz”, - deydi Bayden.
AQSh Mudofaa vazirligiga ko’ra, 2023-moliya yilida armiya, harbiy-dengiz va harbiy-havo kuchlari askar yollash bo’yicha rejani bajarmagan - 40 mingga kam askar harbiy xizmatga jalb etilgan.
Tramp buni izohlarkan, ko’p odam Baydenning LGBTQ ga xayrixoh siyosati va siyosiy qatag’onlari tufayli qurolli kuchlar safida xizmat qilishni istamayotganini aytadi.
“Men Amerika qurolli kuchlarining mag’rur madaniyati va sharafli an’analarini davom ettiraman, marksizm va kommunizmga yo’l qo’ymayman, fashistlardan tozalayman”, - dedi Tramp.
AQSh Mudofaa vazirligi esa harbiy xizmatga qiziqishning pasayganini iqtisodiyotning kuchaygani bilan, yoshlarda iqtisodiy imkoniyatlar ko’paygani bilan va 12 yoshdan 27 yoshgacha bo’lgan Zet avlodining davlat idoralariga ishonchsizligi bilan izohlaydi.