Isroil salkam uch oydan beri G’azoda harbiy harakatlar olib borarkan, mojaroning Yaqin Sharq bo’ylab tarqalishidan xavotirga tushgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken mintagaga yo’l oldi, bir hafta davomida bir necha mamlakat, jumladan Isroilda bo’ladi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Davlat kotibi Turkiya, Gretsiya, Iordaniya, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Isroil, G’arbiy Sohil va Misrda hamkasblari va boshqa rasmiylar bilan uchrashadi”, - deydi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Mettyu Miller.
Seshanba kuni Livanda “XAMAS” rahbarlaridan biri Solih Aruriyning Isroil dron hujumida o’ldirilishi ketidan mojaro jug’rofiyasi kengayishi ehtimoli kuchaydi.
Millerning aytishicha, Blinken yuzaga kelgan taranglikni yumshatishga harakat qiladi.
"Davlat kotibi 7-oktabrdan beri mojaro kengayishining oldini olishga urinmoqda, bu gal ham shunday qiladi. U taraflarni muayyan qadamlarni qo’yishga undaydi, eskalatsiyaning oldini olish uchun mintaqadagi boshqa kuchlarga ta’sirini o’tkazishlarini so’raydi. Mojaroning G’azodan tashqariga yoyilishidan hech kim manfaatdor emas – na Isroil, na mintaqadagi boshqa davlatlar, na dunyo”, - deydi Miller.
Isroil XAMASning 7-oktabrdagi hujumidan so’ng harakat rahbarlarini yo’q qilishi haqida bildirgan, shimolda Livan bilan chegarada harbiylari shay holatda ekanini ma’lum qiladi.
Isroil harbiy harakatlari natijasida G’azoda o’lgan falastinliklar soni 22 mingdan oshgan. Shunga qaramay, AQSh Prezidenti Jo Bayden yahudiy davlatni himoya qilmoqda va buning uchun ko’plar uni tanqid qilyapti.
Ayrim kuzatuvchilar Bayden yoki Blinkenning Isroilga ta’siri cheklangan ekanini aytadi.
“Ko’plar AQShda sehrli tugmacha bor degan afsonaga ishonsa kerak deb o’ylayman. Agar biz qurol uzatishni to’xtatsak yoki ayrim senatorlar taklif qilganidek, Isroilga pul berishni bas qilsak, Isroil o’zi yuzlashayotgan tahdid muhitida boshqacha fikrlashga majbur bo’ladi deb o’ylashsa kerak”, - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq institutidan Brayan Katulis.
AQSh Davlat departamentiga ko’ra, mintaqa bo’ylab safari chog’ida Blinken Isroilda, G’azoda va G’arbiy Sohilda tinch fuqaroni himoya qilish va unga yordam ko’rsatish kerakligiga urg’u beradi.