Tojikiston mintaqada bosh islohotchi, deydi nufuzli mukofot sohibi Matluba Uljabaeva

  • Amerika Ovozi

Tojikiston mintaqada bosh islohotchi, deydi nufuzli mukofot sohibi Matluba Uljabaeva

Fuqarolik jamiyati, biznes taraqqiyot va odil boshqaruvni yoqlab, bu boradagi loyihalarga mablag’ ajratuvchi Yevrosiyo Jamg’armasi har yili sobiq Sovet davlatlaridan faol fuqarolarni mukofotlaydi.

Bill Meyns nomidagi bu yilgi sovrin g’oliblaridan biri tojikistonlik Matluba Uljabaeva. Biznes sohasida qariyb 25 yildan beri ishlab kelayotgan bu tadbirkor yurtida islohotchi sifatida tanilgan.

Matluba Uljabaeva Dushanbe Pedagogika Institutini matematik diplomi bilan bitirgan; huquq va ta’lim sohalarini o’rgangan. Tojikiston Kompartiyasi sobiq bosh kotibi Tursun Uljabaevning qizi.

Tojikiston mintaqada bosh islohotchi, deydi nufuzli mukofot sohibi Matluba Uljabaeva

Mamlakatda obro’si baland ekan, bizneslar himoyasi yo’lida hukumat qarorlarini savolga tutib, taklif bilan chiqa oladigan shaxs.

Tojikiston Ta’lim vazirligida ishlagan. “Indigo” mobil aloqa kompaniyasida ijrochi direktori bo’lgan. BMT Taraqqiyot dasturida donorlarni jalb qilish bilan shug’ullangan.

Hozirda Matluba Uljabaeva Tojikiston kichik va o’rta bizneslar milliy uyushmasining raisi. Bu guruh O’zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Tadbirkor ayollar milliy uyushmasi bilan hamkor.

Matluba Uljabaeva


“Biznes boshqaruvi masalasiga 1999-yilda jiddiy e’tibor bera boshladim. Urushdan keyingi payt edi. Qo’lida quroli borlar, shuningdek, bevalar, ishsizlar, boquvchisini yo’qotganlar juda ko’p edi. O’shanda BMTning tiklanish, reabilitatsiya va taraqqiyot dasturida ishlar edim. Loyihalar uchun donor, homiy izlash bilan shug’ullanar edim".

"Bu loyihalarning bari yangi ish o’rinlari yaratish, ayollar, bolalar va yoshlarni himoya qilishga qaratilgan edi. Sobiq jangarilarni tinch hayotga qaytarish bilan shug’ullanar edik. Mana shu tajriba meni xususiy va nodavlat sektorga olib kirdi”,- deydi Matluba Uljabaeva.

Uning fikricha biznes sohasiga doir qonunlarni soddalashtirish kerak. Tojikistonda bu o’zgarishlar samara berdi, deydi arbob.

Tojikiston mintaqada bosh islohotchi, deydi nufuzli mukofot sohibi Matluba Uljabaeva

“Biz mintaqada islohotlar bo’yicha yetakchi hisoblanamiz”, - deydi u. “Tadbirkorni himoya qiluvchi qonun loyihalari ishlab chiqilmoqda. Bizneslarni tekshirishga ikki yillik moratoniy qo’yilgan edi. Lisenziyalar soni kamaytirildi. Yangi yildan e’tiboran eksport-importga doir bojxona proseduralari yengillashadi. Bu bilan esa tadbirkorning hayoti osonlashadi”, - deydi Tojikiston kichik va o’rta bizneslar milliy yyushmasi raisi.

U soliq sohasida kamchiliklar serob ekani, resurslar yetarli emasligini ta’kidlab o’tadi. Lekin bu yo’lda ko’p ishlar qilinmoqda, deydi u.

Tojikiston mintaqada bosh islohotchi, deydi nufuzli mukofot sohibi Matluba Uljabaeva

Jahon Banki izlanishlariga ko’ra, Tojikiston aholisining yarmi yo’qsillikda yashaydi.

“Bu hisobotlar aksariyat hollatda yuzaki. 10 yil oldingi ahvol bilan bugungini qiyosalasak, xaridor ishonchi kuchaygan, yordamchi xo’jaliklar soni oshdi, hukumat qarori bilan odamlar yerni 99 yilga ijaraga olishi mumkin. Fuqaroning daromadini birov hisoblab ko’rdimi? Muhojirlar jo’natayotgan pulni ham inobatga oling”, - deydi u.

Aytish joiz, Jahon Banki Tojikistonda o’rtacha daromad oshib borayotganini qayd etadi. Lekin, ko’pchilikning dardi shuki, maosh tirikchilikka yetmaydi.

Tojikiston mintaqada bosh islohotchi, deydi nufuzli mukofot sohibi Matluba Uljabaeva

Matluba Uljabaeva fikricha, Tojikiston yoki O’zbekiston fuqarolari Rossiya, Qog’izston yoki G’arbdan ish qidirishi ijobiy hol. Chunki ular yangi bilim, malaka oshirib, til o’rganib vatanga qaytadi.

“Millionga yaqin tojikistonlik hozir Rossiyada. Bu normal hol. Odamzot rivojlanadi, yangi joy izlaydi, bu tabiiy”, - deydi mutaxassis.