Demokrat Barak Obamadan Oq Uyni tortib olishga bel bog'lagan respublikachilar soni bittaga kamaydi.
Jorjiya shtatidan chiqqan da'vogar, tadbirkor Xerman Keyn (Herman Cain), jinsiy bosim va vafosizlik ayblovlari ostida poygadan chiqdi.
Amerika siyosatida bunday hollar ko'p bo'lgan. Kamida besh ayol tomonidan tegajoqlikda va o'tgan hafta yana bir juvon tomonidan 13 yillik ishqiy munosabatlarda ayblangan arbobning oldida boshqa yo'l yo'q edi, deydi siyosiy tahlilchilar.
Xerman Keyn o'zini yangicha siyosatchi, Vashingtondagi hukmron "eski" doiralardan yiroqda bo'lgan lider deb tanishtirib kelayotgan edi.
"Amerika kelajagi va ravnaqi uchun kurashni davom ettiraman", - deydi u, "faqat bu kurashni Vashingtonda emas, tashqarida olib boraman".
Tashqi siyosatni ikkilamchi masala deb hisoblaydigan Keyn matbuotga bergan intervyularidan birida, O'zbekiston singari "kichik va ahamiyatsiz davlatlarning prezidenti kim ekanini bilishim shart emas, vaqti kelganda bilib olaman", - deya ko'pchilikni ajablantirgan edi.
Hatto o'z partiyasi a'zolari ham uni loqaydlik va bilimsizlikda tanqid qilgan edi.
Bugun Atlanta shahrida uning prezidentlik kampaniyasi uchun bosh idora ochilishi kerak edi.
Lekin ayblovlar tinmas ekan, Respublikachilar partiyasi Xerman Keynga poygadan chiqishni maslahat bergan.
Omma e'tiborini uning mashmashalari emas, konservativ mafkura va g'oyalarga qaratish, boshqa respublikachi da'vogarlarga diqqatni oshirish kerak, deydi respublikachilar.
Xerman Keyn uni jinsiy bosim va munosabatlarda ayblagan ayollarning ayrimlarini yaxshi bilishini aytadi, lekin "biror nojo'ya harakat qilmaganman" deb keladi.
Bugungi e'lon paytida rafiqasi Gloriya uning orqasida turdi.
Respublikachi nomzodlar orasida hozir sobiq kongressmen Nyut Gingrich oldinda ketmoqda. Massachusetts shtati sobiq gubernatori Mitt Romni reytinglarda ikkinchi o'rinda.
Nomzodlarni saralash jarayoni Ayova shtatida yangi yilning 3-yanvarida boshlanadi. Yoz oxiriga borib yagona nomzod tanlanadi va u 6-noyabrda Barak Obama bilan bellashadi.