Shu yilning o’zida Markaziy Amerika mamlakatlaridan minglab bola zo’ravonlik va jinoyatlardan qochib, AQShga keldi. Ammo chegarani kesib o’tgach ular boshqa turdagi muammolarga yuz tutadi. Sudda o’zini himoya qilishga majbur, aks holda deportatsiya qilinadi. Nyu-Yorkdagi bir sud jarayonidan ayon bo’lishicha, bu gumanitar va byurokratik muammoning ayrim jihatlaridan qonunchilarning o’zi ham boxabar emas.
Odamga to’la sud zalida Markos Krespo AQShga kattalarsiz kelib, endi chegarada saqlanayotgan bolalar markaziga borgani haqida ehtiros bilan gapirmoqda. Nyu-York shahar kengashining Yangi amerikaliklar ishchi guruhi raisi immigrantlar dolzarb siyosiy masala ekanini yaxshi tushunadi.
“U yerga borib bu begunoh go’daklar chehrasiga bir boqing-a. Shunda aslida bizning vazifamiz shu bolakaylar, shu yoshlarga, bizga muhtoj bo’lgan, madad kutayotganlarga yordam qo’lini cho’zish ekanini anglab yetasiz”.
Aksariyat bolalar ishi sudda ko’rilishi kerak. Sud yoki ularni deportatsiya qiladi, yoki vatanida zo’ravonlik qurboni bo’lishi xavfini inobatga olib AQShda siyosiy boshpana berish haqida qaror chiqaradi.
Ammo Nyu-Yorkdan huquqshunos professor Lenni Bensonga ko’ra, bu bolalarning aksariyatida malakali advokat yollash imkoni yo’q. Demak, AQSh sudlari hamda Fuqarolik va immigratsiya xizmatiga o’z muammosini tushuntira olmaydi.
“Bu esa ularning immigratsion suddan vasiylik sudiga yuborilishi, so’ngra yana immigratsion sudga qaytarilishi anglatadi. So’ngra yana Immigratsiya xizmati, ijtimoiy xizmatlar idorasi… So’ngra, omadi chopsa, “Green Card” oladi. Yosh bola bunday jarayondan qanday o’ta oladi, qani aytingchi?” - deydi Benson.
Bolalar taqdirini hal qilish oilaviy sudlar uchun ham oson ish emas. Jarayonda ekspertlar ko’rsatma beradi, bolalar uyiga borib, yashash sharoitini ko’radi, ularni psixologik testlardan o’tkazadi. Bu esa immigratsion sudlarning deportatsiya masalasini tezda hal qilish maqsadiga ziddir.
Advokat Jennifer Fridman deydiki, federal va shtat qonunlari orasida ham muammo tug’ilishi mumkin. Oilaviy sudlarga bu masalalarni ko’rib chiqish qiyin.
“Ular xalqaro huquq bo’yicha mutaxassis emas, axir. Ammo bu jarayonda bir sohada ekspert bo’lgan odamlardan mutlaqo boshqa sohaga oid muhim qaror qabul qilish so’raladi,” - Fridman.
Inson huquqlari va qochqinlar huquqlari bo’yicha ekspert, advokat Maykl Kuper esa huquqlarini himoya qilish vazifasini bolaning o’ziga yuklash AQSh Konstitutsiyasiga zid ekanini aytadi.
“Sakkiz yoshli bola bir o’zi kursida o’tirgani, oyoqlari polga yetmayotganini tasavvur qiling-a. U tajribali advokat bilan olishishga, o’zini himoya qilishga majbur. Hayot-mamot masalasida. Bu adolatdanmi?” - deydi Kuper.
Obama ma’muriyati Kongressdan bir o’zi AQShga kelgan bolalar masalasini hal etish uchun qo’shimcha mablag’ ajratishni so’ragan. Ammo noyabrgi saylovlardan oldin masalaning ko’rib chiqilishi amri mahol.