Markaziy Yevrosiyo tadqiqot jamiyati yillik anjumanidan lavha

Your browser doesn’t support HTML5

Markaziy Osiyo haqida anjuman, Viskonsin universiteti - CESS 2013 Univ. of Wisconsin - Madison

Yaqinda AQShning Viskonsin shtati Madison shahrida xalqaro ilmiy anjuman bo’lib o’tdi. Konferensiyalar odatda yangilik emas, lekin bunisining ahamiyati shundaki, unda Markaziy Osiyo bo’yicha dunyoning yetakchi olimlari va akademiklari yig’ilib, fikr almashdi va o’zining yangi ilmiy ishlarini tanishtirdi. Kitoblar va tahliliy asarlar, jumladan hujjatli filmlar muhokama qilindi.

Your browser doesn’t support HTML5

CESS 2013 - Markaziy Osiyo haqida anjuman-Navbahor Imamova


MADISON

Viskonsin Amerikaning markaziy qismida, biroz shimolda joylashgan shtat. Qishloq xo’jaligi, ayniqsa chorvasi va sut mahsulotlari, masalan pishloqlari bilan tanilgan. Tekisliklardan iborat. Ko’llar ko’p bu yerda. Kuz o’ziga xos go’zal bir mavsum.

Poytaxtiga bu davlatning to’rtinchi prezidenti Jeyms Madisonning nomi berilgan. Madison yuragidagi Kapitoliy binosi Vashingtondagidan sal kichik, nafaqat mahalliy parlament, balki oliy sud va shahar hokimiyati ham shu majmuada joylashgan.

Shaharning asosiy bezagi bu 42 mingdan oshiq talaba. Viskonsin universitetining Madisondagi kampusida shuncha odam bilim oladi. Davlat oliygohi. 1848-yilda asos solingan. Mendota va Monona ko’llari orasida joylashgan. “Bucky Badger” – uning timsoli.

VISKONSIN UNIVERSITETI VA MARKAZIY YEVROSIYO TADQIQOT JAMIYATI

Viskonsin universitetida (University of Wisconsin-Madison) Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo Markazi (CREECA) bor. Yevrosiyo bo’ylab turli sohalarni o’rganib kelayotgan mutaxassislar bu yili shu yerda yig’ildi.

1990-yillarning oxiri, 2000-yillarning boshida nufuzli universitetlarda mintaqa bo’yicha izlanayotgan olimlar Markaziy Yevrosiyo Tadqiqot Jamiyati (CESS-Central Eurasia Studies Society) tuzadi. Bu tashkilot o’z yillik anjumanlarini Shimoliy Amerika bo’ylab turli oliygohlarda o’tkazib keladi.

Viskonsin universitetining ko’zga ko’ringan professorlaridan biri, tatar olimi Yulay Shamilo’g’li (Uli Schamiloglu),
biz bilan suhbatda, konferensiya - oliy darajadagi ilmiy mushohada sahnasi, deydi. Bu uzoq yillik an’ana, ilmiy kengash, mushohada. Sovet davri poyoniga yetgach, mintaqaga yangi ko’z bilan qarab, uni izchil o’rganishga bel bog’ladik, deydi Shamilo’g’li, biz bilan o'zbekcha gaplashar ekan.

“1996-yildan boshlab har yili yig’ila boshladik. 2000-yilda Markaziy Yevrosiyo Tadqiqot Jamiyatini qurish kerak deb qaror chiqardik... 2003-yilda Garvard universitetida juda katta majlis bo’ldi, 800 dan ko’proq odam qatnashdi. Oxirgi marta Madisonda 12 yil oldin anjuman qilgan edik. Mana yana yig’ildik”.

Markaziy Yevrosiyo deganda Kavkazdan tortib Tibetgacha bo’lgan hudud tushuniladi. Siyosat va iqtisod, jamiyat va hayot, din va madaniyat, jurnalistika va erkinlik, huquq va demokratiya, tarix va adabiyot – turfa xil mavzularda qizg’in muhokamalar, bahslar.

Stiv Levin (Steve Levine) “Tashqi siyosat” jurnali muharrirlaridan biri va AQShning energetik siyosatini izchil tahlil qilib kelayotgan ekspert.

O’z ma’ruzasida u Amerika 2014-yildan keyin Markaziy Osiyoga nisbatan qanday yondashishi mumkinligi, Vashington oldida turgan jumboqlar xususida gapirdi.

“Markaziy Osiyo va Kavkazda rahbarlar yangi energetik va iqtisodiy bitimlar imzolab, Xitoy ularning bu boradagi eng yirik biznes sherigiga aylanmoqda. Siyosiy muvozanat o’zgarmoqda. Amerika va Eron orasidagi uzoq yillik dushmanona munosabat barham topsa, bu zamonning eng olamshumul voqeasi bo’ladi va uning butun mintaqaga ta’siri beqiyos… Amerika va umuman G’arb Yevrosiyoga nisbatan siyosatini qayta ko’rib chiqishi va tobora o’zgarib borayotgan reallikni tan olishi lozim deb hisoblayman. Yangi davr bo’sag’asidamiz”,- deydi Levin.

O’zbekistondan mendan boshqa yana ikkita qatnashchi bo’ldi. Biri Yevropada ishlayotgan mutaxassis, boshqasi esa vatanda. Kamera oldida gapirishga botinmadi. Turkmanistondan hech kim yo’q. Tojikistondan ham juda oz. Qozog’istondan eng ko’p odam. Nazarboyev universiteti anjuman homiylaridan biri. Qirg’izistondan bir necha olim kelgan.

Bunday yig’inlarda qatnashish uchun moliya kerak. Til bilish va bu doiralar talabiga javob bera oladigan darajada, ingliz tilida yoza, gapira va bahslasha olish lozim.

Garvard va Jorjtaun universitetlarida dars beradigan Laura Adams anjuman tashkilotchilaridan biri.

“Akademik jihatdan bu anjumanlar juda muhim. Maqsad – yosh tadqiqotchilarni rag’batlantirish, ularga yo’l ko’rsatish, ustozlik qilish va ilmiy saviyani yuqori pog’onaga olib chiqish. Qaysi mavzuda nima uchun izlanayapsiz, u nimasi bilan yangi va nimasi bilan ahamiyatli? Har qanday ilmiy izlanish mana shu savollarga javob berishi lozim”,- deydi Adams.

“Anjumanda qatnashish uchun pul topish hamisha qiyin masala. Hamma narsani erta rejalash kerak. Tadqiqot uchun mablag’ ajratilganida uni taqdim etish uchun konferensiyalarga ham borish kerakligi hisobga olinishi lozim. Afsuski, har bir olim uchun doimiy boshog’riq va uning oson yo’li yo’q. Viza olishda biz yordam beramiz, lekin qatnashchi barcha xarajatlarni o’zi to’laydi”.

Qozog’istonning Al-Farobiy universitetidan tilshunos, professor Raushan Avakova:

“Bu anjumanning menga yoqqan tomoni olimlar va tadqiqotchilar bilan tanishganim. Turli mavzular muhokama qilinayotgani… Nafaqat adabiyot va madaniyat, balki siyosat, jurnalistika va bugungi vaziyat. Qozoq tili xususida gaplashdik. Qozog’istonda shunday yig’inlar kam o’tadi. Bu yerda esa dunyo olimlari bilan tilimiz kelajagi haqida gaplashib o’tiribmiz, albatta bu meni quvontiradi”.

Qatnashchilar orasida turl elat va yurt vakillarini ko’rasiz. Sotsiologlar, antropologlar, siyosatshunoslar, dinshunoslar, siyosiy tahlilchi va xalqaro jurnalistlar. Ularni birlashtirib turadigan narsa Markaziy Osiyo va uning atrofidagi ulkan, murakkab va bag’oyat muhim hudud.

Germaniyaning Humboldt universitetidan Jesko Shmoller (Jesko Schmoller) olimlar axborot vositalarida ko’proq chiqishi va jurnalistlar bilan ishlashi kerak deydi. Ilmiy ishlarning mag’zini chaqib, jamoatchilikka tushuntirib berish, muammolarga yechim taklif qilish ham bizning bo’ynimizda, deydi u. 2006-2007-yillarni O’zbekistonda o’tkazgan, asosan yoshlar hayotini o’rgangan.

“O’zbek tilim uncha yaxshi emas, lekin gapirishga harakat qilaman. Bir yarim yil Toshkentda, Yunusobodda yashaganman. Dastlab Toshkent davlat yuridik universitetida dars berganman, keyin esa moliya institutida. Dessertatsiyam O’zbekiston yoshlari kelajakni qanday ko’rishi haqida. Qayerda ishlashni xohlaydi? Zamondan nima istaydi? - deydi olim.

Illinois universiteti magistranti Lidiya Medill-Katedral (Lydia Medill-Catedral) yoshligida O’zbekistonda yashagan ekan. Samarqandda bilim olgan. Tilni biladi. Bugungi ilmiy ishi ham shu sohada.

“Anjumanda birinchi marta ishtirok etishim. Maqsadim - O’zbekiston va Markaziy Osiyo haqida olimlar nima deyapti, mintaqadan kelganlar qanday mavzularni ko’tarayapti, shularni eshitish”.

Registan.net sayti bosh muharriri Noa Taker (Noah Tucker) o’z prezentatsiyasida O’zbekistonda asoslangan islomiy saytlar haqida gapirdi.

Hukumat ularga ruxsat berib, global tarmoqdagi diniy munozara va bahslarni o’z nazoratiga olmoqda, deydi u. Info.islom.uz singari sahifalar Islom Karimov siyosatini savolga tutmaydi, ammo musulmon dunyosidagi o’zgarishlarni diniy nuqtai nazardan tahlil qilishga harakat qiladi. Ularning ta’siri qancha ekanini bilish qiyin, lekin bu saytlarning mavjud ekani o’ziga xos siyosat, qiziq bir jarayon, deydi ekspert.

“O’zbekiston hukumatiga ko’ra, siyosat va din bir-biriga aralashmasligi kerak. Dindorlar Suriyada yoki arab dunyosida bo’layotgan voqealarni shunday tahlil qiladiki, O’zbekistondagi siyosatga til tekkiza olmaydi yoki mash’um o’zgarishlarni respublika bilan bog’lay olmaydi. Ruxsat berilgan saytlar mazmuni mana shunday ehtiyotkorlikka asoslangan”,- deydi Taker.

"Mening ismim Morgan Lui. Ogayo davlat universitetida, Kolumbus shahridagi oliygohda, madaniy antropologiyadan dars beraman va izlanaman",- deya o'zini tanishtirad ishtirokchilardan biri.

"Bunday anjumanlarda ko’p qatnashaman, chunki hamkasblarim shu yerda. Tadqiqotlarim O’zbekiston va Qirg’iziston bilan bog’liq. Mintaqadan kelganmi yoki xorijlik, mutaxassislar fikrini bilish men uchun juda muhim. Markaziy Osiyoning buguni va o’tmishi haqida fikr almashamiz, bir-birimizdan o’rganamiz. Biz nafaqat olimlarmiz, balki do’stlarmiz. Biz uchun Markaziy Osiyo olamshumul o’zgarishlar yuz berayotgan, demokratiya, din, siyosiy-ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan qaynoq, ochilmagan sirlarga boy diyor. Nazarimda uni qanchalik o’rgansak, shuncha kam. Mintaqa dunyo bilan yaqindan bog’lanmoqda, men o’z ilmiy ishimda mana shunga ko’p e’tibor beraman”,- deydi Liu.

Monika Uitlok (Monica Whitlock) “Bi-Bi-Si” (BBC) tereradiosida uzoq yillardan beri mintaqani yoritib keladi.

Bir paytlar Uitlok Toshkentda muxbirlik qilgan. Tashkilotning u yerdagi idorasini boshqargan. Anjumanda uning o’tgan yili Qirg’izistonda suratga olingan hujjatli filmi muhokama qilindi. Unda bosh qahramonlar mahalliy o’zbeklar. Filmda ular o’z hayotlari haqida o’zlari hikoya qiladi. Xalq dardini, uni qiynayotgan muammolarni yoritish uchun jurnalist uning nomidan gapirishi shart emas, deydi Monika Uitlok. Odamlarga imkoniyat berilsa bas. Yangilik va uning tahlili – jamoatchilikning o’zi, uning turmushi, deydi u.

“Odamlar nima haqda gapirishni xohlasa, gapirsin, dedik. Kamerani ularning yuziga yaqinlashtirmay, uzoqroqdan turib, keng manzarani suratga oldik. Natijada ekranda serqirra bir hayot aks etdi, jamiki jihatlarni o’z ichiga olgan tasvir. Odamlar his-tuyg’ularini, tashvish va quvonchlarini bemalol ayta oldi”,- deydi jurnalist.

“Markaziy Osiyoni yanayam ko’proq yoritish kerak deb hisoblayman. Afsuski, jurnalistlarning mintaqaga kirib-chiqishi qiyin, aks holda biz rang-barang mavzularda boy materiallar tayyorlagan, G’arb va butun dunyoga Markaziy Osiyoni yaqindan tanishtirgan bo’lar edik. Mintaqa xorijiy axborot vositalari uchun cheklangani bois reportaj va maqolalar mazmuni ham cheklangan, ko’p hollarda mana shu cheklovlar haqida. Byuro bo’lsa, hayotni yaqindan kuzatib, ijobiy va salbiy o’zgarishlarni har tomonlama yoritish imkoniyatiga ega bo’lamiz”.

Jurnalist deydiki, biror mavzuni ochib berishda manzarani sahnalashtirishga hojat yo’q. So’zlovchiga biror bosim o’tkazmay, uni tinglash kerak, xolos. O’shda o’zbek xonadonlarida shunday ishladik, deydi u. Pirovardida odamlar jurnalistga ko’proq ishondi va ko’nglini ochdi. Omma ishonchi jurnalist, tahlilchi uchun eng oliy ne’mat.

Olimlar orasida Markaziy Osiyo tillarini va madaniyatini yaqindan o’rganganlar ko’p. Ularni mintaqaga yetaklagan sabab ko’p hollarda - oddiy qiziqish; Yevropa va Osiyo, sharq va g’arb uchrashgan joyni tadqiq etish.