Chechenistonda xotin-qizlar boshini o'rashga majbur

  • James Brooke
    Diana Markosian

Ayollarning o'zi bu borada turlicha fikrda. Kimdir "bizni majburlamang" desa, kimdir ro'mol milliy kiyim deydi. Hukumat sukutda.

Chechenistonda juma kunlari davlat xizmatidagi xotin-qizlar boshini o’rashi, uzun etakli va yengli kiyimlar kiyishi buyurilgan.

Checheniston poytaxtida qayerga bormang, xavfsizlik xizmatchilarini ko’rasiz. Ularning soni oddiy fuqarolardan ham ko’pdek tuyuladi.

Bir maktabga kiraverishda ikki soqchi turibdi. Eshikka yaqinlashgan qizga “boshingni yop” deb baqirganini eshitasiz.

O’quvchi bu qoidani unutganini tan olgandek bo’lib, sumkasidan darrov qora ro’molini chiqarib, o’rab oladi.

Bu hol Rossiya hukumati ishongan rahbar Ramzan Qodirov qo’li ostida Checheniston konservativ musulmon jamiyatiga aylanib borayotganiga bir misol.

Chechenistonda xotin-qizlar boshini o'rashga majbur

Chechen ayollari bilan gaplashsangiz, ulardan sobiq Sovet o’lkalaridagi boshqa onaxonlar beradigan javobni eshitasiz. Kimdir buvisi paranji tashlab, erkin-ochiq hayotni ma’qul ko’rganini, qizlarini shunday tarbiyalagani haqida faxrga to’lib aytib bersa, boshqalar ro’mol milliy kiyim-boshning ajralmas qismi ekanini eslatadi.

Malika Omarova Grozniyda asoslangan nohukumat tashkilot, Chechen Ayollari Ittifoqini boshqaradi.

"Sharm-hayo degan narsa bor. Boshni o’rash odobdan. Bu sipolik belgisi",- deydi u.

Chechenistonda xotin-qizlar boshini o'rashga majbur

"Talabalik yillarimda boshyalang yurardim. Hech kim meni ro’mol o’ra deb majbur qilmagan. Lekin ayollarimiz boshini o’rashi kerak deb o’ylayman, chunki biz chechenmiz, bu milliy timsol”.

Yaqin o’tmishda Checheniston ikki qonli urushni boshdan kechirdi. Rossiya armiyasi va jangari kuchlari bu hududda aholiga qarshi mash’um jinoyatlarni amalga oshirgani haqida dalil-isbot yetarli.

Ramzan Qodirov qattiqqo’l rahbar sifatida tanilgan. Uning nazorati ostida o’lka nisbatan barqarorlashib, hayot biroz izga tushgani, iqtisodiyot yaxshilangani aytiladi. Kreml Chechenistonni rivojlantirish uchun katta miqdorda mablag’ ajratgan.

Shu bilan birga Checheniston hozir islomiy tiklanish jarayonini boshdan kechirmoqda.

Grozniydagi katta masjid

Grozniyda zamonaviy kafe va restoranlar, moda va go’zallik salonlarini ko’rasiz. Lekin shahar ko’chalari bo’ylab ochiq kiyingan ayollarni deyarli uchratmaymiz.

Universitet va boshqa ilm maskanlari, davlat idoralari va muassasalarida ro’molsiz yurishga haddi siqqan xotin-qizlar nishonga olinib jazolanayotgani, do’pposlanayotgani haqida xavotirli gaplar eshitasiz.

Checheniston rasmiylari bu ma’lumotlar yolg’on deydi. Rahbariyat ro’mol va umuman ayollar kiyim-boshi haqida biror qaror chiqarmagan degan javob olasiz.

Eski urf-odatlar qaytayotgani, odamlarning islom haqida bilimi oshgan sari ijtimoiy o’zgarishlar ro’y berayotgani qayd etiladi.

Zargan Maxajiyeva, “Nisso” degan mintaqaviy markaz rahbari. Bu tashkilot huquq himoyasi bialn shug'ullanadi.

Chechenistonda xotin-qizlar boshini o'rashga majbur

Chechen ayollari istasa o’rasin, istamasa o’ramasin, bu ularning huquqi, deydi Maxajiyeva.

“Ularni hech narsaga majburlashga haqqingiz yo’q. Ayol borki, ro’molni o’z xohlab o’rasin. Bosim o’tkazmang",- deydi Maxajiyeva.

"Nima keragi bor bunday muammolar chiqarishni, to’siqlar qo’yishni uning yo’liga? O’zi Chechenistonga shu yetmay turgandi. Nimalarni ko’rmadi chechen ayoli? Ikki shafqatsiz urush domidan hali ham chiqqanimiz yo’q. Hamon uning dahshatida yashayapmiz. Chechen ayollari to’ygan bu talablardan”! – deya hayqiradi Zargan Maxajiyeva.