Chernobildan 25 yil o’tib … Yadroviy halokat saboqlari

Chernobildan 25 yil o’tib … Yadroviy halokat saboqlari

1986 yil 26 aprel – dunyodagi eng yirik yadroviy halokat ro’y bergan kun sifatida tarixga kirgan.

Ukrainaning Chernobil atom stansiyasida portlash ro’y berib, radiatsiya butun Yevropa bo’ylab tarqaladi.

Fojiadan chorak asr o’tib, inshoot atrofidagi 30 kilometrli zona hali ham bo’m-bo’sh, radiatsiya tahdidi ketmagan.

Olimlarning aytishicha, reaktorni o’rab turgan temir devor yil sayin eskirib bormoqda, uni yangilash vaqti yetgan.

Chernobildan 25 yil o’tib … Yadroviy halokat saboqlari

Pripyat, Ukraina. 1970-yillarda Chernobyl atom stansiyasi xizmatchilari uchun bunyod etilgan posyolkani “o’lik shahar” deyishadi.

Qor-u yomg’ir ostida nurab ketgan ko’p qavatli binolar, bog’cha va maktablar. Onda sonda sayyohlarga ko’zingiz tushadi.

Pripyat shahrining bir paytlar 50 ming aholisi bo’lgan. Ortda qolgan shaxsiy buyumlar, suratlar, uy anjomlari egasini kutib yotgandek.

O’tgan asrning eng yirik fojiasi, Chernobil atom elektr stansiyasida avariya yuz berganiga 25 yil to’ldi.

1986 yilning 26 aprel tongida stansiyaning to’rtinchi reaktori ustida o’tkazilgan eksperiment bunga sababchi bo’lgan.

Reaktor qizib, kuchli bosim ostida portlash ro’y beradi va bino tomini vayron qiladi. Pripyat shahri uzra radiatsiya tarqala boshlaydi.

Halokatni bartaraf etish uchun qum ortilgan vertolyotlar safarbar etilganiga qaramay, yong’in bir necha kun davom etgan.

Chernobildan 25 yil o’tib … Yadroviy halokat saboqlari

Chernobildan zaharli moddalar ko’p o’tmay shamol va yomg’ir bilan katta maydonga tarqaldi. Ukraina, Belarus, Rossiya, keyinchalik Skandinaviya davlatlari, Britaniya va Yevropaning boshqa qismlariga.

Nihoyat, portlashdan ikki kun o’tib Pripyat aholisini evakuatsiya qilish to’g’risida buyruq keladi. Guvohlarning aytishicha, odamlarni “vahimaga berilmang, hammasi joyida, ko’pga emas, vaqtincha ko’chayapsizlar”, deb ishontirishgan.

Sovet hukumati avvaliga Chernobilda nima bo’lgani haqida lom-mim demaydi. Fuqarolar ham chetdan kelayotgan xabarlarga emas, rasmiy axborot vositalariga ishonadi.

Ukrainadan yuzlab kilometr narida, qo’shni davlatlardagi moslamalar radiatsiyani qayd etgach, Kreml fojiani tan olib, tozalash ishlariga minglab fuqaro jalb qilinadi.

To’rtinchi reaktorni o’rab turgan sarkofag ham o’shanda shoshilinch tarzda, o’ta qiyin bir sharoitda qurilgan. Fojia oqibatlarini bartaraf etishda turli davlatlardan yarim million kishi qatnashgani ma’lum.

Chernobildan 25 yil o’tib … Yadroviy halokat saboqlari

Portlash paytida va undan keyingi bir necha kun ichida 31 odam o’lgan. Saraton va radiatsiya bilan bo’gliq boshqa xastaliklardan hozirgacha qancha odam hayotdan ko’z yumgani borasida aniq raqamlar mavjud emas.

Jahon Sog’liqni Saqlash tashkiloti to’rt ming desa, “Greenpeace” ekologik guruhi hisob-kitobiga ko’ra ular soni 200 mingdan oshishi tayin.

Chernobildagi yuqori quvvatli reaktorlar texnologiyasi 1950-yillarda ishlab chiqilgan bo’lib, sovetlar yadro sanoatining namunaviy loyihasi edi. Rossiyada hozir xuddi shu rusumdagi 11 stansiya faoliyat yuritadi.

Chernobildan 25 yil o’tib … Yadroviy halokat saboqlari

Xalqaro Atom boshqarmasi vakili Filip Jamey so’zlariga ko’ra, yadro sanoatida o’shandan beri ancha o’zgarishlar ro’y berdi.

“Reaktorlar atrofida himoya konteynerlari qurish hozir majburiy deb ko’riladi. Ekologiya va odamlarni radiatsiyasidan himoya qilish uchun”, - deydi u.

Amerikada so’nggi yirik avariya 1979 yili Pensilvaniyadagi atom zavodda ro’y bergan edi.

Ko’lami jihatdan Chernobil yoki Yaponiyaning Fukushima halokatiga yetmasada, mamlakat yadro sanoatini ostin-ustun qilib yuborgan voqea deb yodga olinadi.