"Vashington Post" Xitoyning jahonda tobora o'sib borayotgan qudratini tahlil qilar ekan, buni ham yaxshi, ham yomon holat deb baholaydi. Ijobiy tarafi - Xitoy iqtisodiy imkoniyatlarini ishga solib, jahon bozorlarida faollashmoqda, kun-sayin boyib bormoqda. Biroq buning salbiy tomoni shundaki, jahonda Amerika Qo'shma Shtatlariga munosabatga o'xshab, qudrat va boylik xasad va adovatni keltirib chiqaradi.
"Vashington Post" aprel oyida Qirg'iziston poytaxti Bishkekda Bakiyev hokimiyatiga qarshi chiqishlarni misol tariqasida keltirar ekan, g'azab otini mingan to'da xitoyliklarga qarashli do'konlarni o'marib, ko'cha-ko'yda uchragan xitoyliklarni do'pposlagan, pulini olganini aytadi.
Qirg'iziston-Xitoy chegarasining uzunligi 860 kilometr bo'lib, Markaziy Osiyo respublikasi uyg'urlar yashovchi Shinjon viloyati bilan chegaradosh. Qirg'iziston katta va boy bo'lmasa-da, Xitoy mollari uchun u yerda yaxshi bozor topgan. 2008-yilda savdo oboroti 9,3 milliard dollardan oshgan. Savdo asosan bir tomonlamadir.
Ba'zilar Xitoyning respublikadagi faolligini ijobiy qarshilab, Rossiya ta'sirini muvozanatlay oladigan kuch sifatida ko'rsa, ishsiz yoshlar, mahalliy savdogarlar va ishlab chiqaruvchilar uning iqtisodiy aktivligini o'ziga tahdid deb biladi. Qirg'iz korxonalari mahsulotlari Xitoy mollari bilan bellasha olmasligi, qirg'iz yoshlari esa ish bilan ta'minlanmasligi ayon bo'ldi. Xitoy kompaniyalari odatda ishchilarni o'zi bilan olib keladi. Qirg'izistonda Xitoy respublikani qo'lga olmoqchi, degan xavotir mavjud.
Agar Xitoy tomonidan taklif etilayotgan Shinjonni Qirg'iziston, so'ng O'zbekistonga ulovchi temir yo'l loyihasi amalga oshsa, deb yozadi "Vashington Post", bu xavotirlarning yanada kuchayishi turgan gap.
Ba'zi mutaxassislar fikricha, Xitoy iqtisodiy qudrati oshgan sari dunyoda unga nisbatan munosabat salbilylashib boradi.