Xitoy rasmiylari AQShni yaqin hamkorlikka undar ekan, har narsaga siyosatni qo’shmaslikni so’ramoqda. Tomonlar bugun Xitoyning Chendu shahrida muzokaraga qildi.
Iqtisodiy qudrati bo’yicha dunyoda yetakchi Amerika va Xitoy har yili savdo yuzasidan ikki bor uchrashib turadi. Bu an’ana.
Xitoy Bosh vazirining o’rinbosari Van Sishan:
“Global iqtisodiy tanazzul yoqasida turibmiz. Ekonomikani yaxshilash har bir davlatning burchi. Bu yo’lda kimdir ildamlashi, kimdir qiynalishi tabiiy. Hamma birday barbod bo’lganidan afzal-ku bu”, - deydi Xitoy mulozimi.
AQSh Savdo vaziri Jon Brayson Vashingtondagi kayfiyat haqida to’xtalib, Xitoy bilan savdo masalasi tanqid ostida, dedi.
“Iqtisodiyotimiz uzviy bog’liq. O’zaro savdo aylanmasi har qachongidan yuqori. Lekin Qo’shma Shtatlar biznes ahli va hukumatida rasmiy Pekindan norozilik kuchayib bormoqda”, - deydi vazir.
Yillik anjumanda AQSh-Xitoy Tijorat va savdo qo’shma qo’mitasi savdo-sotiqdagi kelishmovchiliklar haqida gaplashib keladi.
Bugungi muloqot Amerika qonunchilari Xitoydan kelayotgan mahsulotga boj to’lovlarini oshirishga undayotgan bir paytga to’g’ri kelmoqda. AQSh talabi shuki, Xitoy o’z valyutasi ustidan nazoratni bo’shatib, nafaqat mahalliy, balki xorijiy kompaniyalar uchun teng sharoit yaratsin.
Pekin siyosati qimmatga tushmoqda, deydi ekspertlar. O’tgan yilning o’zida Amerika savdo kamomadi 270 milliard dollardan oshdi.
Xitoy esa AQSh savdo defitsiti va ishsizlik bizning aybimiz emas, yuan bu muammolarni hal qilib bermaydi, deb javob beradi.
Xitoy moliya vaziri muovini Ju Guanyao hech kim muammodan qochayotgani yo’q, deydi. “AQSh bilan hamkorlikni oshirib, iqtisodiy o’sish haqida o’ylashimiz kerak. Xitoy barqaror ekani dunyo tinchligi uchun ham muhim ekanini unutmaylik”, - deydi rasmiy.
Bugungi uchrashuvda Xitoy savdo sohasida mualliflik huquqi ustidan nazoratni oshirishga va’da berdi. Maxsus tuzilgan idorani bosh vazir o’rinbosari Van Sishan boshqaradi.