BMT Eronda tinch namoyishchilar nega nishonga olinayotgani yuzasidan tekshiruv boshlab, bu mustaqil missiyaga tanlangan ekspertlarni e'lon qildi.
Ayni damda BMT Inson huquqlari kengashi raisi Argentina elchisi Federiko Villegas 47 davlat a'zoligidagi organ qarorini tushuntirar ekan, uch mutaxassisni tanishtirdi. Bangladeshdan advokat Sara Hussayn, Pokistondan huquqshunos Shahin Sardor Ali va Argentinadan huquq himoyachisi Viviana Krstichevich.
BMT Inson huquqlari kengashi Eron hukumatining siyosatini qoralab kelmoqda va islomiy boshqaruvni omma dardini tinglashga undaydi.
22 yoshli talaba Mahsa Aminiy sentabr oyida hibsda jon berganidan beri mamlakat beqaror. Cheklov va tazyiqlarga qaramay ommaviy chiqishlar to'xtamagan.
BMT ekspertlari vaziyatni tekshirar ekan, ayniqsa ayollar va bolalar ahvoliga e'tibor qaratishi kutilmoqda.
"Ular isbot-dalil yoig'adi, tahlil qiladi va taqdim etadi", - deya bildiradi BMT Inson huquqlari kengashi.
Buni ham ko'ring Eronda qatllar soni oshishi mumkinDastlabki tahlilnoma 2023-yilning iyun oyida chiqadi, to'liq hisobot esa 2024-yilning mart oyida.
Sentabr oyidan beri Eron namoyishlarda kamida 471 kishi halok bo'lgan, jumladan bolalar.
14 mingdan ziyod odam hibsga olingan. Ikki nafari sudlanib, aybdor deb topilib, qatl etilgan. Yana bir necha fuqaro shu kunlardagi sudlovda oliy jazoga loyiq topilgan.
Eron hukumatiga ko'ra, ommaviy chiqishlar chet eldan turib rejalanmoqda va tashqi kuchlar islomiy respublikaning ichki ishlariga aralashmoqda.
Eronning Jenevadagi elchixonasi G'arbni la'natlab, inson huquqlaridan siyosiy qurol sifatida foydalanayotganlikda ayblagan.
BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish esa Tehrondagi boshqaruvni zolim tuzum deb atab, "namoyishchilarni ezish qabul qilib bo'lmas holat", deydi.
Guterrish nazarida Eron xalqining huquqlari yoppasiga toptalmoqda. Bosh kotib masalani Eron hukumati a'zolari bilan muhokama qilgan. Hozircha natijadan darak yo'q.