Afg'onistonda zilzila 1000 dan oshiq odamni hayotdan olib ketdi

  • Amerika Ovozi

Xost viloyati, Afg'oniston, 22-iyun, 2022.

Afg'oniston janubi-sharqida yer qimirlab, 1000 dan ziyod odam halok bo'lgan, yuzlab kishi jarohatlangan.

Zilzila 22-iyun kuni tongda yuz bergan. Qutqaruv ishlari avj olar ekan, jabrlanganlar va nobud bo'lganlar soni oshmoqda.

Tolibon rahbariyatiga ko'ra, tabiiy ofat ta'siri Paktika va Xost viloyatlarida ayniqsa qattiq sezilgan. Pokiston bilan chegadosh bu hududlarda hayot shunday ham og'ir.

Zilzila Rixter shkalasida 6,1 balni tashkil etgan.

Paktika viloyati, 22-iyun, 2022

Ayrim mahalliy manbalarga ko'ra, o'lganlar soni kamidaq 2500. Biroq rasmiylar buni inkor etmoqda.

Paktika viloyati hokimi Muhammad Amin esa "Amerika Ovozi" bilan gaplashar ekan, uning hududida kamida 1000 kishi halok bo'lganini aytdi. Kamida 1500 odam jarohatlangan.

Zilzila poytaxt Kobulda ham sezilgan.

Afg'onlarning tasvirlashicha, toliblar bunday holatlarda xalqqa yordam berishni eplolmayapti. Ularda bunga uquv va tajriba yo'q, shuningdek, mablag' ham.

"Dori-darmon, yegulik va boshpana kerak. Ularni imkon qadar berishyapti, lekin yetmayapti", - deydi Aziz ismli afg'on.

Zamon Nazariy ismli mahalliy jurnalist kuzatishicha, xalqaro hamjamiyat madad ko'rsatmasa bo'lmaydi. Aks holda, deydi u, odamlar katta sonda nobud bo'ladi.

Tuproq tagida ko'plab odamlar qolib ketgani taxmin qilinadi. Qutqaruv ishlari olib borilmoqda, lekin tashqaridan yordam kelmasa, aholi zarur najotni ololmaydi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Afg'oniston xalqiga hamdardlik bildirib, dunyo ahlini unga ko'maklashishga chorlagan. Uning ta'kidlashicha, BMT allaqachon madad ko'rsata boshlagan.

Tashkilotning Afg'oniston bo'yicha gumanitar koordinatori Ramiz Alakbarov deydiki, zarar ko'rgan aholi uchun zudlikda 15 million dollar kerak. Bu mablag'ga jabrlanuvchilar uchun eng zarur anjomlar, oziq-ovqat va dori-darmon olinadi. Vayronalarni tiklash uchun esa yuzlab million dollar talab qilinishi kutilmoqda.

Hududda yog'ingarchilik davom etayotgani qutraruv ishlarini sekinlashtirmoqda. Qo'shimcha tibbiy xizmat va harbiy vositalar safarbar etilgan. Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasi ham afg'onlarga ko'mak ko'rsatmoqda.

Sharan shahridagi kasalxona oldida yig'ilganlar, Paktika viloyati, 22-iyun, 2022

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken davlati nomidan ta'ziya bildirib, zilzila jabrdiylariga kuch-quvvat tilagan.

“Afg'oniston xalqining boshiga ne kunlar kelmadi. Bu zilzila allaqachon azobda yashayotgan aholi uchun yana bir zarba, - deydi Blinken. - AQSh o'z insonparvar hamkorlari bilan yordam beradi. Tibbiy guruhlar yuborayapmiz va qanday yordam zarurligini aniqlab, ko'mak ko'lamini oshiramiz".

Prezident Jo Bayden vaziyatni kuzatib turganini bildirgan. AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi va boshqa organlar orqali favqulodda madad safarbar etiladi.

“AQSh Afg'onistonga eng katta yordam berib kelayotgan mamlakat va bunday og'ir damlarda afg'on xalqini aslo yolg'iz qo'ymaymiz", - deydi Jeyk Sallivan, Oq uyda Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi.

Gayan tumani, Paktika viloyati, 22-iyun, 2022

Pokistonda ham zilzila sezilgan, xususan poytaxt Islomobodda va Peshovar shahrida. O'lganlar yo'q. Pokiston hukumati ham Afg'onistonga hamdardligini bildirib, ko'maklashishni boshlagan.

“Tegishli idoralarimiz Afg'onistondagi sheriklari bilan aloqada va nimaki yordam bera olsak, shaymiz", - deyilladi Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Afg'oniston zilzilagacha ham gumanitar jihatdan eng og'ir muhitlardan biri edi. Kamida 24 million odam bu yerda ocharchilik xavfi ostida yashaydi.

BMTga ko'ra, bu yil kamida 4,4 milliard dollarlik ko'mak ko'rsatilmasa, vaziyat izdan chiqadi. Hozirgacha bu mablag'ning 30 foizigina yig'ilgan.

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham bayonot chiqarib, "Paktika va Xost provinsiyalarida roʻy bergan zilzila oqibatida koʻplab insonlarning qurbon boʻlgani va jarohatlangani, shuningdek, jiddiy vayrongarchiliklar kelib chiqqani haqidagi xabarlar Oʻzbekistonda chuqur qaygʻu bilan qabul qilindi", deya bildirgan.

"Halok boʻlganlarning oilalariga chin dildan hamdardlik bildirib, jarohatlanganlarning tezroq sogʻayib ketishini tilaymiz".

Oʻzbekiston hukumati, deydi rasmiylar, Afgʻoniston xalqiga har tomonlama yordam koʻrsatishga tayyor.