Turkiya va Misr: tarixdan olingan saboqlar

  • Amerika Ovozi
Turkiya bosh vaziri mamlakatda 1997-yilda yuz bergan va islomiy kuchlarning hokimiyatdan chetlashtirilishiga olib kelgan davlat to’ntarishini Misrdagi so’nggi hodisalarga o’xshatdi. Ayrim turkiyalik tahlilchilar esa Misrda olingan saboqlar Turkiya uchun ham foydali bo’lishini aytmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Turkiya va Misr: O'xshash jihatlar, Behzod Muhammadiy


Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdo’g’an Misrda prezident Muhammad Mursiyning hokimiyatdan ag’darilishini qoralab chiqdi. Bu hafta u Misr hodisalarini yana tanqid qilar ekan, ularni Turkiya tarixi bilan qiyosladi.

1997-yilda Erdo’g’anning o’zi Istanbul meri lavozimida ishlab yurgan payti davlat to’ntarishi qurboni bo’lgan. O’shanda harbiylar Turkiyaning islomiy qarashdagi birinchi prezidenti Najmiddin Erbakanni hokimiyatdan chetlashtirgan.

“Ekstremizmsiz islom” nomli kitob muallifi, taniqli islomshunos Mustafo Oqyo’l fikricha, Turkiyaning o’shanda islomchilar harakatlariga qarshi qo’llagan javobi Musulmon birodarlar tashkiloti mafkurasini tushunishda yordam beradi.

“Harbiylar hammasini uyushtirdi: sudlarga islomiy partiya vakillariga nisbatan jinoiy ish qo’zg’atishni buyurdi, universitetlarni o’z nazoratiga olib, diniy qarashdagi professorlarni ishdan haydadi. Bu o’zga mafkuraga qarshi kurash edi. Uning nishoni bo’lgan arboblar, jumladan, Erdo’g’an ham bundan saboq oldi. Keskin bayonotlar, dunyoviy qarashdagi arboblarga nisbatan do’q-po’pisalar va G’arbga qarshi gaplardan voz kechib, harakat ichida islohotlar boshladi. AK partiyasi shu tariqa vujudga keldi”, - deydi islomshunos Oqyo’l.

Erdo’g’an yetakchiligidagi “Adolat va taraqqiyot” (AK) partiyasi 2002-yilgi saylovlarda jiddiy g’alaba qozondi. Kelasi ikki saylovda ham yetakchilikni qo’lga kiritdi. Bunday muvaffaqiyat siri partiya jamiyatning turli tabaqalari ehtiyojlarini to’g’ri tushungani bilan izohlanadi. Partiya vakillari bozor iqtisodiyoti, Yevropa Ittifoqiga qo’shilish masalalarida faol ish olib borishdi, deydi Istanbuldagi Marmara universiteti professori Yuksel Tasgin:

“O’tish davrida olish mumkin bo’lgan birinchi saboq – hokimiyatni bo’lish. AK partiyasi liberal qarashdagi, o’qimishli odamlarni maqsadimiz jamiyatni demokratlashtirish va Yevropa Ittifoqiga qo’shilish, deb ishontira oldi”, - deydi Tasgin.

AK partiyasi muvaffaqiyatining yana bir sababi fuqarolarning ommaviy namoyishlar uyushtirmaganida , deydi Mustafo Oqyo’l.

“Chunki Turkiya kuchli demokratik an’analarga ega. Axir mamlakatdagi birinchi erkin va adolatli saylov 1950-yilda bo’lib o’tgan. Islomiy kuchlar har bir davlat to’ntarishidan keyin erkin va adolatli saylov bo’lib o’tishi va odamlar harbiylar g’alaba qozonishini istamasligini yaxshi bilgan. Demak, ular kelajakda nima bo’lishini ham bilgan. Ular partiya ichida islohotlar o’tkazsa, saylovda g’alaba qozona olishiga ishongan”, - deydi tadqiqotchi.

Turkiyada so’nggi paytlarda hukumatga qarshi namoyishlarning avj olishi uni Misrga o’xshatib yubordi.

“Milliyat” gazetasining siyosiy sharhlovchisi Kadri Gurselga ko’ra, Gezi harakati Erdo’g’anning tarix saboqlarini unutganini ko’rsatadi.

“U qabul qilingan qadriyatlar, xususan, Yevropa Ittifoqiga qo’shilish, dunyoviy demokratiyaga erishish kabi tamoyillardan chekindi. Oqibatda jamiyatning ma’lum qismi unga qarshi chiqdi. Bunga dalil - Gezi harakati”, - deydi u.

Ammo, deydi tahlilchilar, Erdo’g’an Misr hodisalaridan bir saboqni yaxshi olgan ko’rinadi. Musulmon birodarlarga o’xshab u ham aksil-demokratik kuchlar qurboni bo’lganini va bunday kuchlarga qarshi tegishli chora ko’rajagini va’da qilmoqda.