Bayden ma'muriyati Yevropa Ittifoqi vositachiligida Erondan tushgan takliflarni ko'rib chiqmoqda. Maqsad - Tehron va xalqaro hamjamiyat orasida 2015-yilda erishilgan bitimni yangilash. 2017-yilda AQShda Donald Tramp hokimiyatga kelgach bu hujjat bekor qilingan edi.
Davlat departamentining bildirishicha, Vashington Yevropa Ittifoqi va Eron diplomatlari muloqotlarini olqishlaydi va ular yuborgan detallar ayni damda e'tiborda.
Eronning rasmiy IRNA axborot agentligiga ko'ra, Eron boshqa muzokara qilmaydi. Nimaiki taklifi bo'lsa, ular allaqachon Yevropa Ittifoqi va AQShga uzatilgan.
“Uch ziddiyatli mavzuda o'z pozitsiyamizni bildirdik", - deyiladi Tehron bayonotida.
"AQSh ularning ikkitasida murosa qilishi mumkinligiga ishora qilgan. Uchinchi mavzu esa bitimning amal qilish kafolati va bu ham AQShga bog'liq".
Eron hukumati Vashingtonga yuborilgan takliflarni Vena kelishuvi deb atamoqda.
Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir-Abdullahiyanga ko'ra, Vashington uchun shartlarni qabul qilish qiyin bo'lmasligi kerak.
Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vaziri Josep Borrell ham takliflar o'rganilayotganini tasdiqlagan.
"2015-yilgi kelishuvdagi barcha tomonlar Tehrondan olingan javobni muhokama qilmoqda", - deya bildiradi Borrellning idorasi.
Hozircha boshqa tafsilotlar ma'lum qilinmagan.
Eron 7 yil oldingi hujjat yangilansa, Amerika uning neftiga qo'ygan sanksiyalarni olib tashlaydi degan umidda. Bu ehtimol jahon bozorida qora oltin bahosini allaqachon tushishiga sabab bo'lmoqda.
Barak Obama prezidentligi davrida imzolangan bitim 2018-yildan beri kuchda emas.
IRNA yoritishicha, Eron uchun birlamchi maqsad G'arb qo'ygan iqtisodiy cheklovlardan qutulishdir. Tehron, shuningdek, BMT qoshidagi Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentlik bilan ham yangidan kelishib olmoqchi.
Britaniya, Xitoy, Fransiya, Germaniya va Rossiya Eron bilan bu masalada bevosita aloqada, ammo AQSh Yevropa Ittifoqi vositachiligida gaplashmoqda.
Bu davlatlar Tehron atom quroli yaratmasligini istaydi va bu maqsaddagi jamiki ishlar mutlaq to'xtatilishini talab qilmoqda. Evaziga Eronga iqtisodiy imtiyozlar taklif qilayapti.