Joriy yilning birinchi yarmida 28 davlat a'zoligidagi Yevropa Ittifoqiga yosh demokratiya bo'lmish Latviya raislik qilmoqda. Bu mamlakat diplomatlarining ta'kidlashicha, Markaziy Osiyo blok uchun bag'oyat muhim mintaqa. Besh respublika bilan siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni oshirishni Latviya o'zining ustuvor maqsadlaridan biri deb belgilagan. Hozircha gapdan nariga o'tilgani yo'q.
Your browser doesn’t support HTML5
Markaziy Osiyoda Yevropa Ittifoqi qanday manfaatlarga ega degan umumiy bir savolga Latviya rasmiylari javob berishga qiynaladi.
Vashingtondagi nufuzli Jons Xopkins universitetida o'tgan davra suhbatiga mezbonlik qilgan amerikalik professor Fred Starr Yevropa Ittifoqi mintaqada biror masalada hali o'zini ko'rsata olgani yo'q deb hisoblaydi. To'g'ri, blok mintaqa bilan savdo va biznes aloqalariga ega. Lekin Xitoy yaqin orada biznes sheriklikda Yevropa Ittifoqi va Rossiyadan o'tib ketsa ajabmas. Bugun Pekin Markaziy Osiyoning har bir respublikasida eng yirik sarmoyachi.
Starr deydiki, Yevropa Ittifoqi mintaqa xavfsizligi uchun hissa qo'shayapmiz deb ham o'zini avray olmaydi chunki bu borada hali tomonlar til topisha olmagan. Xavfsizlik deganda ular turlicha tasavvurga ega. Buning ustiga Yevropa Ittifoqi konkret dasturlar bilan chiqmagan. Ko'p hollarda Markaziy Osiyo hukumatlarining manfaatlarini olg'a suradigan tahlilchi nazarida informatsiya bobida ham Yevropa Ittifoqi ancha orqada. Mintaqada Yevropa Ittifoqi xususida axborot yetishmasa, ittifoq uzra Markaziy Osiyo haqida ko'p eshitmaysiz. Bu esa aloqalar faol emasligidan darak.
Latviya Tashqi ishlar vazirligi vakili Eduards Stiprais raislik haqida so'zlar ekan, til va siyosiy mentalitet haqida to'xtaldi. Uning aytishicha, Latviya rus tilini unutmagani mintaqa bilan rishtalarni mustahkamlashda qo'l kelmoqda. Taraflar Sovet Ittifoqidan nimalar meros bo'lib qolganini tushunadi. Rossiya va uning tili ta'sirini yaxshi biladi. Ammo, hamma ham bu fikrda emas, chunki Latviyada Rossiya va rus tiliga nisbatan norozilik hissi kuchli. Markaziy Osiyoni Latviyaga bog'lovchi omil nima? Nahotki bu rus tili? Yoki Rossiyaning umumiy ta'sirimi? Stiprais bu savollarni chetlab o'tgan holda uning davlati mintaqada tobora faol ekanini da'vo qiladi.
2007-2013 yillarda Yevropa Ittifoqi mintaqada 750 million yevro (840 million dollar) sarflagan bo'lsa, kelasi yetti yil uchun 1 milliard yevro (1,1 milliard dollar) ajratilishi ko'zlangan.
Manfaatlarni esa Stiprais shunday tushuntiradi: avvalo, xavfsizlik bobida hamkorlik; harbiy bazalarga ega bo'lish uchun emas, balki chegaralar himoyasini ta'minlash, uyushgan jinoyatchilik va qoradori savdosiga qarshi kurash. Ta'lim va taraqqiyotda ko'maklashish. Energetik sanoat rivojlanishi uchun hissa qo'shish va sarmoya kiritish. Iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga nisbatan birgalikda chora ko'rish.
Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo xususida yangi dastur qabul qilganida demokratiya va inson huquqlari targ'ibotini ham maqsad qilgan lekin Latviya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi bu haqda deyarli to'xtalmadi.
Yevropa Ittifoqining Vashingtondagi vakolatxonasi xodimi, diplomat Klaus Botzet deydiki, blok shu kungacha yuritgan siyosati Markaziy Osiyoda samara berdi deyishga arziydi chunki biror davlat bilan kelishmovchilik yoki mojaro yo'q. Qilinishi kerak bo'lgan ishlar, ochilmagan imkoniyatlar talay, deydi Botzet, shu bois ham Yevropa Ittifoqi yaqin kelajakda ko'proq mablag' ajratishni ko'zlamoqda. Blok qonun ustuvorligi va erkinlikni targ'ib qilishga bel bog'lagan. Ozmi-ko'pmi, bu borada harakat bor, deydi u.
Rigada Xalqaro aloqalar instituti direktori Andris Spruds fikricha esa Yevropa Ittifoqi mintaqaga erkinlik haqida aql o'rgatmay to'g'ri qiladi. Inson huquqlari va demokratiyani do'stona va konstruktiv yo'llar bilan quvvatlash mumkin. Ittifoq, deydi u, bir yoki ikki yo'nalishga bor kuchini sarflamay serqirra hamkorlik haqida o'ylashi kerak. Masalan, savdo ko'lamini kengaytirsin; taraqqiyot loyihalari bilan chiqsin; texnoloigiya, ilm-fan va innovatsiya bobida programmalar tanishtirsin. Diplomatik muloqot amaliy ishlarga yetaklasin, deya undaydi Spruds.
Yuqoridagi fikrlarni AQShning mintaqa bo'yicha yetakchi diplomatlaridan biri Richard Xoagland ma'qullaydi. Chunki Vashington ham mintaqa rahbarlari bilan muloqot va murosa orqali mavjud masalalarni hal etishni xohlaydi, deydi u.
Obama ma'muriyati nazarida Janubiy va Markaziy Osiyoni bog'lovchi Yangi Ipak yo'li barpo etish mintaqa ahli va xalqaro hamjamiyatning birga ishlashini talab qiladi. Amerika, Yevropa Ittifoqi, xalqaro banklar va tashkilotlar uchun bu ulkan imkoniyat, deydi Xoagland. Biroq nima qilish mumkin? Yangi yo'llar va tijorat tizimlari barpo etish; boj xizmatini isloh qilish; taraqqiyot loyihalari ish berishini ta'minlash, xususiy sektorni sarmoya qilishga ko'ndirish va hokazo, deya sanab o'tadi AQSh rasmiysi.
20-24 aprel kunlari Amerikadan borgan delegatsiyaga Markaziy Osiyoning har bir poytaxtida "Islomiy davlat" dan xavotir kuchaygani aytilgan. Xavfsizlik va Afg'onistondagi vaziyat haqida gap ketarkan, terror tizimi solayotgan tahdidga nisbatan chora ko'rish xususida fikr almashilgan.
Yevropa Ittifoqi bu borada nima deydi? Latviya rasmiylari "Islomiy davlat" haqida og'iz ochmadi. G'arb siyosat ahli orasida xavotirga molik yana bir masala bu mintaqaning ikki yirik davlati O'zbekiston va Qozog'istonda keksa, uzoq yillik rahbarlar yaqinda qayta saylanganidir. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti saylovlar adolatsiz va raqobatsiz o'tdi deb tursa-da, na Amerika va na Yevropa Ittifoqi bu haqda ochiq bayonot bergan.
Vashingtondagi davra suhbatida rahbarlar o'zgarishi nozik jarayon ekani aytildi, ammo O'zbekistonda Islom Karimov, Qozog'istonda Nursulton Nazarboyevdan keyin nima bo'lishi ehtimoli xususida aniq bir fikr bildirilmadi. Mamlakatlardagi kabi bu yerda ham ushbu mavzuda mavhumlik. Bu avvalo tegishli yurtlarning oldidagi masala ekani eslatiladi xolos.