Yangi Kongressdagi birinchi qonun loyihasi ovozdan o'tmadi

  • Amerika Ovozi

Kapitoliy, Vashington

3-yanvardan ishga tushgan yangi Kongress hukumat ishdan to'xtab qolgani bois faoliyat yurita olmayapti. Hali biror qonun loyihasi ovozdan o'tmadi.

Birinchi loyiha mamlakatning Yaqin Sharqqa nisbatan siyosati xususida edi. Senatda ovozga qo'yilganida yetarlicha ovoz olmadi.

Hujjatda Suriyaga yangi sanksiyalar qo'yish, Isroil va Iordaniyaga yordamni oshirish ko'zda tutilgan. Oq uy Suriyadagi 2000 harbiyni vatanga qaytarishga tayyorlanmoqda.

Prezident Donald Tramp deydiki, Amerika mintaqada qo'shinlarini kamaytiradi. Lekin Isroilni himoya qilish uchun barcha vositalar shay turadi.

Vashingtonda Tramp rejasiga qarshilik kuchli. Eron va Rossiya uchun Yaqin Sharqda imkoniyat maydoni kengayib, AQSh manfaatlari xavf ostida qoladi, deydiganlar talay.

Qonun loyihasida, shuningdek, Isroilga boykot e'lon qilgan amerikaliklarni jazolash haqida band ham bor. Yahudiy davlat falastinliklarning huquqini poymol etmoqda, deya qarshi chiqqan amerikaliklarga nisbatan chora qo'llash, demokratlar nazarida, huquqbuzarlikdan boshqa narsa emas.