Fransiya parlamenti quyi palatasi bugun genotsidni inkor etishni jinoyat deguvchi qonun loyihasini ma’qullagach, Turkiya alamini oldi.
Hujjat, xususan, Usmoniylar imperiyasida bir asr oldin armanlarga qarshi qirg’in haqida edi.
Qoidani buzganlar bir yil qamoq bilan jazolanib, 58 yarim ming dollar jarima to’laydi. Loyiha endi yuqori palataga uzatiladi.
“Turkiya tarixni tan olishi lozim, buyuk davlat ekanini isbotlashi kerak”, - deydi prezident Nikolya Sarkozi.
Bunga javoban Turkiya Fransiyadagi elchisini chaqirib oldi va bu davlat diplomatini haydash niyatida.
Rasmiy Anqaraning bildirishicha, NATOga a'zo Fransiya samolyotlari endi Turkiya uzra uchmaydi. Bundan tashqari, fransuz firmalari Turkiyada ishlashi qiyinlashadi. Ikki mamlakat yirik savdo hamkorlardir.
Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyip Erdog’an nazarida Fransiya rahbari Nikolya Sarkozi 2012-yilgi prezident saylovlaridan oldin o’zini ko’rsatib, bu mamlakatda yashovchi 400 ming armanning ovozidan umidvor. “Anqara bilan aloqani buzgani qoladi”, - deydi Erdog’an.
Armanlarning da’vo qilishicha, Birinchi jahon urushidan oldin va keyin Usmoniylar imperiyasida bir yarim million arman qirib tashlangan.
Rasmiy Anqara esa genotsid, ya’ni xunrezlik so’zini qo’llash noto’g’ri, deb sanaydi.
O’lganlar soni bo’rttirib ko’rsatilmoqda, gap urush qurbonlari haqida ketmoqda va o’shanda turklar, kurdlar, armanlar birday jabr tortdi, deydi Turkiya rahbariyati.
Prezident Abdulla Gul fikricha, yangi qonun loyihasi bir davlatning asossiz ayblovdan o’zini himoya qilish huquqini, erkinligini oyoqosti qilishi aniq.
Ikki davlat rishtalari shundog’am tarang. Fransiya Turkiyani Yevropa Ittifoqiga qabul qilishga qat’iyan qarshi bo’lib kelgan.