"Fond Forum" yopildi, @gulnarakarimova esa bir o'chadi, bir yonadi

Photo: Fund Forum

"Fond Forum" degan nom ostida tanilgan "O'zbekiston madaniyati va san'ati forumi" jamg'armasi yopildi. Uning asoschisi va rahbari Gulnora Karimova bu borada e'lon qilib, tashkilotda ishlaganlarga minnatdorchilik bildirdi.

"Fond Forum" chiqargan bayonotda sabablar xususida hech gap yo'q, faqat Gulnora Karimova turli to'siqlar haqida aytadi.

Qanday to'siqlar? Aynan nima uchun 10 yildan beri ishlab kelgan va ko'pchilik nazarida, respublikada Madaniyat vazirligi o'rnini egallab olgan tizim o'z ishiga xotima yasayapti?

Bu haqda Karimova ham, hukumat ham biror narsa demaydi.

O'tgan bir oy ichida "Fond Forum" prezident qizi yuritgan va ortida turgan boshqa bir qancha tashkilot va kompaniyalar singari elakdan o'tkazildi, moliyaviy hisoblari ko'rib chiqildi va hamon tekshiruvda.

O'nlab kishilar qamoqqa olingan, yuzlab odamlar Milliy xavfsizlik xizmati va boshqa organlar tomonidan so'roq qilingan va qilinmoqda.

Gulnora Karimovaning o'zi bir oy davomida "Twitter" orqali tuzumni unga qarshi urushda aybladi, aybni nafaqat Rustam Inoyatov boshchiligidagi

Milliy xavfsizlik xizmati balki o'z onasi va singlisi hamda ularning atrofidagi odamlarga qo'ydi.

21-noyabr kuni @gulnarakarimova o'chdi. 22-noyabr kuni yana "Twitter"da qayta paydo bo'ldi. Keyin yana o'chdi, bir necha minutdan keyin qayti-da, yana g'oyib bo'ldi. Xullas, bir bor, bir yo'q.

Mashmasha davom etmoqda. "Fond Forum" yopilgani rasman e'lon qilinishi bilan minglab o'zbekistonliklarning ishsiz qolgani aniq.

Tashkilotning Toshkentdagi idorasi u qadar katta emas edi, lekin respublika bo'ylab yuzlab xodimlari, ko'ngilli xizmatchi va faollari bor edi.

Musiqa, kino, hunarmandchilik, moda, ilm-fan va ijtimoiy sohalarni qoplagan loyihalar jamiyat hayotiga o'ziga yarasha ta'sir ko'rsatgan.

Yaqinda "Amerika Ovozi"ga yozilgan maktubda bir o'zbekistonlik shunday yozgan edi:


"... bu tizim O’zbekistonga faqat foyda keltirdi; o’nlab ming ish o’rinlari yaratdi; festival, ko’rgazma, xayriya tadbirlari va marafonlari, media kampaniyalari orqali uni dunyoga tanitdi; mamlakat taraqqiyoti uchun xizmat qildi; hunarmandu mutaxassislarni grantlar bilan rag’batlantirdi; kattayu-kichik, xotin-qizlar va erkaklar ravnaqini ko’zladi; nogironlar va yetimlarga madad ko’rsatdi; shou-biznesni rivojlantirdi; san’atkoru muxlis, hammani o’z tashabbuslariga jalb etdi va turli yo’llar bilan quvvatlab keldi".

Ism-sharifini bildirmasligimizni so’ragan yana bir yosh faol:

“Grant nima? Tanlov nima? Loyiha taklif qilishdan tortib, mablag’ uchun kurashish, natijani taqdim etish, bular katta saboq va ularni aynan “Fond Forum” orqali o’rgandik, katta maktab bu”.

Moskvadan turib "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan yana bir o'zbekistonlik esa "Fond Forum" ni tadbirkorlarga nisbatan tinimsiz bosimda ayblaydi.

Masalan, deydi u, “Fond Forum” o'z tadbirlarini bizneslardan shilib olingan mablag’ evaziga uyushtirib kelgan. Xususan “1000 ta to’y” loyihasi, deya hikoya qiladi u, o’zi guvoh bo’lgan voqealarga ishora qilib:

“Tadbirkor kelin-kuyovning kiyim-kechagini tekinga ta’minlashi kerak. To’yxonalar tekinga berilishi kerak. Lekin oxirida buning hammasi Gulnora Karimovaning tashabbusi, ishi deb ko’rsatiladi”.

Gulnora Karimova otasining orqasidan "Gulnora Karimova" bo’ldi, deydi bu fuqaro. Prezidentning qizi bo’lmaganida u shunday nufuzga erisha olarmidi? Shuncha boylik orttira olarmidi?

Aytish joiz, hozirda prezident qizining Yevropa banklaridagi hisoblari muzlatilgan, chunki Shveytsariya, Shvetsiya va Fransiyada tekshiruv ostida. Moliyaviy qalloblik bilan bog'liq jinoyatlar ustida gap ketmoqda.

"Fond Forum" bilan yaqindan ishlagan sobiq rasmiylar, O'zbekiston Madaniyat vazirligida xizmat qilgan shaxslar ham deydiki, har bir tadbir mahalliy hokimiyatlar uchun "og'ir yuk" bo'lgan; turli festival, ko'rgazma, tomosha va ularda qatnashgan mehmonlar, deyarli barcha xarajatlar uchun aksariyat hollarda mahalliy byudjetdan pul ajratilgan; tuman va shahar rahbarlari bu tadbirlardan bezib Toshkentga shikoyatlar bilan chiqqanini aytadi.

"Fond Forum" qatorida O'zbekistonda "Terra Holding" ga kirgan TV-Markaz, Forum-TV, NNT, "Соф TC", "Poytaxt", "A'lo FM" va "Zamin FM" ham yopilgan. Ularda ishlaganlar ham "Fond Forum" va "Kelajak Ovozi" dagilar kabi o'zini aybsiz, fidoiy mehnatkashlar deb biladi.

Ularning ortida turgan Gulnora Karimova bizga "Twitter" orqali ko'p marta eslatganidek, mamlakatda "adolat yo'q".