G’azoda Isroil hujumlari boshlanganidan beri uch oyda hududda salkam 80 nafar matbuot xodimi o’ldirilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Al-Jazira axborot kanalining G’azodagi muxbirlik byurosi rahbari Voil Daduh yakshanba kuni u bilan ishlagan o’g’li Hamza va yana bir jurnalistni yo’qotdi.
Oktabr oyida esa jonli efir paytida Daduh Isroil hujumida rafiqasi, 15 yashar o’g’li Mahmud, 7 yashar qizi Sham va Adam ismli nabirasi o’lgani haqida ma’lumot oldi. Yana bir o’g’li Yahyo og’ir jarohat olgan o’shanda.
O’tgan oy esa Voil Daduhning o’zi ham yaralandi.
“Oilamning ayrim a’zolarini yo’qotganimdan keyin to’n’gich o’g’lim ham qurbon bo’ldi. Bunga qanday chidash mumkin?”, - deydi muxbir.
Hamza Daduh va “Frans-Press” axborot agentligining shtatsiz muxbiri Mustafo Turaya ishdan qaytayotganida ular ketayotgan mashina Isroil havo hujumiga uchradi.
Isroil harbiylari hujum bir terrorchiga qarshi qaratilganini aytarkan, mashinadagi yana ikki odam o’lganini ham tan oldi.
G’azodagi urush kamida 79 muxbirning o’limiga sabab bo’ldi. Shulardan 72 nafari falastinlik, 4 tasi isroillik va 3 nafarining livanlik ekani ma’lum.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti muxbirlar o’limini qoraladi.
“Jurnalistlar dunyodagi barchaga haqiqatni yetkazish uchun hayotini xavf ostiga qo’yadi. Bu esa ular yuzlashayotgan muhitda borgan sari qiyin kechmoqda”, - deydi BMT bosh kotibi so’zlovchisining o’rinbosari Florensiya Soto Ninyo.
Isroil muxbirlarni ataylab nishonga olmayotganini da’vo qiladi.
Biroq muxbirlar o’limini tergov qilayotgan guruhlar, jumladan “Reyter” axborot agentligi bunga ishonmasligini bildiradi.
Masalan, tahlillar shuni ko’rsatmoqdaki, agentlikning oktabr oyida Isroil tanki hujumidan o’lgan jurnalisti Issam Abdulloh ataylab nishonga olingan. Tergovchilar Isroil muxbirlar joylashuvidan xabardor bo’lganini aniqladi.
“Reyter”ning Livandagi muxbirlik byurosi rahbari Maya Gebeyli tahlikali sharoitda ishlashga to’g’ri kelayotganini aytadi.
“Jurnalistlar bunday sharoitda o’z vazifalarini bajarishi imkonsiz bo’lmoqda, chunki ular tartibsiz bombardimonlarga uchrayapti”, - deydi Gebeyli.
G’azodagi jinoyatlarni tergov qilayotgan Xalqaro jinoiy sud jurnalistlarga qarshi jinoyatlarni ham hisobga olayotganini ma’lum qildi.