Xusiylarning hujumlari global ta’minot zanjiriga ta’sir qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Xusiylarning Qizil dengizda Isroilga yo’l olayotgan kemalarga hujumlari ketidan yuzlab yuk kemalari Qizil dengiz va Suvaysh kanalini aylanib o’tmoqda. Bu esa global savdoga ta’sir qilmoqda, mahsulotlarning manzilga kech yetib borishiga, narxlarning oshishiga olib kelmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 30-yanvar, 2024-yil

“Kemalar Barselona yoki O’rta yer dengizi atrofidagi Yevropa portlariga 2-3 haftaga kechikib yetib bormoqda. Yuk tashish ikki baravar qimmatladi”, - deydi Barselona porti vakili Jordi Torrent.

2023-yilning birinchi yarmida Yevropa import mahsulotlarining 30 foizini Xitoy va Janubiy Osiyo mamlakatlaridan olgan. Endilikda kemalar kattaroq masofani bosib o’tishga majbur.

"Osiyo Yevropaning eng katta savdo hamkori. Biz iste’mol qilayotgan narsalar qisman va to’liq holda Suvaysh kanali orqali o’tadi”, - deydi Torrent.

Ehtiyot qismlarining taqchilligi sabab “Tesla” kompaniyasi Berlindagi zavodi avtomobil ishlab chiqarishni ikki haftaga to’xtatayotganini bildirdi. Ya’ni bozorga 7000 tagacha kamroq mashina chiqariladi degani.

Ta’minot zanjiridagi uzilishlar boshqa sohalar, kichik bizneslarga ham ta’sir qilmoqda.

Isroil harbiy harakatlarini “XAMAS” yo’q etilmaguncha olib borishga ahd qilgan. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bugun buni yana bir bor ta’kidladi:

“Garovdagilarni ozod qilishga qaratilgan har xil kelishuvlar haqida eshityapman. Shunga aniqlik kiritigan holda aytmoqchimanki, hozirgi urush barcha maqsadlariga erishmaguncha to’xtatilmaydi. Ya’ni XAMAS yo’q bo’lmaguncha, garovdagi odamlarimizning hammasi uylariga qaytmaguncha, G’azodan Isroilga tahdidlar batamom to’xtatilmagincha”, - dedi Netanyaxu.

Yaman xusiylari ham Isroil G’azodagi urushga chek qo’ymaguncha kemalarni nishonga olishda davom etishini bildiradi. Tahlilchilar ta’minot zanjiridagi uzilishlar inflyatsiya va yengil turg’unlikka yuz tutayotgan Yevropa iqtisodiyotiga yangi zarba bo’lishini aytadi.