Imperiyasiga darz ketgan Gulnora Karimova dardini "Twitter"ga sochmoqda

Gulnora Karimova o'z mahsulotlarini ko'z-ko'z qilmoqda

O’zbekiston bilan bog’liq asosiy mavzu prezident Islom Karimovning multi-millioner qizi Gulnora Karimova bilan bog’liq jarayonlar bo’lib qolmoqda. Muhokama ijtimoiy tarmoqlardagi tor doiradan ko’chaga oddiy aholi orasiga ko’chgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Gulnora Karimova-O'zbekiston-Malik Mansur


Xonim bosh-qosh bo’lgan “Fond Forum”, o’zini O’zbekistondagi eng yirik nohukumat tizimi deb tanishtirib kelgan tashkilot va u bilan bog’liq boshqa mayda tashabbuslar va loyihalar ishdan to’xtagan. Idoralarga qulf osilgan va Milliy Xavfsizlik Xizmati (MXX) keng ko’lamli tekshiruv boshlagan.

Gulnora Karimova homiyligidagi tele va radio kanallar bir necha kundan beri o’chgan, gazeta-jurnallar ham tergov ostida. Besh kanal, to’rt radio, yetti nashr va ayrim manbalarga ko’ra, 27 vebsayt haqida gap ketmoqda. Ko’pchilik Gulnora bilan bog’liq voqealarni “o’yin” sifatida baholaydi.

“Twitter” orqali o’z dardini aytayotgan Gulnora Karimova esa o’ziga nisbatan bosim oshayotgani, hatto uni o’ldirishga urinishlar bo’lgani haqida yozmoqda.

Toshkentdan jurnalist va huquq faoli Abdurahmon Tashanov:
“Ayniqsa ziyolilar juda keng miqyosda muhokama qilayapti. Ko’pchilik buni o’yin deb baholayapti. Bu fikrga ham qo’shilsa bo’ladi, chunki bu Gulnora Karimovaga dastlabki bosim emas. Agar eslasangiz, “Zeromax” kompanyasi bilan bo’gliq jarayonda ham uning atrofi tozalanib hamma jazolangan, kompaniya mulki davlatga o’tkazilib, faqat Gulnora Karimovaga hech narsa qilmagandi. Hozir ham shunday jarayon, faqat bu safar uning o’zi ham zarar ko’radi degan qarashlar bor”.

Gulnora Karimovaning “Twitter”da yozayotgan gaplari munozarani yanada qizitayapti. Prezident qizi Milliy Xavfsizlik Xizmati rahbari Rustam Inoyatov allaqachon hokimiyat uchun kurashni boshlab yubordi deb iddao qilmoqda.

Gulnoraning so’zlari tahlil qilinsa, mazmuni shundan iboratki, huquq-tartibot organlari prezidentga sodiqlik bilan xizmat qilib kelgan nodavlat tashkilotlarni, xususan “Fond Forum” va mustaqil (aslida Karimova nazoratidagi) teleradiolarni birma-bir yopib, katta tergov ishi boshlab, aslida hokimiyatni o’zgartirishga harakat qilmoqda.
Gulnoraning yozganlariga ishonilsa, uni simob bilan zaharlashga ham urinishgan.

“U otasida "sening o’rningni Inoyatov egallamoqchi” degan taassurot qoldirmoqchi. Albatta bular hammasi o’yin. Men MXX Karimovning ruxsatisiz biror ish qilishiga ishonmayman”, - deydi Tashanov.

Gulnora Karimova boshqargan imperiyaga bolta urilgan. Uning barcha xususiy va xayriya tashkilotlarining moliyaviy tizimlari elakdan o’tkazilmoqda. Prezident qiziga yaqin bo’lgan shaxslar tergov ostida.

Xalqaro maydonda esa Gulnora Karimova bir necha yillardan beri turli moliyaviy jinoyatlarda gumon qilininadi. Shvetsiya va Shveytsariya, shuningdek, Fransiyada tergovchilar korrupsiya va moliyaviy firibgarlik hollarini Karimova bilan bog’lagan. Unga qarashli bank hisoblari va mulklar nazoratga olingan.

“Albatta Gulnora Karimovaning xorijda muzlatilgan hisobidagi mablag’lar O’zbekistondagi faoliyati orqali borgan. Shuning uchun ham ertaga bu masala xalqaro sudda ko’riladigan yoki davlatlar o’rtasidagi so’zlashuvlarga sabab bo’ladigan bo’lsa, O’zbekiston hukumati bunga tayyor turadi. Mana biz ichkaridan surishtiruv o’tkazdik, javobgarlar jazolandi, qonunbuzarliklarning oldi olindi deb ko’rsatishadi”, - deya mulohaza yuritadi bu borada izlangan Abdurahmon Tashanov.

O’zbekistonda hokimiyat Islom Karimovdan kimga o’tadi? Bu masala mavhum ekan, bugungi mojaroga qiziqish kuchli.

Tashanov fikricha, saylovlar yaqinlashayotgan bir paytda Gulnora Karimova va uning imperiyasi siquvga olinishi o’ziga xos bir “islohot” ham bo’lishi mumkin. Islom Karimov bu bilan adolatparvar lider sifatida ko’rinmoqchidir, mana jiddiy reformalar qilinayapti deya ishora qilmoqchi.

O’zbekistonda yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlab kelgan “Fond Forum” rahbari Gulnora Karimova siyosiy ambitsiyarini yashirmagan. Lekin shu kunlarda “Twitter” da yozishicha, u hokimiyatga intilayotgani yo’q.