28-avgust kuni Isroilning G’arbiy Sohildagi harbiy amaliyoti paytida kamida to’qqiz nafar falastinlikning o’lgani aytilmoqda. Voqea Tulkarm va Jeninda hamda Tubas yonida sodir bo’lgan. Salkam 11 oy oldin G’azoda urush boshlanganidan beri Isroil G’arbiy Sohilda minglab odamni hibsga oldi, 660 dan ziyod tinch aholi va qurollangan falastinlik o’ldirildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Shu kuni G’azoning Xon-Yunus shahrida Isroil armiyasi kamida o’n falastinlikni o’ldirgan.
Qo’shma Shtatlar Isroil va XAMASni otashkesim bo’yicha bitimga tezroq kelishishga chaqirmoqda.
Ayrim kuzatuvchilar noyabr saylovida Kamala Harris g’alaba qozonsa, Oq uyning Yaqin Sharq bo’yicha hozirgi siyosati davom etishini taxmin qilmoqda.
Harris vitse-prezidentlikkacha prokurorlik bilan shug’ullangan, tashqi siyosatda tajribasi bo’lmagan. Milliy xavfsizlik masalalarida unga oldin prezidentlar Klinton, Obama va Bayden ma’muriyatlarida ishlagan Filip Gordon maslahatchilik qiladi.
Harris Demokratlar partiyasining qurultoyida Isroilni qo’llab-quvvatlashini, unga harbiy ko’mak ko’rsatishda davom etishini aytgan.
“Vitse-prezident va prezident Isroilga doim harbiy yordam berib kelgan. Nafaqat mavjud shartnoma doirasida, balki Isroil ehtiyojlariga qarab bu yili yordam ko’lami oshirildi”, - deydi Amerika yahudiy demokratik kengashidan Xeyli Soyfer.
Amerikalik arablar va musulmonlar hamda progressiv va yosh demokratlar Oq uydan Isroilga qurol uzatishni bas qilishni talab qilmoqda.
Ba’zi kuzatuvchilar Harrisning falastinliklarga Baydenga qaraganda ko’proq hamdardlik bildirayotganini saylovoldi ritorika bilan izohlamoqda.
“Harrisning hozirgi gaplaridan ko’r narsani tushunish qiyin, chunki uning gaplari saylovda g’alaba qozonishga va Demokratik partiya birligini saqlashga qaratilgan. Demokratlarning bir qismi Isroilga, yana bir qismi Falastinga xayrixoh ekan, Harris bu kabi gaplarni gapirishga majbur va gapirmoqda ham”, - deydi Tel-Avivdagi Bar-Ilan universitetidan Jonatan Raynold.
Bayden ko’pincha o’zini sionist deb atasa, yamaykalik ota va hindistonlik onadan tug’ilgan Harris global janub qarashlarini ham inobatga olishga harakat qiladi.
“U dunyoning qolgan qismi Yaqin Sharqdagi vaziyatga qanday qarashidan boxabar, neokolonializm, neoimperializm haqida biladi va umid qilamanki, prezidentlikka saylansa, mana shu tajribasidan foydalanadi. Chunki bu AQSh tashqi siyosati hal qilishi kerak bo’lgan, o'tgan 30 yillik muammolardan tubdan farq qiluvchi muammolardan iborat haqiqatdir”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Natasha Xoll.