O’zbekiston Islomiy Harakati 15-oktabrda Afg’onistonning Panjsher viloyatida AQShga tegishli harbiy bazaga hujum qilganini tan olib, “mamlakatning bu qismlarida ham bormiz” deya bong urmoqda.
Ular faoliyatini kuzatib kelayotgan mutaxassislar fikricha, O’zbekiston Islomiy Harakatining asosi hamon Pokistonning Janubiy va Shimoliy Vaziriston hududlarida, lekin o’tgan bir yil ichida ular Afg’onistonning nisbatan tinch hisoblangan shimoliy viloyatlarida ancha faollashgan.
Sabab – Amerika butun diqqatini Pokiston bilan chegaradosh tog’li mintaqaga qaratib, jangarilarni siquvga olayotgani. Qochishga ulgurganlar endi Panjsher singari ancha barqaror mintaqalarda, deydi amerikalik tahlilchilar.
Bill Rojjio (Bill Roggio), harbiy jurnalist. “The Long War Journal”, terrorizmga qarshi urushni yorituvchi xalqaro jurnal bosh muharriri. Amerika razvedka ma’lumotlarini tahlil qilib keladi. Qolaversa, Pokiston mahalliy matbuotini kuzatadi.
Shuningdek, deydi u, jangarilarning propaganda vositalaridan ham ko’p narsani aniqlasa bo’ladi. Ular albatta o’zlarini qudratli kuch sifatida ko’rsatishga urinadi, ammo chiqarayotgan bayonot, video va audiolarni izchil o’rgansangiz, ko’p narsa ayon bo’ladi, deydi Bill Rojjio.
Jangarilar ingliz, turk, arab, rus va o’zbek tillarida targ’ibot olib boradi. O’zbekiston Islomiy Harakati veb saytida Panjsherdagi hujum tafsilotlari berilar ekan, besh mujohiddin qahramon sifatida tasvirlanadi.
Bazaga portlovchi modda ortilgan mashinani haydab kirgan shaxs Abdusalom ota deya ulug’lanib, uning yoshi 54 da bo’lgani va aslida Navoiy viloyatidan ekani da’vo qilinadi.
Bu saytlarni kim yuritadi degan savolga Bill Rojjio jangarilarning chet eldagi tarafdorlari va izdoshlari, deya javob beradi.
“Pokistonning g’orlarida yurib, shunday video va suratlar olishayaptimi deb hayron bo’lishingiz tabiiy”, - deydi u.
“Lekin bu to’dalar Germaniya va Turkiyada, masalan, o’z kompyuterchilariga ega. Internetdagi propaganda ularning ishi”, - deydi mutaxassis.
“Bugun Afg’oniston shimoli haqiqatan ham ancha notinch”, - deydi Bill Rojjio.
“Chunki Amerika boshchiligidagi xalqaro qo’shin ko’proq janubda harakat qilmoqda. Shimoldagi qo’shnilar, xususan, O’zbekiston va Tojikiston, chegara hududlarida jangarilar ko’paygani haqida biladi va xavotiri tabiiy”, - deydi harbiy jurnalist.
Saflari ancha toraygan jangarilar bu mamlakat yoshlarini o’ziga jalb etishdan to’xtamagan.
O’zbekiston Islomiy Harakati, umuman olganda, bugun mintaqa va G’arbga qanchalik tahdid soladi? “Terrorchilar qanchalik xavf tug’dirsa, shuncha”, - deydi Bill Rojjio.
“Bu harakat a’zolari bugun global terror tizimlarining bir qismi”.
Ular boshqa terrorchilar bilan qorishib ketgan. O’zbek yoki tojik jangarilar bir joyda, birgalikda harakat qilmaydi.
“Pokistonda Tolibon va al-Qoida yetakchilarini qo’riqlayotganlar orasida o’zbeklar ko’p ekani ma’lum. Al-Qoida liderlari ularning harbiy zehni va bilimidan foydalanib keladi. Ularga sodiq jangchilar sifatida qarab kelishgan. Son jihatdan qancha ekanini bilmaymiz, ammo terrorchilar orasida Markaziy Osiyodan chiqqan o’zbeklar va tojiklar ko’p”,- deydi Bill Rojjio.
O’zbekiston Islomiy Harakati haqida gap ketganda, yuqoridagi singari izohlarni ko’p eshitamiz.
Pokistonda Tolibon va chet ellik jangarilar faoliyatini yoritgan mahalliy jurnalistlarning aytishicha, o’zbek jangarilar “kallakesarlar” deya tanilgan. Eng qonli xurujlar ortida ular turib kelgan. Tillarni yaxshi bilishadi, strategik fikrlashadi.
Lekin, deydi mutaxassislar, jangarilarning avlodi yangilanmoqda. Afg’onistonda sovet askari sifatida xizmat qilib, 1990-yillar boshida Juma Namangoniy va Tohir Yo’ldoshga ergashib, islomiy harakatga kirgan o’zbekistonlik, qirg’izistonlik va tojikistonliklarning aksariyati oxirgi 10 yilda o’ldirilgan yoki bedarak ketgan.
Ularning o’rnini esa mustaqillikdan keyin esini tanigan yoshlar egallagan. Afg’oniston va Pokistonda tug’ilib, umrida otasining vatanida bormagan jangarilar bor.
AQSh nazarida hozir eng yirik xavf bu pushtun qabilasiddan chiqqan Jaloliddin Haqqoniy boshchilidagi tizimdir.
Xalqaro koalitsiya asosan bu tod’a bilan olishmoqda, uni nishonga olmoqda.
Davlat kotibasi Xillari Klinton mintaqaga safar qilar ekan, xavfsizlik eng nozik masala. Tashrif haqida oldindan axborot berilmadi.
AQSh bosh diplomati juma-shanba kunlari Tojikiston va O’zbekistonda kutilmoqda.
Afg’onistondagi vaziyat va bu boradagi hamkorlik Dushanbe va Toshkentda kechadigan uchrashuv va muzokaralarda asosiy mavzu bo’ladi.