Obama Hindistonga safar qiladi, harbiy hamkorlik bosh mavzu

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidenti Barak Obama 25-yanvar kuni Hindistonga safar qiladi. Xavfsizlik va harbiy hamkorlik uchrashuvlarda bosh mavzu bo’lishi kutilyapti.

Your browser doesn’t support HTML5

Obama Hindistonga safar qiladi, harbiy hamkorlik bosh mavzu/Shohruh Hamro

Hindiston 26-yanvar kuni Respublika kuni, ya’ni konstitutsiya bayramini nishonlar ekan, prezident Obama oliy mehmon sifatida taklif etilgan. Shu kuni Dehlida katta harbiy parad bo’lib o’tadi, mamlakat harbiy qudratini namoyish etadi.

Obamaning safari chog’ida mudofaa bobidagi muddati tugayotgan hamkorlik kelishuvi yangilanishi kutilmoqda.

Tahlilchi C. Rajamohanning aytishicha, Bosh vazir Narendra Modi Vashington bilan strategik sherik bo’lishni istaydi.

“Ikki davlat harbiy sohada hamkorlikni oshirishga, texnologiya almashishga, regionda qo’shma loyihalarni amalga oshirishga hozir. Dehlidagi yangi hukumat AQSh bilan ishlashga tayyor, Amerika esa Hindistondagi imkoniyatlarni ko’rib turibdi”, - deydi Rajamohan.

Hindiston qurolli kuchlarini modernizatsiya qilish uchun milliardlab dollar sarflar ekan, 2013-yilda AQSh bu davlatning asosiy qurol ta’minotchisiga aylandi. Ungacha bu rolni Rossiya bajarib kelayotgan edi. Hindiston, shuningdek, Amerika bilan eng ko’p harbiy mashqlar o’tkazadigan mamlakat.

Mudofaa masalalarini yorituvchi jurnalist Raul Bedi so’zlariga ko’ra, AQSh kompaniyalari Hindistonda harbiy anjomlar ishlab chiqarishni ham mo’ljallamoqda. Masalan, dronlar va razvedka sohasida qo’llanadigan kuzatuv vositalari. Ammo avvalo byurokratik masalalar hal qilinishi lozim, deydi u.

Hindistonning maqsadi AQSh texnologiyasi asosida o’z harbiy sanoatini oyoqqa turg’izish bo’lsa-da, bu texnologiyalarni o’zlashtirish uchun zarur bitimlarni imzolashga uncha mayli yo’q. Orada ishonch shakllanishi uchun vaqt kerak, ikki davlatni yaqinroq hamkorlikka undayotgan omil bu xavfsizlik, deydi ekspertlar.

Professor Chintamani Mahapatra kun tartibidagi ayrim masalalarni sanab o’tadi. Xitoy siyosati, Afg’onistondagi vaziyat hamda “Islomiy davlat” terror guruhining oyoqqa turishi.

“Hindiston va Xitoy iqtisod, tariflar, mualliflik huquqi, qolaversa, tashqi siyosiy masalalarda ko’p tortishadi. Biroq mudofaa va xavfsizlikka kelganda fikrlar bir joydan chiqadi. Osiyoda barqarorlik, muvozanat bo’lishidan har ikki tomon manfaatdor”, - deydi professor.

Munosabatlarni hamma ham ijobiy baholamaydi. Atigi bir yil oldin hindistonlik bir diplomat Nyu-Yorkda hibsga olinishi ketidan oraga sovuqlik tushgan edi.

Tadqiqotchi Bharat Karnad Barak Obamaning tashrifidan ko’p narsa kutmayapti. Vashington harbiy sohada taklif qilayotgan hamkorlik ko’lami Hindiston uchun yetarli emas, deb hisoblaydi u.

“Nazarimda, aniq ishlardan ko’ra ko’proq iltifotli gaplar, ishchi guruhlari va qo’mitalar tuzish bilan o’tadi Obamaning safari”, - deydi u.

Hindistonga 2010-yilda safar qilganida Barak Obama qonunchilar oldida so’zlab, ikki davlat orasidagi hamkorlikni ko’klarga ko’targan edi. Lekin o’tgan besh yilda mavjud imkoniyatlardan to’la foydalanildi deyish qiyin. Obamaning bu safargi tashrifi aloqalarni jonlantiradi degan umid bor.