Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu XAMASga qarshi amaliyotning uchinchi bosqichi haqida ma’lum qildi. Yahudiy askarlar G’azo shahriga ikki tomondan hujum qildi, Isroil XAMASning ko’zga ko’ringan to’rt nafar a’zosi yo’q qilinganini bildirdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Islomiy harakat Isroil askarlariga qarshilik ko’rsatayotgani tasvirlangan videoni chop etgan. To’qnashuv sektorning Bayt-Hanun shahrida qayd etilgan.
Netanyaxu ayrim davlatlar va BMT Bosh Assambleyasining sulhga chaqiruvchi da’vatlari va rezolyutsiyasini rad etarkan, XAMASning garovga olingan odamlarni Isroil qamoqxonalaridagi falastinlik mahbuslarga almashish taklifini qabul qilmadi.
Isroil XAMAS qo’lida kamida 239 ta odam borligini taxmin qiladi.
"G’azodagi amaliyot garovdagilarni ozod etishga imkon yaratadi, chunki XAMAS bosim ostida bo’lsagina bunga rozi bo’ladi”, - dedi Netanyaxu.
Isroil armiyasi janubda Livan bilan chegarada ham harakatlanmoqda.
Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Xalqaro Amnistiya” tashkilotiga ko’ra, Isroil oktabrning birinchi yarmida Livanga xalqaro gumanitar qonunchilikda taqiqlangan oq fosfor solingan snaryadlar otgan. Tashkilot 16-oktabr kuni Dayra shahrida to’qqiz odamni yaralagan hujumni harbiy jinoyat sifatida tergov qilishga chaqirmoqda.
Isroil armiyasi bosh shtabining boshlig’ Gersi Xalevi front chizig’ida askarlar bilan uchrashdi.
“Hozir urush bo’lyapti. Buni birinchi kundan tushungansiz. Jarayon uzoq davom etadi. Hozirgi pallada dushmanni G’azo Sektorining ichida qattiq uryapmiz”, - dedi u.
Xalqaro tashkilotlar Isroil hukumatini tinch aholini o’qqa tutmaslikka, gumanitar tashkilotlarga hududga kirishga imkon berishga chaqirmoqda.
“Bolalar, ayollar va erkaklarga atalgan gumanitar yordamga to’siq qo’yilmasligi kerak. Ular begunoh. Xalqaro gumanitar qonun belgilagan huquqlari bor. Ushbu huquqlar xalqaro odat huquqlarida ham, Jeneva konvensiyasida ham bitilgan”, - deydi Xalqaro jinoiy sud bosh prokurori Karim Xon.
Isroil milliondan oshiq g’azolikka G’azo shahrini tark etishni buyurgan, Misrdan yuz minglab falastinlik qochqinlarni qabul qilishni so’ramoqda. Qohira bunga qarshi.
XAMAS tomonidan garovga olingan odamlarning oila a’zolari Isroilning sektor ichidagi harbiy harakatlari yaqinlari hayotini xavf ostiga qo’yishini aytmoqda.
Isroil Mudofaa vaziri Yoav Gallant ular bilan ko’rishib, garovdagilarni XAMASga bosim qo’yish orqali ozod etish mumkinligini aytdi.
Biroq uning bu gaplari ba’zi vatandoshlarini ishontirmagan ko’rinadi.
“Askarlar xirurg emas. Ular muayyan bir odamni asrab qololmaydi. Urush tartibsiz kechadi. XAMAS bosim qo’yish uchun odamlarni garovga olgan. Bosimi o’tmasa, garovdagilardan ularga foyda bo’lmaydi. Nazarimda onamning hayoti hozir kattaroq xavf ostida”, - deydi garovda saqlanayotgan kanadalik-isroillik ayolning o’g’li.
Isroilning G’azoga havo hujumlari davom etarkan, bugun G’azo shahrida bir oilaning sakkiz nafar a’zosi vayronalar ostida qolib ketdi. Qutqaruvchilar ularni tuproq ostidan chiqarishga muvaffaq bo’ldi, biroq hammasi ham tirik emas.
Sektorning Zavayda qishlog’ida esa to’yxona nishonga olinib, Isroil hujumlaridan jon saqlash uchun binoda yashirinib o’tirgan odamlarning 36 nafari o’lgan.
"O’g’lim, otam, ukam - hammasi qurbon bo’ldi. Alloh bizga bergan ne’matni qaytarib oldi”, - deydi bir oilaning omon qolgan a’zosi.
Bugun Jabaliya qochqinlar lageriga hujumda kamida 100 odam o’lgan.7-oktabrdan beri G’azoda 8500 dan ortiq odam o’ldirilgan, 3500 dan ziyodi bolalar.
Shahardagi Indoneziya kasalxonasining shifokorlari jarrohlik xonalari muntazam ravishda band bo’lgani uchun ko’p bemorlarni koridorlarda operatsiya qilishga majbur bo’lyapti.
BMTning Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti G’azoda sog’liqni saqlash tizimi izdan chiqganiga ishora qiladi.
“Odamlar nafaqat bomba va snaryadlardan o’lyapti. Muddatidan erta tug’ilgan 130 ta chaqaloq uchun inkubatorlarning ishlashiga elektr quvvati kerak. 50 mingta homilador ayoldan har kuni o’rtacha 180 nafarining ko’zi yorishmoqda. Qand kasalligi, saraton, yurak kasalligi bilan og’riydigan 350 ming odam bor. Buyragi xasta minglab bemor gemodializga muhtoj. Bu insonlar elektr quvvatisiz, dorilarsiz nobud bo’lishi mumkin”, - deydi tashkilot so’zlovchisi Kristian Lindmeyer.
G’azoda nobud bo’lgan 3500 dan ortiq boladan tashqari 940 nafari bedarak ketgan, aksariyatining vayronalar ostida ekani aytilmoqda.
Yaman mojaroga aralashmoqdami?
Yamanning bir qismini boshqarayotgan xusiylar bugun Isroilga urush e’lon qildi. Armiya so’zlovchisi Yahyo Sareya Yamandan Isroil tomon ko’plab dronlar va ballistik raketalar uchirilganini bildirdi. Unga ko’ra, Isroil bosqini to’xtamaguncha hujumlar davom etaveradi.
Isroil armiyasi Qizil dengiz bo’yidagi Eylat shahri uzra xavf bartaraf etilganini bildirdi. Ayrim xabarlarga ko’ra, Isroil Yamanga zarba berish ustida o’ylanmoqda.
Amerika musulmonlari Oq uydan Isroilni sulhga ko’ndirishni talab qilmoqda
Aytish joiz, Yaman Isroildan 2000 kilometr uzoqlikda bo’lib, raketalar Qizil dengiz yoki qo’shni Saudiya Arabistoni ustidan uchib o’tishi kerak bo’ladi.
Qo’shma Shtatlar Isroil uchun 14 milliard dollarlik yordam paketini ajratishga hozirlanarkan, Amerikadagi musulmon tashkilotlar va Demokratik partiyaning musulmon faollari Bayden ma’muriyati Isroilni sulhga majburlamasa, Amerikadagi musulmon saylovchilarni Baydenning 2024-yildagi saylov kampaniyasiga na pul, na ovoz berishga da’vat etishini bildirmoqda.
Milliy musulmon demokratik kengashi deb nomlanuvchi tashkilot bu haqda e’lon qilingan ochiq xatida ma’lum qildi.
Unga ko’ra, Bayden ma’muriyatining Isroilga shartsiz moliyaviy va harbiy yordami mojaroning kuchayishiga hissa qo’shib, tinch aholi orasida katta talafotlarga sabab bo’ldi, bu esa saylovchilarning Baydenga bo’lgan ishonchiga putur yetkazdi.