Isroil Eronning 1-oktabrdagi raketa hujumidan ikki hafta o’tgach ham javob hujumini amalga oshirgani yo’q. Isroil uning zarbasi halokatli, aniq va kutilmagan bo’lishi haqida ogohlantirgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Tahlilchilar yadro quroliga ega, ammo bu haqda tan olmaydigan Isroil va yadro qurolini qo’lga kiritishga intilayotgan Eron o’rtasida ixtilof yadroviy to’qnashuvga olib kelishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.
“Mazkur ochiq mojaro Isroilning xavfsizlikka eng katta muammosini yuzaga chiqarmoqda, ya’ni Eronning doimiy dushmanona munosabati va Isroil chegarasida harakatlanayotgan “qarshilik o’qi” kuchlariga Tehronning xayrixohligi”, - deydi Londondagi “Chatxem uyi” eksperti Sanam Vakil.
“Qarshilik o’qi” Isroilni yo’q qilishga chaqirib keluvchi Livanning “Hizbulloh” va G’azoning XAMAS harakatlarini, Falastinning “Islomiy jihod”, Yaman xusiylarini hamda Iroq va Suriyadagi shia guruhlarini o’z ichiga oladi.
Ayrim tahlilchilar Eron yadro qurolini qo’lga kiritsa ham Isroilga qarshi qo’llamasligini taxmin qiladi.
“Atom qurolini ishga solishdan na Isroilga, na Eronga foyda bor. Chunki uning oqibatlari halokatlidir. Har ikki mamlakat yadro qurolining qo’llanishi katta javob hujumiga yetaklashini, hujum qilgan mamlakatning yo’q bo’lib ketishiga olib kelishini tushunadi”, - deydi Qurol nazorati va yadro qurolini tarqatmaslik markazidan Samuel Xiki.
Ayrim siyosatchilar va tahlilchilarning taxminlariga qaramay, Isroil Eron yadro inshootlarini nishonga olmasligini bildirgan. AQSh Eron harbiy obyektlariga zarba berish bilan cheklanishni Isroilga tavsiya qilgan.
Xiki Eron yadro inshootlariga hujumlar Tehronni atom bombasini yaratish rejasidan qaytarmasligini aytadi.
“Gap shundaki, Eron yadro quroli ustida ishni boshqa joylarga, masalan, yer ostiga ko’chirishi mumkin”, - deydi u.
Eronning Isfahon shahridagi yadro inshootiga hujumlar aholining radioaktiv moddalar bilan nurlanishiga sabab bo’lishi mumkin.
Tehron atom bombasi ustida ish olib bormayotganini ilgari aytib kelgan bo’lsa, hujumdan so’ng atom qurolini yaratishga majbur bo’ladi, deydi Sanam Vakil.
“Isroilning harakatlari va Eronni o’z yadro dasturini cheklashga undash uchun diplomatik harakatlarining yo’qligi vaqt o’tishi bilan Eronni dasturni qurol ishlab chiqarishga yo’naltirishga majburlashi mumkin va buning mintaqa uchun oqibatlari falokatli bo’ladi”, - deydi mutaxassis.
Eron yadro qurolini qancha vaqtda yaratishi ko’plab taxminlarga sabab bo’lmoqda.
Xiki Eron yadro quroli uchun yoqilg'i ishlab chiqarishiga kerak bo'ladigan vaqt taxminan bir hafta ekanini aytarkan, bombani tayyorlashga oylab vaqt sarflanishini va bu ish yashirin joyda, yashirin tarzda olib borilishini taxmin qiladi.