AQShda jurnalistlarga huquqiy himoya kengayadi

  • Amerika Ovozi

Vashington, 16-may, 2022

Kongressda ikki qonun loyihasi muhokamada ekan, Amerika bo'ylab jurnalistlar ularning erkinliklari kengayadi, degan umidda.

Biri hukumatning ommaviy axborot vositalari va ularning xodimlaridan manbalar haqida informatsiya talab qilishini cheklaydi. Ikkinchisi esa jurnalistlarni va ularning tashkilotlarini sudga berishni qiyinlashtiradi.

Birinchisini Vakillar palatasida muhokamaga olib chiqqan demokrat qonunchi Jeymi Raskin deydiki, 19-sentabrda ma'qullangan bu loyiha matbuot erkinligi demokratiyaning asosiy sharti ekanidan dalolat.

Endilikda Senatga uzatilgan bu taklif jurnalistlarga manbalarni himoya qilishni osonlashtirib, o'z arxivini saqlashda yordam beradi.

AQShda oxirgi yillarda matbuot xodimlariga yuridik talablar qo'yish kuchaygan, xususan sud tomonidan ularning manbalari va ular bilan bog'liq hujjatlar so'ralishi. 2017-yilda, masalan, 155 mana shunday holat qayd etilgan.

O'ngdan, Kongressmen Jey Raskin fikricha, matbuot erkinligi - demokratiya ustuni

2021-yilda AQSh Adliya vazirligi federal prokurorlarga jurnalistdan axborotni majburan olishni man etdi. Hozirda hukumat bevosita yoki bilvosita ularning telefon, elektron pochtasi va arxivlariga kirish vakolatiga ega emas.

Tramp ma'muriyati paytida Adliya vazirligi qator jurnalistlardan shu tariqa ma'lumot to'plaganini tan olgan. Bu e'tirof ketidan yuqoridagi yangi tartib joriy etilgan.

Matbuot erkinligi uchun muxbirlar qo'mitasi degan nohukumat tashkilotdan Liza Zicherman "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, jurnalistlarni sudlash hech qachon oson bo'lmasligi kerak, toki tanqid uchun hech kim ularni nishonga ololmasin.

Federal qonunlar ularni hukumatning turli talab va iltimoslaridan ham ozod etsin, deya undaydi mutaxassis. Axborot yig'ib, uni tahlil qilib, xalqqa uzatadigan odamga bosim o'tkazilmasligi shart.

"Adliya vazirligi o'tgan yildan boshlab prokurorlarga jurnalistlarga talab qo'ymaslikni buyurishi - ma'muriy buyruq. Endi esa bu federal qonunga aylanishi kerak", - deydi Zicherman.

AQSh Adliya vazirligi, Vashington

Qisqacha PRESS deb atalayotgan hujjat, tarafdorlarga ko'ra, axborot vositalarining azaldan xohlab kelgan himoyasidir.

32 shtatda va poytaxt Vashingtonda jurnalistlarga kollektiv ravishda sudga berishni qiyinlashtiruvchi qonunlar bor.

"Bu borada ham federal qonunga ega bo'lsak, konstitutsion huquqlar mustahkamlanadi, nafaqat matbuot erkinligi, balki hammaning so'z erkinligi".

Anti-SLAPP deb atalgan bu hujjat tanqidiy fikr yoki tahlilga qarshi yuridik chora ko'rishni cheklashni ko'zda tutadi.

Zechermen ta'kidlashicha, oxirgi yillarda siyosatchilar va boshqalar jurnalistlarni haqorat va uydirmada ayblab, sudga arz qilish hollari ko'paygan.

Matbuot erkinligi uchun muxbirlar qo'mitasi tahlilicha, anti-SLAPP tarafdorlarining maqsadi - jurnalistlar ustidan arz qilgan tomonlarga sudlashishni qimmatlashtirish, ya'ni ular qarshi tomonning yuridik himoyasi uchun ham to'lashi kerak bo'ladi.

Hozirda aksariyat hollarda, deydi Zichermen, axborot vositalari va ularning xodimlarini qimmat sud ishlari orqali jazolashga urinishadi. Yangi qonun arz qilayotgan tomon uchun shartlarni keskinlashtirishi kerak.