Neft narxining pasayishi Qozog’iston, Turkmanistonga zarba bo’ldi

  • Amerika Ovozi

Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkilotining (OPEK) 6-martdagi yig’ilishida Saudiya Arabistoni va Rossiya o’rtasidagi kelishmovchilik neft narxini qulatdi. Qora oltin bahosi keyingi kunlarda ham pasayishda davom etib, faqatgina mart oxirida biroz barqarorlashdi.

Biroq dunyo bo’ylab koronavirusga qarshi karantin hamda iqtisodiy faoliyat to’xtab qolishi natijasida neftga talab keskin pasaygan. Ta’minot ehtiyojdan oshib, mahsulotni saqlaydigan omborxonalar to’lgan.

Sohaning ayrim ekspertlari neft bozoridagi seroblik va tarixiy past narx-navo oylab davom etishini bashorat qilmoqda. Qozog’iston va Turkmaniston uchun bu shum xabar. Vaziyat neftning o’rtacha bahosi 20 dollarga tushgan 1998-yilni yodga soladi.

Inqirozlarning so’nggisi

Neft bahosining qulashi Turkmaniston so’nggi besh yildan beri boshdan kechirayotgan iqtisodiy inqirozlarning eng so’nggisidir. Mamlakat daromadining 70-80 foizi gaz eksportidan tushadi (hukumat aniq raqamlarni bermaydi). Afsuski, gaz narxi neft narxiga bog’liq.

1998-yilda turkman gazining narxi bo’yicha Rossiya bilan keskin muzokaralar kechgan. U paytda Turkmaniston gazi Ukraina, Gruziya va Armanistonga Rossiya quvurlarni orqali eksport qilinar edi. Prezident Saparmurot Niyozov 1000 kubometrga 40 dollar so’ragan, Rossiya esa 32 dollar taklif qilgan edi.

2016-yilda esa gaz narxi bo’yicha tortishuv oqibatida Rossiya Turkmanistondan importni butunlay to’xtatdi. Nihoyat 2019-yilda Gazprom 5,5 milliard kubometr gazni “juda past narxda, har 1000 kubometr uchun ko’pi bilan 110 dollarga” xarid qilishga kelishgan.

Xitoy Turkmanistondan Rossiyadan ko’ra ko’proq gaz oladi va 2016-yildan beri 1000 kubometriga 185 dollardan to’lab kelmoqda. 2017-yilda Pekin Ashgabat bilan arzonroq kelishuv imzolashga harakat qilgani haqida ma’lumotlar bor.

Ta'sir kuchi yo’q

Rossiya yoki Xitoy bilan narx bo’yicha muzokaralarda Turkmanistonda biror jiddiy ta'sir kuchi mavjud emas va yaqin orada har ikkisi arzonroq narx so’rab Ashgabatga murojaat qilishi deyarli aniq. Bu ikki davlatdan boshqa mijoz yo’q.

Rossiya aslida turkman gaziga muhtoj ham emas. Xitoy esa quvurlar orqali importni kamaytirib, suyultirilgan tabiiy gazga e’tiborni oshirishini bildirmoqda.

Agar 110 dollar “juda past narx” hisoblansa, u holda 32-40 dollarni tekin desa ham bo’ladi. Joriy yilning qolgan qismida turkman gazi shu narx atrofida bo’lishini taxmin qilish mumkin.

Turkmaniston gazi savdosidan tushgan daromadning muayyan qismi mamlakatda konlar qazish va quvurlar yotqizish uchun Xitoy bergan qarzlarni to’lashga ketmoqda.

“Eurasianet” nashri Rossiyaning neft eksporti haqida shunday yozadi: “Neft narxi pasayishi bilan rubl dollarga nisbatan zaiflashdi, bu esa eksportni oshirishga yordam berdi va Rossiya neft kompaniyalarining xalqaro raqobatchilarga nisbatan xarajatlarini pasaytirdi”.

“Qozog’istonda ham o’xshash korrektirovka ro’y berdi” deyiladi maqolada. Ozarbayjonda esa hukumat valyuta kursi o’zgarishiga yo’l qo’ymaslikka qat’iy qaror qilganga o’xshaydi va “o’z valyutasini himoya qilish uchun milliardlab dollar sarflamoqda”.

Turkmaniston ham o’xshash vaziyatda. Hukumat manatning dollarga nisbatan kursini 2015-yildan buyon tushirmagan.

Og’ir damlar

Turkmaniston mamlakatda koronavirus qayd etilmaganini da’vo qiladi, biroq viloyatlar o’rtasida qatnov cheklangan. Shaharlarda esa aholi pandemiyadan oldingidek erkin harakatlanish imkoniga ega.

26-aprel holatiga ko’ra, Qozog’istonda virusni yuqtirganlar 2700 ga yaqinlashmoqda, undan o’lganlar 25 nafar. Katta shaharlarda karantin joriy etilgan, iqtisodiyotga jiddiy zarba bermoqda. Hukumat nochor qatlamga 42 500 tenge (taxminan 95 dollar) miqdorida yordam ko’rsatyapti.

Qozog’iston Milliy banki rahbari muovini Aliya Moldabekovaning aytishicha, mamlakat zaxirasidagi 57,5 milliard dollar mablag’ inqiroz oqibatlarini yumshatishga yordam beradi. Biroq tenge qadrsizlanishi ijtimoiy keskinlikka sabab bo’lishi mumkin.

Agar neft bu yili barreliga 20-30 dollar atrofida qoladigan bo’lsa, karantin yakunlanib yirik sanoatlar qayta ishga tushganidan keyin ham mamlakat jiddiy iqtisodiy qiyinchliklar bilan yuzlashadi.

“Biz neft narxini barreliga 50-55 dollardan hisoblaganmiz. Agar 40 dollar va undan pastga tushsa, hukumat xarajatlarni optimallashtirish rejasiga ega va buning ustida ishlayapmiz”, - degan edi Qozog’iston Energetika vaziri Nurlan Nogayev 7-mart kungi bayonotida.

Qozog’istonning ekport uchun boshqa mahsulotlari ham bor. Ziyonni qoplash uchun g’alla hosiliga e’tibor oshsa ajabmas. Ammo 2020-yil Qozog’iston uchun qiyin, Turkmaniston uchun undan-da og’ir kechadi.