AQSh diplomati bilan Ukraina, Rossiya, “Shimoliy oqim-2” haqida suhbat

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo’yicha muovini yordamchisi Jorj Kent

AQSh Davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo’yicha muovini yordamchisi Jorj Kent “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Ukraina, Rossiya va “Shimoliy oqim-2” (Nord Stream 2) gaz quvurini muhokama qildi.

Amerika Ovozi: Prezident Jo Bayden ish boshlaganidan buyon AQSh Ukraina bilan strategik sheriklikka sodiq ekanini namoyish etmoqda. Ammo prioritetlarni ham aniq belgilagan, jumladan islohotlar ijrosi va korrupsiyaga qarshi kurash. Prezident Vladimir Zelenskiy bu boradagi va’dalarini bajarayaptimi?

Buni ham ko'ring Blinken: AQSh, NATO aloqani mustahkamlab, ishonchni tiklaydi

Jorj Kent: Prezident Zelenskiy va’dalarini va xalq prioritet deb bilgan vazifalarni bajarishi muhim, chunki uni shu xalq saylagan. 2019-yilgi prezidentlik va Rada saylovlarini yodga olsak, Zelenskiyni reforma va o’zgarishlar mandati bilan saylashgan edi. AQSh nimani xohlashi aniq, Davlat kotibi Entoni Blinken ikki oy oldin Kongressda bu haqda so’zlagan edi. Biz Ukrainani qo’llab-quvvatlashga, xorijiy tajovuzlardan, birinchi navbatda uni Rossiyadan va ichki xavfdan himoya qilishga tayyormiz.

Bayden ma’muriyatining korrupsiyaga qarshi kurashga urg’u berishini, demokratik tuzumlarni qo’llashini ham tilga oldingiz. Fikrimizcha, 21 asr muammolarini yengishni aynan demokratiyalar uddalay oladi. Ukraina va AQSh xalqi bu borada hamfikr.

Vazifalar va ikki mamlakat xalqi nimani xohlashi ayon. Islohotlar davom etishi zarur, ayniqsa adliya sohasida. Konstitutsiyaviy sud o’zgarishlarni orqaga burishi natijasida yuzaga kelgan konstitutsiyaviy inqirozdan Ukraina rasmiylari qanday chiqib oladi – bu ukrainaliklar uchun jiddiy muammo. AQSh sherik sifatida yordam berishga shay. Ammo ochiq aytishimiz kerak, korrupsiyaga qarshi kurashish byurosi yoki markaziy bank singari tashkilotlarning mustaqil faoliyatiga to’sqinlik qiluvchi qonunlar Ukrainaga zarar yetkazadi. Xalqaro valyuta fondi va AQSh kabi xalqaro hamkorlarining unga yordam berishda davom etishiga xalaqit beradi.

Buni ham ko'ring Bayden Putinni "qotil" deb atadi

Amerika Ovozi: Prezident Bayden ishga kirishganidan beri ko’plab xorijiy rahbarlar bilan gaplashib oldi, lekin Prezident Zelenskiy bilan emas. Rahbarlar o’rtasida aloqa bo’lishi qanchalik muhim va orada qandaydir ishonchsizlik bormi?

Jorj Kent: Har qanday munosabatlarda ishonch muhim. Mamlakat ichida ham, mamlakatlar orasida ham. Menimcha, Prezident Bayden vitse-prezident bo’lgan davrda ukrainalik hamkasblari bilan ishonchli aloqa o’rnatishga erishgan. Ishonch ikki tomonga ham taalluqli. Yaqin orada rahbarlar muloqot qiladi deb o’ylayman. Biroq qo’ng’iroq ramziy ma’no kasb etsa-da, suhbat ortidan harakat bo’lishi, AQSh-Ukraina kun tartibidagi masalalar yechimini topishi muhim. Ukraina, uning hukumati va rahbari muvaffaqiyat qozonishini istaymiz. Bu muvaffaqiyat to’g’ri harakatlar va islohotlar qilinsa keladi.

Amerika Ovozi: Ikki prezident orasidagi telefon suhbatga qiziqish baland, chunki [sobiq prezident] Donald Tramp va Zelenskiy o’rtasidagi suhbat qanday o’tgani yodimizda. O’sha suhbatning ta’siri bormi bugungi qarorlarga?

Jorj Kent: Bayden ma’muriyati AQSh manfaatlariga mos bo’lgan qarorlar qiladi. Shuning uchun bu ikki mavzu orasida bog’liqlik yo’q.

Amerika Ovozi: “Shimoliy oqim-2” quvuri AQSh va Yevropa o’rtasida jiddiy masalaga aylangan. Davlat kotibi Blinken AQSh uning qurilishiga qarshi ekanini bayon qilgan. Agar Germaniya va boshqalar quvur qurilishini yakunlashga qaror qilsalar, AQSh nima qila oladi?

AQSh hukumati “Shimoliy oqim-2” ga yaxshi kelishuv deb qaramaydi. Na Yevropa uchun, na ittifoqchilarimiz uchun.

Kent: Blinken kecha Bryusselda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan yonma-yon turib, pozitsiyamizni yana bir bor takrorladi. AQSh hukumati “Shimoliy oqim-2” ga yaxshi kelishuv deb qaramaydi. Na Yevropa uchun, na ittifoqchilarimiz uchun. Nazarimizda, bu Yevropa energetika xavfsizligiga zid. Qonunchiligimiz bo’yicha bizda zarur bo’lganda chora ko’rish majburiyati bor. Bayden ma’muriyatining maqsadi shu.

Amerika Ovozi: Xo’sh, Qo’shma Shtatlar nima qilishga tayyor?

Jorj Kent: Qonunlarimiz quvurni tayyorlash va rejalash jarayonida bevosita qatnashayotgan kompaniyalarni sanksiyalashni taqozo etadi. Hozirda ma’lumot to’plab, keyingi qadamlar haqida o’ylayapmiz.

Amerika Ovozi: AQSh-Rossiya aloqalari ham dolzarb mavzu, ayniqsa Rossiyaning AQSh saylovlariga aralashuvi to’g’risidagi hisobotdan keyin. Maxsus sanksiyalar yoki jiddiy bir javob qaytarish haqida ma’lumotlar bor. Nimani kutsak bo’ladi?

Jorj Kent: Javob choralari qanday bo’lishini hali e’lon qilmadik, lekin Prezident Bayden o’tgan hafta ta’kidlaganidek, Rossiyaning xatti-harakatlari javob berishni talab qiladi. Kuzatishda davom eting.

Amerika Ovozi: Ukrainada qo’rquv shuki, AQShga javoban Rossiya Ukrainadan o’ch olishi, Donbassda eskalatsiyaga qo’l urishi mumkin. Keskinlikni yumshatish uchun AQSh qanday chora ko’radi?

Konstitutsiyaviy sud o’zgarishlarni orqaga burishi natijasida yuzaga kelgan konstitutsiyaviy inqirozdan Ukraina rasmiylari qanday chiqib oladi – bu ukrainaliklar uchun jiddiy muammo.

Jorj Kent: Chuqur xavotirdamiz. Kontakt liniyasi bo’ylab turli xil harakatlar bo’layotgani haqida matbuotda xabar berilyapti. Donbassdagi eski aeroport yaqinida yangi xandaqlar qazilgan. Vashington va Ukrainaning pozitsiyasi shuki, Prezident Vladimir Putin va Rossiya 2015-yilda, olti yil oldin o’z zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarishi kerak. To’liq sulh kuchga kirishi, Rossiya qo’shinlarini olib chiqishi, Ukraina o’z suveren chegarasida nazorat o’rnatishi kerak. Yetti yil o’tib ham Rossiya bularni bajargani yo’q.

Amerika Ovozi: Amerikaning uzoq vaqtdan buyon Ukrainada elchisi yo’q va bu borada ko’plab savollar mavjud. Qo’shma Shtatlar Ukrainada to’liq missiyaga ega emas. Qachon elchi tayinlanadi?

Jorj Kent: Birinchidan, Davlat departamenti u yerdagi vaqtinchalik vakilimizga to’liq ishonadi. Barcha mamlakatlar to’liq akkreditatsiyadan o’tgan elchi bo’lishini kutishadi, buni tushunamiz. Bayden ma’muriyati malakali nomzodni ko’rsatadi. So’ng uni Senat tasdiqlashi kerak.

Amerika Ovozi: Muddat belgilanganmi?

Jorj Kent: Yo’q. Bu prezident va Oq uy vakolatidagi masala. Senatning roli esa o’z roziligini berish. Muhlat belgilanmagan.

Amerika Ovozi: Ukrainaning mintaqa uchun muhimligi nimada? So’nggi uch yilda ushbu hudud uchun mas’ul rasmiy bo’lgansiz. Ukraina va uning regionga ta’siri borasida AQSh qanday fikrda?

Jorj Kent: Ukraina ham ramziy ma’noda, ham mintaqa uchun muhim mamlakat. Sharqiy slavyan dunyosining ustunlaridan biri desak bo’ladi. Sobiq professorim [Zbignev] Bjezinskiy aytganidek, agar Ukraina muvaffaqiyatga erishsa, bu Rossiyaga uzoq muddatda islohot uchun turtki va imkoniyat beradi. Biz Ukrainaning o’ziga qarab baho beramiz va shuning uchun Kongress unga yordam bermoqda. Ukraina – diplomatiyamizning diqqat markazida.

Axborot texnologiyalari bo’ladimi, agrobiznes yoki fuqarolik jamiyati, Ukrainaning buyuk potensialini tushunamiz va uning muvaffaqiyatga erishishi uchun ko’maklashamiz. Ukraina muvaffaqiyatli bo’lsa, sharqdagi boshqa mamlakatlar Rossiya olg’a surayotgan da’volar va bayonotlar yolg’on ekanini tushunib oladi.